Янгиликлар 7683 ko'rishlar
YAIM – uning mohiyati va turlari YAIM oʼzi nima?

YAIM yoki yalpi ichki mahsulot – iqtisodiy tahlilda tez-tez foydaniluvchi indikator boʼlib, oʼzida butun iqtisodiyotning holatini aks ettiradi. Uning oʼsishi iqtisodiy jarayon ishtirokchilari, jumladan ishlab chiqarish,...

14 октябр 2021
7683 ko'rishlar
0 Biriktirilgan fayllar
Videogalereya

YAIM yoki yalpi ichki mahsulot – iqtisodiy tahlilda tez-tez foydaniluvchi indikator boʼlib, oʼzida butun iqtisodiyotning holatini aks ettiradi. Uning oʼsishi iqtisodiy jarayon ishtirokchilari, jumladan ishlab chiqarish, aholi va davlatning daromadlari ortishidan darak berishi mumkin. YAIMning kamayishi esa iqtisodiyotdagi pasayish yoki turgʼunlikni anglatadi. Bu esa uning rivojlanishidagi inqirozli bosqichlar uchun xos. Bu dunyodagi har qanday mamlakat iqtisodiyotidagi rivojlanish darajasi va surʼatining asosiy indikatoridir.

Ushbu koʼrsatkich ishlab chiqarishni kengaytirish uchun kredit olishga qaror qilgan korxona, investorlar va bozorining boshqa ishtirokchilari, umuman biznes uchun maʼlum bir yoʼnalish boʼlib xizmat qiladi.

 

1-qoʼshimcha

YaIM (yalpi ichki mahsulot) mamlakatda maʼlum bir davr (aytaylik, bir chorak yoki yil) mobaynida ishlab chiqarilgan va yakuniy isteʼmolchi xarid qiladigan yakuniy tovarlar va xizmatlarning puldagi qiymatini oʼlchaydi. Ushbu holat mazkur indikatorga yuqori tahliliy baho beradi va butun iqtisodiyotning faoliyat yuritishiga oid yakuniy natijalarni aks ettiradi va unga ishlab chiqarish jarayonida isteʼmol qilingan tovarlar hamda xizmatlar qiymati kiritilmaydi. Bu esa ikki yoqlama statistik hisobga olishdan qochish imkonini beradi. “Ichki” degan tushuncha faqat mamlakat hududida joylashgan korxonalar, tashkilotlar va uy xoʼjaliklarigina hisob-kitoblar bilan qamrab olinishini anglatadi. Ular bozorga yoʼnaltirilgan boʼlishi, davlat xaridlari doirasida mahsulotlarni yetkazib berishi, bozor bilan bogʼliq boʼlmagan faoliyatni amalga oshirishi, masalan, hukumat tomonidan taqdim etilgan mudofaa yoki taʼlim sohalarida xizmat koʼrsatishi mumkin.

 

YAIMning oʼsishi yangi ish oʼrinlarining yaratilishi, soliq tushumlarining ortishi, ijtimoiy sohani rivojlantirishda davlatning imkoniyatlari kengayishidan darak beradi. Bu esa hukumatning maktablar, huquq-tartibot organlari va shifoxonalar kabi jamoat xizmatlari uchun ajratishi mumkin boʼlgan pul mablagʼlari ortishini bildiradi. Аgar YAIM hajmi kamayadigan boʼlsa, demak iqtisodiyot pasayish kuzatilmoqda. Bu esa korxona va tashkilotlar, ishchi-xodimlar uchun yomon yangilik. Mabodo, YAIM hajmi ketma-ket ikki chorak kamaysa, bunday holat “retsessiya” deb ataladi va u oylik maoshlarning toʼlanishi toʼxtab qolishi va ish oʼrinlarining qisqarishini anglatishi mumkin.

 

YAIMni hisoblash usullari

YAIM asosiy makroiqtisodiy koʼrsatkich sifatida uch xil usulda hisoblanishi mumkin:

a) qoʼshilgan qiymat boʼyicha (ishlab chiqarish usuli);

b) xarajatlar boʼyicha (yakuniy foydalanish usuli);

v) daromadlar boʼyicha (oʼsish omillari boʼyicha usul);

 

YAIMni qoʼshimcha qiymat boʼyicha hisoblash eng koʼp qoʼllaniluvchi usuldir. U iqtisodiyotdagi barcha tarmoqlar va ishlab chiqarish turlari boʼyicha qoʼshilgan qiymatlarni jamlash orqali amalga oshiriladi. Qoʼshilgan qiymat – korxona tomonidan sotilgan mahsulot (koʼrsatilgan xizmat) va uni ishlab chiqarish uchun sarflangan materiallar qiymati oʼrtasidagi farq, yaʼni u korxona daromadiga teng. Shunday qilib, butun iqtisodiyotning faoliyat yuritish natijalari baholanganda bunday baholashni oshirib koʼrsatuvchi ikki yoqlama hisoblash muammosidan qutilish mumkin.

Yakuniy isteʼmol orqali hisoblangan YAIM – bu uy xoʼjaliklari, korxonalar va hukumat ega boʼlgan tovarlar va xizmatlar, jumladan asosiy fondlarga sarmoya kiritish, shuningdek, sotilmay qolgan mahsulotlarning umumiy bozor qiymatidir.

 

2-qoʼshimcha

Kapital mablagʼlar (kapital kiritish)bu asosiy vositalar (binolar, inshootlar, transport, uskunalar, asboblar, inventarlar)ga kiritilgan investitsiyalar, yangi qurilish, kengayish, rekonstruktsiya va texnik qayta jihozlash, mashinalar, uskunalar, asboblar, inventarlar olish, loyiha-qidiruv ishlari va boshqalar uchun qilingan sarf-xarajatlardir.

 

Masalan, mahsulot ishlab chiqarishda foydalanilgan elektr energiyasi bu hisobga kiritilmaydi. Аholi, davlat tashkilotlari sotib olgan yoki eksport qilingan elektr energiyasi uning bahosini oshiradi.

Daromadlar orqali hisoblangan YAIM ish haqi, toʼlangan foizlar va korxona egalarining daromadlari koʼrinishidagi ichki ishlab chiqarishdan olingan faktorli daromadlar, shuningdek, sof faktorli daromadlarning yigʼindisidan iborat.

Yuqorida koʼrsatilgan uchta usulning barchasi ulardan toʼgʼri foydalanilganda va dastlabki statistik hisobotlar yetarlicha aniq boʼlganda, pirovardida bir xil natija berishi darkor. Аmalda esa ushbu uchta usulning har biri boʼyicha dastlabki maʼlumotlarning har xil boʼlishi statistik hisoblashda xatolarning toʼplanib qolishiga olib kelishi mumkin. Dunyo amaliyotida bunday farqlanish agar YAIMning 5%idan oshib ketmasa, yoʼl qoʼyish mumkin, deb hisoblanadi.

 

Nominal YAIM yoki Real YAIM?

YAIMni bugungi narxlardan foydalangan holda hisoblaganda “nominal YAIM” deb ataluvchi koʼrsatkichni hosil qilamiz, biroq narxlar hatto ishlab chiqarish hajmi oʼzgarmagan taqdirda ham oʼzgarishi mumkin. Shu tufayli YAIMga berayotgan bahomiz ham aniq boʼlmaydi. Baholar darajasi, yaʼni inflyatsiya hisobga olingan holda toʼgʼrilangan koʼrsatkich - “real YAIM”dan foydalanilganda, bu inobatga olinadi. Shunday qilib, “real YAIM” iqtisodiyotdagi ishlab chiqarish hajmining nisbatan aniq koʼrsatkichidir.

Keyingi misolda nominal va real YAIM oʼrtasidagi farqni aniq tushunishimiz mumkin. Аytaylik, Shvetsariya Yalpi ichki mahsuloti bitta mahsulot, yaʼni shokoladdan tashkil topgan. 2019 yilda har birining bahosi 10$ga teng 10000 dona mahsulot tayyorlandi. YAIM hammasi boʼlib 100 000$ni tashkil etadi. Keyingi yili kakao, energiya yetkazib berish qiymati va mehnatga haq toʼlashning eng kam miqdori 15%ga oshdi, ammo ishlab chiqarish hajmi oʼzgarmasdan qoldi. Bundan kelib chiqadiki, 2020 yilda nominal YAIM 115 000$ni tashkil etgan. Real YAIM esa avvalgi 100 000$ darajasida qolavergan. Koʼrib turganimizdek, nominal YAIMning oshsa ham, real YAIM oʼzgarmasdan qolmoqda.

Biz nominal va real YAIMdan narxlar darajasini o’zgarishini ifodalaydigan statistik koʼrsatkichni hisoblashda foydalanishimiz mumkin. Bu “YAIM deflyatori” deb ataladi. Narxlar nominal YAIMga taʼsir qilishi kundek ravshan, biroq ular real YAIMga taʼsir qilmaydi. Shuning uchun indekslarni nominal YAIM va real YAIMga boʼlish narxlar haqida tasavvur hosil qilish imkonini beradi.

Аgar real YAIM iqtisodiyotning oʼsish surʼatini tahlil qilishda qoʼllanilsa, nominal YAIM turli xil mezonlar (tarmoqlar boʼyicha, mulk shakli boʼyicha, hududiy tuzilmalar) boʼyicha uning tarkibiy qismlarini tahlil qilish imkonini beradi. Oʼzbekiston Respublikasi boʼyicha maʼlumotlar asosidagi misolni koʼrib chiqamiz.

Manba:Oʼzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʼmitasi

Jadvaldan koʼrinib turibdiki, 2020 yilda Oʼzbekiston nominal YAIM hajmi 602.6 trln. soʼmni tashkil qilgan va 2019 yilga nisbatan 73.2 trln. soʼmga oshgan. YAIM deflyatori 119,9 ni tashkil qilgan. Bu esa 2020 yilda barcha narxlar (isteʼmol narxlari, shuningdek, kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarish uchun xarid qilingan tovarlar va xizmatlarning narxlari)ning umumiy oʼsishi 2019 yil narxlariga nisbatan 11,9%ni tashkil etishini anglatadi.

 

YAIM YAMM dan nimasi bilan farq qiladi?

3-qo’shimcha

YAIM (yalpi milliy mahsulot) — bu joylashuv oʼrnidan qatʼiy nazar maʼlum bir davrda mamlakat rezidentlariga tegishli boʼlgan barcha tayyor tovarlar va xizmatlar qiymati. YAIM mamlakat ichida va uning tashqarisida rezident korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmini oʼlchaydi. YAIM iqtisod tavsifini mamlakatning geografik chegaralari bilan cheklagan bir paytda, YAMM uning fuqarolari tomonidan amalga oshiriluvchi sof xorijiy iqtisodiy faoliyatni ham qoʼshgan holda uni kengaytiradi.

 Dunyodagi turli mamlakatlar va mintaqalarning rivojlanish istiqboli tahlilida YAIM mahsulot yaqin boʼlgan indikator – Yalpi milliy mahsulot (YAMM)dan foydalaniladi. Uning ham mohiyati taxminan shunday. Аsosiy farq shundaki, uni baholashda qaerda joylashishidan qatʼiy nazar, mazkur mamlakatning rezidentlari boʼlgan korxonalar, kompaniyalar va tadbirkorlarning mahsulotlari va xizmatlari hisobga olinadi. Masalan, agar Germaniyadagi kompaniyaning АQShda shoʼba firmasi mavjud boʼlsa, ushbu zavod mahsuloti АQSh YAIMga, shuningdek, Germaniya YAMM ham qoʼshiladi

 

Oʼzbekiston uchun YAIM va YAMM oʼrtasidagi farq asosan respublika hududida joylashgan xorijiy kompaniyalarning mahsulotlari kattaligi (minus belgisi bilan) va mehnat muhojirlari oʼtkazayotgan pul mablagʼlari (qo’shish belgisi bilan) bilan belgilanadi. 

 

Jasur Jalolov – loyiha rahbari oʼrinbosari, PMTI guruh rahbari

Hayot Saydaliev - PMTI guruh rahbari

Sergey Chepel - PMTI bosh ilmiy xodimi

Behzod Majidov – PMTI yetakchi ilmiy xodimi

Sunnatullaev Elyor - PMTI katta ilmiy xodimi

Omonov Nurbek - PMTI katta ilmiy xodimi