Мақолалар ва тезислар 31 май 2024 4 daq 2531
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2024-yilning birinchi choragida O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi tahlil qilindi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2024-yilning birinchi choragida O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi tahlil qilindi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tomonidan 2024-yilning birinchi choragida O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi tahlil qilindi
Мақолалар ва тезислар · 31 май 2024

 

Mazkur tahlilda raqobat dinamikasini baholashda xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladigan Xerfindal–Xirshman indeksidan (HHI) foydalanildi.

Ushbu konsentratsiya ko‘rsatkichining o‘zgarish dinamikasini kuzatish bozorda monopoliya darajasini baholash va raqobatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi.

Malumot uchun: HHI ko‘rsatkichi bo‘yicha raqobat darajasi 3 guruhga bo‘linadi: raqobat darajasi past (2500≤HHI≤10000), o‘rtacha (1500≤HHI<2500) va yuqori (HHI<1500).

Aktivlar. 2024-yilning birinchi choragida aktivlar bo‘yicha hisoblangan HHI indeksi 25 birlikka yaxshilanib, 867ni tashkil etdi. Bunda, joriy yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, tijorat banklarining jami aktivlari hajmi 665,6 trln. so‘mga yetib, yil boshidagiga nisbatan 13,5 trln. so‘mga, 2023-yilning 1-aprel holati bilan taqqoslaganda esa 101 trln. so‘mga oshdi.

Davlat ulushi mavjud bo‘lgan banklarning jami aktivlardagi ulushi 1 foiz bandga kamayib, 67 foizni tashkil qildi. Jumladan, “Asakabank”ning jami aktivlardagi ulushi 0,6 foiz bandga (8,90 foizdan 8,27 foizga), “O‘zmilliybank”niki 0,5 foiz bandga (19,55 foizdan 19,01 foizga) va “Mikrokreditbank”niki 0,1 foiz bandga (2,92 foizdan 2,84 foizga) kamaygan.

Shu bilan birga, xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar orasida ham raqobat darajasi oshib bormoqda. Masalan, O‘zKDB bank, TBC va “Anorbank”ning (har bir bankning) bank tizimi jami aktivlaridagi ulushi 0,2 foizga oshgan bo‘lsa, “Ipotekabank” (7,30 foizdan 7,13 foizga) va “Kapitalbank” (6,42 foizdan 6,26 foizga) niki aksincha 0,2 foiz bandga kamaygan.

Kreditlar. Kredit qo‘yilmalari bo‘yicha hisoblangan HHI 2024-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, 973 birlikni tashkil qildi va o‘tgan yilning mos davridagiga (1042) nisbatan 69 birlikka yaxshilandi. Davlat ulushi mavjud bo‘lgan banklar tomonidan ajratilgan kreditlarning jami bank tizimi kreditlaridagi ulushi 1 foiz bandga pasaygan.

2024-yilning birinchi choragida tijorat banklarining jami kreditlar qoldig‘i 1,5 foizga o‘sib, 478 trln. so‘mni tashkil etdi. Jumladan, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar o‘tgan yilning birinchi choragi bilan taqqoslaganda 40 foizga oshgan. Bunda ta’lim kreditlari hajmi 97 foizga, iste’mol kreditlari hajmi 66 foizga, mikroqarzlar 64 foizga va ipoteka kredlari hajmi 24 foizga o‘sgan.

Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmida esa, banklararo kreditlar hajmi 76 foizga kamaygan.

Jami kreditlar hajmida davlat ulushi mavjud bo‘lgan banklar tomonidan ajratilgan kreditlar ulushida “Asakabank”niki 0,3 foiz bandga (8,32 foizdan 8,02 foizga), “O‘zmilliybank”niki 0,23 foiz bandga (21,09 foizdan 20,86 foizga), “Biznesni rivojlantirish banki”niki qariyb 0,2 foiz bandga (4,62 foizdan 4,43 foizga) kamaygan. Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar orasidagi raqobatda esa, “Hamkorbank” va TBC bankniki (har biriniki) 0,14 foiz bandga, “Ipak yo‘li banki”niki 0,1 foiz bandga ortib eng katta o‘zgarishga erishgan.

2024-yilning mart oyida milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari dekabr oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 0,4 foiz punktiga pasayib, 23,6 foizni tashkil etdi. Bu esa o‘z navbatida kuchli raqobat bilan birgalikda inflyatsiya darajasi barqarorlashuvini ko‘rsatadi.

Depozitlar. 2024-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, depozitlar hajmi 243 trln. so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan qariyb 30 trln. so‘mga ko‘p. Tahlil qilinayotgan davrda depozitlar bo‘yicha hisoblangan HHI indeksi 720 birlikdan 674 birlikka yaxshilangan.

Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar tomonidan jalb qilingan depozitlarning jami jalb qilingan depozitlardagi ulushi o‘tgan yilning birinchi va to‘rtinchi choraklarida mos ravishda  39 va 49 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilning birinchi choragiga kelib, 50 foizga yetdi. Jumladan, “Kapitalbank” ulushi 0,6 foiz bandga (12,45 foizdan 13,08 foizga), O‘zKDB (2,6 foizdan 3 foizga) va “Anorbank”niki (1,5 foizdan 1,9 foizga) 0,4 foiz bandga oshgan. Davlat ulushi mavjud bo‘lgan banklar orasida esa “Asakabank” ulushi 1,3 foiz bandga (6,4 foizdan 5,1 foizga), “Biznesni rivojlantirish banki”niki  qariyb 0,4 foiz bandga (3,89 foizdan 3,53 foizga), “Agrobank”niki 0,2 foiz bandga (6,36 foizdan 6,15 foizga) kamaygan.

2024-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, depozitlarning dollarlashuv darajasi 29,8 foizni tashkil etdi.

Milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari 2024-yilning birinchi choragida 2023-yilning dekabr oyidagiga nisbatan 0,2 foiz bandga oshib, 19,9 foizni tashkil qildi. Depozit foiz stavkalarining oshishi banklar o‘z mijozlari uchun yanada jozibador shart-sharoitlarni taklif qilishga intilayotganidan va raqobat darajasi kuchayganidan dalolat beradi.

Umuman olganda, respublikamiz bank tizimi depozit resurslarini boshqarishda barqarorlik va samaradorlikni namoyish etishda davom etmoqda.

 

Umida Mamasalayeva,
MHTI yetakchi mutaxassisi