Мақолалар ва тезислар 8 феврал 2022 1 daq 6102
Bank sektorida raqobat qanday?

Bank sektorida raqobat qanday?

Bank sektorida raqobat qanday?
Мақолалар ва тезислар · 8 феврал 2022

 

Bank sektorining konsentratsiyasi bank xizmatlari bozoridagi raqobat darajasini ifodalaydi. Ma’lum bir davr uchun konsentratsiya darajasi tahlili mamlakat bank sektori rivojlanishi dinamikasini baholash imkonini beradi. Bank sektorining konsentratsiya darajasini baholash uchun xalqaro amaliyotda qo‘llaniladigan ko‘rsatkichlardan biri bu Herfindal-Xirshman indeksidir (HHI indeksi). Bu indeks bir qator xalqaro tashkilotlar (Jahon banki[2], Deloitte[3]) va aksariyat mamlakatlarning markaziy banklari (Angliya[4], Rossiya[5], Irlandiya[6], Portugaliya[7]) nashrlarida bank xizmatlari bozoridagi raqobat darajasining ko‘rsatkichi sifatida keltiriladi.

Indeks metodologiyasi

Herfindal-Xirshman indeksi – bu bozorning monopollashuv (konsentratsiya) darajasi ko‘rsatkichi. Indeks har bir ishtirokchi egallagan bozorning foiz ulushi kvadratlari yig‘indisi asosida hisoblanadi. HHI ning eng yuqori qiymati 10000 ni tashkil etadi. Bu vaziyatda sof monopoliya yuzaga kelgan bo‘ladi (bozorda 1 ta firma faoliyat olib borsa, uning ulushi 100% ni tashkil etadi. Demak, ushbu vaziyatda indeks 10000 teng bo‘ladi).

Herfindal-Xirshman indeksining formulasi quyidagicha:

Si – bozorning har bir ishtirokchisi ulushi.

Bozorlar HHI qiymati bo‘yicha 3 guruhga bo‘linadi:

  • yuqori darajada konsentratsiyalashgan bozorlar (1800< HHI<10000);

  • o‘rta darajada konsentratsiyalashgan bozorlar (1000

  • past darajada konsentratsiyalashgan bozorlar (HHI < 1000).[8]

HHI indeksi oddiy konsentratsiya indeksidan (bozor ishtirokchilari ulushlari yig‘indisi) farqli o‘laroq  bozordagi vaziyatni to‘liq aks ettiradi. Buning sababi shundaki, HHI indeksi nafaqat firmalar soni, balki bozor ulushlarining bir xil emasligini ham hisobga oladi.

Bank sektorining konsentratsiya darajasini baholashda HHI ni hisoblash uchun O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan tijorat banklarining aktivlari, berilgan kreditlar va jalb qilingan depozitlar bo‘yicha ularning umumiy tarkibidagi ulushlaridan foydalanilgan.

O‘zbekiston Respublikasi banq sektorining joriy holati

So‘nggi yillarda mamlaktada bank sektorini erkinlashtirish va bank faoliyati sohasida bozor mexanizmlarini kengaytirishga qaratilgna islohotlar amalga oshirilmoqda. Ko‘rilayotgan bu chora-tadbirlar bank tizimi samaradorligini oshirish, xususiy sektor va xorijlik investorlarni jalb qilish hisobiga davlatning ishtirokini kamaytirishga qaratilgan. 2020-2025 yillarda mamlakatimiz bank tizimini isloh etish strategiyasida islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Shunga ko‘ra, “Ipoteka bank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asakabank”, “Aloqabank”, Qishloq qurilish bank”, “Turonbank”da xalqaro moliyaviy institutlar ko‘magida davlat ulushini bosqichma-bosqich xususiylashtirish ko‘zda tutilgan. 2025-yilgacha bank tizimidagi umumiy bank aktivlari hajmida davlat ulushi bo‘lmagan bank aktivlari ulushini 60% gacha oshirish rejalashtirilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2022-yilning 1-yanvar holatiga ko‘ra, 18,5% ni tashkil qiladi. Bank tizimidagi o‘zgarishlar xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Bank sektoridagi raqobat darajasini baholashda HHI ni hisoblash natijalari

Bank xizmatlari bozoridagi raqobatni baholash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining banklar bo‘yicha 2017-2021 yy. oralig‘idagi oylik ma’lumotlari[9] asosida tijorat banklarining aktivlari, kreditlari va depozitlari bo‘yicha HHI hisoblandi.

Bank sektorining aktivlar bo‘yicha konsentratsiyasi baholanganda uning darajasi pasaygani  (agar 2017-yil 1-yanvar holatiga HHI 1122,2 bo‘lsa, 2022-yil yanvar holatiga ko‘ra 978,9 tashkil etgan) ma’lum bo‘ldi. 2017-yilning yanvaridan 2021-yiningl avgustigacha indeks o‘rta darajada konsentratsiyalashgan bozorlar diapazonida edi. 2021-yil 1-sentyabr holatiga ko‘ra, indeks 996,9 ni tashkil etdi va bank xizmatlari bozori past darajada konsentratsiyalashgan bozorga aylandi.

Bank sektorining kreditlar bo‘yicha konsentratsiyasini baholash: bank tizimi konsentratsiya darajasi 1238,8 dan 1110,1 gacha qisqardi. 2017-yil oktyabr oyidan 2019-yil oxirigacha indeks diapazonning yuqori qismiga yaqinroq edi. 2020-yilning ikkinchi yarmida indeks tahlil qilinayotgan davr boshidagi darajaga tushdi va tobora “o‘rta darajada konsentratsiyalashgan bozorlar” diapazonining pastki chegarasiga yaqinlashmoqda.

Bank sektorining depozitlar bo‘yicha konsentratsiyasini baholash: bank xizmatlari bozori past darajada konsentratsiyalashgan, banklararo raqobat yil sayin kuchayib bormoqda. 2017 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra depozitlar bo‘yicha HHI 811,7, 2022 yil 1 yanvarda esa 706,6ni tashkil etdi. Tahlil qilinayotgan butun davr davomida indeks past darajada konsentratsiyalashgan bozorlar diapazonida joylashgan (1-rasm).

1-rasm. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi
tijorat banklarining aktivlari, kreditlari va depozitlari bo‘yicha HHI dinamikasi

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlari asosida hisob-kitoblar

O‘zbekiston Respublikasi bank sektori konsentratsiyasini baholash natijalari: tijorat banklari o‘rtasidagi raqobat yil sayin kuchaymoqda, ayniqsa, aholi depozitlarini jalb qilish sohasida. Biroq, kreditlar bo‘yicha HHI hozircha past darajada konsentratsiyalashgan bozorlar darajasiga tushmadi. Davlat ishtirokini qisqartirish, xususiy sektor va xorijiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar raqobat sharoitlarini yaxshilash va mamlakatimiz bank sektorini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat muhitiga oid tahlil bilan rus tilidagi sahifada batafsil tanishishingiz mumkin.

 

Elyor Sunnatullayev,
PMTI katta ilmiy xodimi