2023-yil noyabr oyida Buyuk Britaniyada inflatsiya darajasi 2022-yilning mos davridagi 10,5 foizdan 4,6 foizgacha sekinladi. Bu esa so‘nggi ikki yil ichidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi. Mazkur davrda yillik inflatsiyaning ikki baravardan ko‘proq darajada sekinlashishiga bir qator omillar sabab bo‘ldi.
1. Buyuk Britaniyada yuqori inflatsiyaning global va ichki sabablari. 2020-yilda COVID-19 pandemiyasi va karantin cheklovlari iste’mol tovarlariga bo‘lgan global talabni oshirdi. Shuningdek, global ta’minot zanjiridagi uzilishlar hamda energiya va yoqilg‘i narxlarining ko‘tarilishi inflatsiyaga sezilarli darajada bosim ko‘rsatdi. Natijada, Buyuk Britaniya iste’mol tovarlarining (shu jumladan, energiya) yirik importchisi bo‘lganligi sababli inflatsiya darajasi 2021-yil may oyidan boshlab Angliya bankining maqsadli ko‘rsatkichidan (2 foiz) oshib keta boshladi. 2021-yil dekabr oyiga kelib esa 5,4 foizga yetdi. 2021-yil may oyida energiya narxlarining umumiy inflatsiyadagi ulushi 0,6 foiz band bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yil dekabr oyiga kelib, 1,5 foiz bandga oshdi. Ushbu davrda oziq-ovqat mahsulotlari inflatsiyasi ulushi -0,1 foiz banddan 0,5 foiz bandgacha ko‘tarildi.
2022-yilning fevral oyida Ukraina-Rossiya mojarosining boshlanishi global bozorlarda oziq-ovqat va energiya narxlarining keskin darajada oshib ketishiga sabab bo‘ldi. 2023-yil mart oyida Buyuk Britaniyada energiya inflatsiyasi 2022-yilning mos davriga nisbatan 24,8 foiz bo‘lgan bo‘lsa, oktabr oyida ushbu ko‘rsatkich 89,7 foizni tashkil etdi. Ushbu davrda energiya narxlarining inflatsiyadagi ulushi 1,7 foiz banddan 2,9 foiz bandgacha ko‘tarildi. Oziq-ovqat inflatsiyasi 2022-yil mart oyida 5,8 foizdan 2023-yil mart oyida 19,6 foizgacha yetib, ushbu ko‘rsatkich 1977-yildan beri oziq-ovqat narxlarining eng yuqori o‘sish sur’ati hisoblanadi. Ushbu davrda oziq-ovqat narxlari oshishining inflatsiyadagi ulushi 0,7 foiz banddan 2,2 foiz bandgacha ko‘tarildi.

2022-yil noyabr oyidan 2023-yilning noyabr oyigacha bo‘lgan davrda inflatsiyaning sezilarli darajada sekinlashishiga Angliya bankining pul-kredit siyosati bilan birgalikda jahon bozorida energiya va oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘zgarishi katta hissa qo‘shdi. 2023-yil noyabr oyida energiya narxlari 2022-yilning noyabr oyiga nisbatan 21,6 foizga, gaz narxlari 31 foizga va elektr energiya narxlari 15,4 foizga arzonladi. Ushbu davrda oziq-ovqat inflatsiyasi 16,6 foizdan 9,2 foizgacha sekinlashdi. Natijada, energiya narxlarining inflatsiyadagi ulushi -1,3 foiz bandni (2022-yil noyabr oyida 3,7 foiz band), oziq-ovqat mahsulotlari narxlari ulushi 1,1 foiz bandni (2022-yil noyabr oyida 1,9 foiz band) tashkil etdi.
2. Inflatsiyani jilovlash bo‘yicha choralar
2.1. Angliya bankining pul-kredit siyosati
2023-yil davomida Angliya banki iqtisodiyotda talabni sovutish va narxlar o‘sishini sekinlashtirish maqsadida qayta moliyalashtirish stavkasini ketma-ket 5 marta oshirdi.
2023-yil fevral oyida asosiy stavka 3,5 foizdan 4,0 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa, mart oyida 4,25 foizga, may oyida 4,50 foizga, iyun oyida 5 foizga va avgust oyida 5,25 foizgacha oshdi. 2023-yil noyabr oyida Angliya banki asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirib, inflatsiya bo’yicha 2 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga erishish muddatini 2025-yilning 2-choragiga qadar uzaytirdi.
Hozirga qadar asosiy stavka 5,25 foiz darajada saqlanib qolmoqda. Bu esa so‘nggi 15 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Asosiy stavkaning ko‘tarilishi moliya bozorida foiz stavkalarining ko‘tarilishiga olib kelishi bilan birga, yuqori foiz stavkalarini taklif qilish orqali yanada ko‘proq jamg‘armalarni jalb etish imkonini ham yaratdi. Moliyaviy vositalardan keladigan daromadlarning oshishi esa moliya tizimiga jamg‘armalar oqimini ta’minlab, monetar omillarning inflatsiyaga bosimini kamaytirdi.

2.2. Nomonetar choralar (Energiya cheklovi)
Buyuk Britaniyada inflatsiyaning sezilarli darajada pasayishi energiya narxlariga qo‘yilgan cheklovlar bilan ham qisman bog‘liq. Ushbu cheklovlar inflatsiyaning tarkibiy qismi bo‘lgan energiya narxlarining o‘sishini nazorat qilishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, ular global energiya bozorida narxlar ko‘tarilishining uy-xo‘jaliklari to‘lov qobiliyatiga salbiy ta’sirini yumshatishga yordam berdi.
Buyuk Britaniyada energiya resurslari uchun qo‘yilgan narx chegarasi Gaz va elektr energiyasi bozori bo‘yicha boshqarma (The Office of Gas and Electricity Markets) tomonidan har uch oyda bir marta o‘rnatiladi. Energiya narxlarining eng yuqori chegarasi 2022-yil fevral oyidan boshlab keyingi davr uchun 1877 funt sterlingga (54 foizga) oshdi.
2022-yilning 4-choragida bu ko‘rsatkich 3371 funt sterlinggacha (80 foizga) ko‘tarildi. Hukumat tomonidan 2022-yil oktabr oyida Energiya narxlari kafolati dasturi (Energy Price Guarantee – EPG) joriy etilgach, dasturga ko‘ra, uy-xo‘jaliklari uchun energiya narxlarining eng yuqori chegarasi 2380 funt sterling etib belgilandi. Ushbu dastur 2024-yilning mart oyigacha energiya resurslarini yetkazib beruvchi korxonalarga energiya narxi 2380 funt sterlingdan oshgan qismi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri subsidiyalar ajratish orqali uy-xo‘jaliklarining energiya uchun xarajatlarini kamaytirish kabi choralarni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, 2022-yilning oktabr oyidan 2023-yilning mart oyigacha bo‘lgan davrda Energiya to‘lovlarini qo‘llab-quvvatlash tizimi (Energy Bill Support Scheme) doirasida uy-xo‘jaliklariga energiya xarajatlarining ma’lum qismini qoplash uchun 400 funt sterling miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Energiya narxlari kafolati dasturi amalga oshirilmaganda, 2023-yilning 1-choragida energiya narxlari chegarasi 4059 funt sterlinggacha ko‘tarilib, 2023-yilning 2-choragidan 3116 funt sterlinggacha pasaygan bo‘lar edi. Lekin, ushbu davrlarda ham haqiqiy narxlar o‘rnatilgan chegaradan pastda bo‘lganligi sababli uy-xo‘jaliklari uchun energiya narxlari o‘zgarishsiz qoldi. 2023-yilning 3-choragida ulgurji narxlarning pasayishi tufayli narx cheklovi 1976 funt sterlingga tushdi. 2023-yil 4-chorakda uy xo‘jaliklari uchun energiya narxlari yiliga o‘rtacha 1834 funt sterling etib belgilangan. Bu 3-chorakdagi ko’rsatkichdan 7 foizga past hisoblanadi. 2024-yil 1-choragida energiya narxlari uchun cheklov miqdori 5 foizga oshirilib, 1928 funt sterling bo‘lishi belgilangan.
Ma’lumot uchun: Energiya narxi cheklovlari standart o‘zgaruvchan tarifdagi mijozlar uchun ishlab chiqilgan. 2023-yil sentabr holatiga ko‘ra, standart o‘zgaruvchan tariflar bo‘yicha 29 millionga yaqin uy-xo‘jaliklari narx cheklovi dasturidan foydalangan. Salkam 3 million uy-xo‘jaligi esa boshqa belgilangan narxlarda energiya to‘lovlarini amalga oshirgan.
Uy-xo‘jaliklari tomonidan 2022-yilda ishlatilgan energiya (elektr energiyasi, gaz va boshqalar) Buyuk Britaniyadagi umumiy energiya iste’molining 31 foizini tashkil etdi. Bularning ichida gaz eng katta ulushga ega bo‘lib (64 foiz), keyingi o‘rinlarda elektr energiyasi (25 foiz), neft (6 foiz) va isitish uchun foydalaniladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari (3 foiz) qayd etilgan. So‘nggi yillarda uy-xo‘jaliklari tomonidan energiya iste’moli pasayib bormoqda. Masalan, 2022-yilda uy-xo‘jaliklarining energiya iste’moli 2021-yilga nisbatan 15 foizga pasaygan. 2023-yilning 2-choragida iqtisodiyotda jami yakuniy energiya iste’moli 2022-yilning mos davriga nisbatan 2,7 foizga kam bo‘ldi. Ushbu davrda uy-xo‘jaliklari energiya iste’moli ham 8,3 foizga kamaydi. Bu esa energiya narxlarining sezilarli darajada oshganligi sababli energiyaga bo’lgan talabning kamayishi bilan izohlanishi mumkin.
Buyuk Britaniyada gaz uchun to‘lovlar 2010-yilda 500 funt sterling atrofida bo‘lgan bo‘lsa, 2014-yilda bu ko‘rsatkich qariyb 700 funt sterlinggacha ko‘tarilgan. Keyingi davr ichida yillik xarajatlar o‘rtacha 550-600 funt sterling oralig‘ida shakllangan. 2022-yilda esa gaz narxi ikki baravar qimmatlashib, 1134 funt sterlingga yetdi. Elektr energiyasi to‘lovlari 2010-yilda taxminan 450 funt sterling bo‘lgan bo‘lsa, 2021-yilda 769 funt sterling va 2022-yilda 1160 funt sterlinggacha ko‘tarildi.

Gaz va elektr energiyasi narxlari 2010-yilgi o‘zgarmas narxlar bilan hisoblaganda 2023-yilning oktabriga kelib, qariyb 3 baravarga oshganini ko‘rish mumkin.

Umuman olganda, 2022-yilda uy xo‘jaliklari energiyaning barcha turlariga (neft, ko‘mir, issiqlik, bioyoqilg‘i va boshqalar) jami 55,5 mlrd. funt sterling sarfladi. Bu 2021-yilga nisbatan 18 mlrd. funt sterlingga (48 foizga) ko‘p hisoblanadi. Xususan, ushbu davrda elektr energiyasi uchun uy-xo‘jaliklari tomonidan umumiy hisobda 30,2 mlrd. funt sterling sarflandi. Bu 2021-yilga nisbatan 8,0 mlrd. funt sterlingga (36 foizga) ko‘p hisoblanadi. Gaz uchun umumiy xarajatlar esa 21,9 mlrd. funt sterlingni tashkil etib, bu 2021-yilga nisbatan 8,7 mlrd. funt sterlingga (66 foizga) oshdi.
3. Iqtisodiy o‘sish
Buyuk Britaniyada 2023-yilning 3-choragida yalpi ichki mahsulotda o‘tgan chorakka nisbatan o'sish kuzatilmadi. Ammo, 4-chorakda YaIMning 0,1 foizga o‘sishi kutilmoqda. Lekin bu ko‘rsatkich ham dastlabki prognozlardan kamroq hisoblanadi. Angliya bankining yangi prognozlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida iqtisodiy o‘sish sust bo‘lib qolishi kutilmoqda. Bu esa qattiqroq pul-kredit siyosati ta’sirida potentsial taklif o‘sishining kamayishi va fiskal yordamning qisqarishini o‘zida aks ettiradi.
Iqtisodiy o‘sish va inflatsiya o‘rtasidagi bog‘liqlik murakkab jarayon hisoblanadi. Angliya banki narxlar barqarorligini ta’minlash uchun 2 foizlik inflatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichini saqlab qolishga harakat qilsa-da, hozirgi bank stavkasini 5,25 foizda ushlab turish joriy pul-kredit siyosati bilan maqsadli ko‘rsatkichga erishish qiyinligini ko‘rsatmoqda. Prognozlarga ko‘ra, inflatsiya darajasi 2023-yilning 4-choragida 4,75 foizgacha va 2024-yilning 2-choragida 3,75 foizgacha pasayishi kutilmoqda. Bu asosan energiya, asosiy tovarlar va oziq-ovqat narxlari inflatsiyasining pasayishi bilan bog‘liq. Qat’iy pul-kredit siyosatining uzoq vaqt davomida saqlanib turishi iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sir qilib, talab va taklif tomonidan inflatsiyani sovutishga yordam beradi.
Umuman olganda, Buyuk Britaniyada iqtisodiy o‘sish o‘rta muddatli istiqbolda avvalgi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan past bo‘lishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: AQSh iqtisodiyoti 2023-yilda 1,5 foizdan 1,9 foizgacha o‘sishi prognoz qilinmoqda. Shuningdek, Yevropaning eng katta iqtisodiyotlaridan biri bo‘lgan Germaniya iqtisodiyoti retsessiyaga tushib qolgan bo‘lsa ham, Yevropa Markaziy Banki prognozlariga ko‘ra, 2023-yil yevro hududida 0,7 foizlik iqtisodiy o‘sish kutilmoqda. Angliya banki prognozlariga ko‘ra, 2023-yilda Buyuk Britaniya iqtisodiy o‘sish 0,5 foiz (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti prognozlariga ko‘ra 0,3 foiz) bo‘lishi kutilmoqda.
4. Xulosa.
So‘nggi yillarda jahonda yuz bergan o‘zgarishlar, xususan dunyo bo‘ylab COVID-19 pandemiyasining tarqalishi, jahondagi geosiyosiy holat, jumladan, Rossiya – Ukraina munosabatlarining keskinlashuvi kabi vaziyatlar fonida mamlakatlar iqtisodiyotida bir qancha muammolar yuzaga keldi. Global iqtisodiyotda oziq-ovqat va energiya narxlarining oshishi natijasida ko‘plab mamlakatlarda yuqori darajadagi inflatsiya kuzatildi. Xususan, Buyuk Britaniyada inflatsiya darajasi 2022-yilning oktabr oyida o‘zining eng yuqori ko‘rsatkichini qayd etib, bu aholi xarid qobiliyatining pasayishiga olib keldi va ularning turmush farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Inflatsiya darajasini pasaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirish uchun mamlakatlar tegishli choralarni amalga oshirdi. Jumladan, Buyuk Britaniya fiskal va monetar siyosat vositalaridan foydalangan holda 2023-yilining oxirlariga kelib inflatsiya darajasini ikki baravardan ko‘proqqa pasaytirishga erishdi.
Xususan, Buyuk Britaniyada inflatsiya darajasining keskin pasayishida energiya bozorida amalga oshirilgan choralar muhim ahamiyat kasb etdi. Hukumat energiya bozorida narxlar keskin oshib ketmasligi uchun energiya yetkazib beruvchilarga narx chegarasini (price cap) qat’iy begilab qo‘ydi. Energiyani iste’molchilarga yetkazib berishda davlat tomonidan o‘rnatilgan eng yuqori narx chegarasi haqiqiy bozor narxlaridan past bo‘lganligi sababli
2023-yil davomida energiya narxlari nisbatan barqaror darajada saqlanib qoldi. Shuningdek, Angliya banki monetar siyosat vositalaridan foydalangan holda muntazam ravishda qayta moliyalashtirish stavkasini oshirib bordi. Bu esa kreditlar o‘sish sur’atlarini sekinlashtirib, muomaladagi pul massasini jamg‘arma shaklida iqtisodiyotdan qaytarib olish uchun rag‘batlarni shakllantirdi. Ushbu choralar natijasida Buyuk Britaniyada inflatsiya darajasi
2023-yilda keskin pasaydi.