Мақолалар ва тезислар 2 ноябр 2023 4 daq 2596
Sun'iy intellekt (AI) fintex bozorini rivojlantirishning asosiy yo'nalishi sifatida

Sun'iy intellekt (AI) fintex bozorini rivojlantirishning asosiy yo'nalishi sifatida

Sun'iy intellekt (AI) fintex bozorini rivojlantirishning asosiy yo'nalishi sifatida
Мақолалар ва тезислар · 2 ноябр 2023

 

Fintexdagi sun’iy intellekt bozori hajmi 2023-yilda 42,8 milliard dollarga baholanmoqda, 2028-yilga[1] borib, ushbu ko‘rsatkich 49,4 milliard dollarga va 2031-yilga[2] borib, 61,3 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Hisobotga ko‘ra, FinTech Five to Five[3], fintex kompaniyalarining 65 foizi sun’iy intellekt texnologiyasi yaqin yillarda sektorga ta’sir qiladi, deb hisoblaydi. Moliyaviy sektorda sun’iy intellekt taqdim etgan ulkan imkoniyatlarni e’tiborsiz qoldiradigan kompaniyalar kelajakda o‘zlarini sezilarli o‘sishdan mahrum etishi mumkin.

Sun’iy intellekt va mashinani o‘rganish banklar va fintexlarga foyda keltirdi. Chunki ular mijozlar to‘g‘risidagi katta hajmdagi ma’lumotlarini qayta ishlash imkoniyatini yaratdi. Keyinchalik, ushbu ma’lumotlar mijozlar xohlagan xizmatlar yoki mahsulotlarni o‘z vaqtida yetkazib berish bo‘yicha natijalarga erishish uchun taqqoslanadi. Bu esa mijozlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga yordam beradi.

Banklar va sugʻurta kompaniyalari veb va mobil ilovalar uchun mashinalarni oʻrganishga asoslangan yechimlarni joriy qilmoqda. Bu real vaqt tartibida maqsadli marketingni yanada kuchaytirdi. U mijozlarning real vaqt tartibida xatti-harakatlarga oid ma'lumotlar asosidagi mahsulotlarga moyilligini oldindan bilish imkonini beradi.

Sun’iy intellektdan asosiy xizmatlarni avtomatik ravishda taqdim eta oladigan chat-botlarni yaratishda ham keng foydalanilmoqda. Misol uchun, Tinkoff ilovasida qancha ball berilganligi yoki do‘stingizga qanday qilib pul o‘tkazish mumkinligi haqidagi oddiy savollarga javob beradigan chat-bot mavjud. Agar savol qiyin bo‘lib, chat-bot unga javob bera olmasa, u mijozni operator xodim bilan bog‘lab beradi. 2023-yilda[4] global miqyosda chat-botlar orqali tejab qolinadigan mablag‘ 7 milliard dollarga yetishi kutilayapti.  Moliyaviy institutlar mijozlar bilan muloqot qilish uchun virtual yordamchilar va sun’iy intellektdan foydalanishni davom ettirishda barcha asoslarga ega, deyish mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil fevral oyida “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2021–2022-yillarda ushbu texnologiyalarni o‘rganish va joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Quyidagilar uning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi[5]:

- sun’iy intellekt sohasining rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish;

- normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish;

- sun’iy intellekt texnologiyalaridan keng foydalanish;

- sun’iy intellekt sohasida innovatsion ishlanmalarning ichki ekotizimini yaratish;

- raqamli ma'lumotlarga kirish uchun sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda dasturiy ta'minot ishlab chiquvchilari uchun sharoit yaratish;

- sun’iy intellekt sohasidagi ilmiy ishlar va ishlanmalarning investitsion jozibadorligini shakllantirish;

- mahalliy korxonalar va mutaxassislarning sun’iy intellekt sohasidagi axborot resurslari va vakolatlariga kirishini ta’minlash;

- sun’iy intellekt va uni qo‘llash texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.

2021-2022 yillarga mo‘ljallangan sun’iy intellect texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tasdiqlangan tajriba loyihalari ro‘yxatida moliyaviy sektorga alohida e’tibor qaratilgan[6]:

• bank sohasida tijorat banklari faoliyatini monitoring qilish samaradorligini oshirish va ularning me’yoriy hujjatlardagi talablarga muvofiqligini soddalashtirish (SubTech va RegTech), shuningdek, bank xizmatlari sifatini tahlil qilish, foydalanuvchilarni masofaviy biometrik identifikatsiya (Face-ID) qilish va kredit riskini baholash;

• moliyaviy sohada byudjet xarajatlari, nafaqalar, ijtimoiy va sug‘urta to‘lovlari, shuningdek boshqa to‘lovlar samaradorligini tahlil qilish va oshirish;

• soliq sohasida yuridik shaxslarning soliq tushumlarini tahlil qilish, soliq imtiyozlaridagi chetlanishlarni aniqlash;

• elektron hukumat sohasida hukumat va moliyaviy xizmatlar ko‘rsatishda foydalanuvchilarni masofaviy biometrik identifikatsiya qilish.

Umuman olganda, O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalangan holda o‘rta muddatli istiqbolga mo‘ljallangan raqamli xizmatlarning yangi turlarini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud:

- Mahalliy tilda mijozlarni qo'llab-quvvatlash. Mijozlarga samarali yordam ko‘rsatish uchun sun’iy intellekt asosidagi chat-botlar va virtual yordamchilarni o‘zbek tiliga o‘rgatish mumkin. Bu, ayniqsa, raqamli bank tizimiga o‘tayotgan O‘zbekiston uchun foydali bo‘ladi.

- Kichik va o‘rta biznesni kreditlash. Sun’iy intellekt iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishi mumkin bo‘lgan kreditlar berishni osonlashtirib, kichik va o'rtacha kattalikdagi korxonalarning kredit qobiliyatini baholash uchun keng ko‘lamli ma’lumotlarni tahlil qilishi mumkin.

- Qishloq xo'jaligini moliyalashtirish. Qishloq xoʻjaligi Oʻzbekiston iqtisodiyotining muhim tarmogʻidir. Sun’iy intellekt fermerlarga moslashtirilgan moliyaviy mahsulotlarni taqdim etishda yordam beradi. Misol uchun, ekinlar hosildorligini baholash va sug‘urta yoki kredit mahsulotlarini taqdim etishda sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va ob-havo ma’lumotlaridan foydalanish mumkin.

- Normativ muvofiqlik. O‘zbekistonda moliya sektori rivojlangan sari me’yoriy hujjatlarga rioya qilish tobora muhimroq ahamiyat kasb etadi. Sun’iy intellekt muvofiqlik vazifalarini avtomatlashtirishda yordam beradi va moliyaviy institutlar tartibga solish talablariga muvofiqligini ta'minlaydi.

- Moliyaviy sektorning boshqa yo'nalishlarida (sug‘urta, nafaqa jamg‘armalari, qimmatli qog‘ozlar bozori va boshqalar) sun'iy intellektdan foydalanish samaradorlikni oshiradi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan risklarni (risklarni boshqarish) kamaytiradi.

 

Anton Kostyuchenko,
MHTI loyiha rahbari

Odiljon Nazarov,
MHTI yetakchi ilmiy xodimi

 

 


[1] https://www.mordorintelligence.com/industry-reports/ai-in-fintech-market#:~:text=The%20AI%20in%20Fintech%20Market%20size%20is%20estimated%20at%20USD,people%20interact%20with%20financial%20services

[2] https://anywhere.epam.com/business/ai-in-fintech

[3] https://www.tribepayments.com/tribe-blog/67-of-fintechs-believe-that-ai-will-have-the-biggest-impact-on-sector-in-the-next-five-years

[4] https://financesonline.com/chatbot-statistics/

[5] https://www.norma.uz/novoe_v_zakonodatelstve/v_uzbekistane_vnedryat_tehnologii_iskusstvennogo_intellekta

[6] https://www.norma.uz/novoe_v_zakonodatelstve/v_uzbekistane_vnedryat_tehnologii_iskusstvennogo_intellekta