Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari O‘zbekistonda CO2 emissiyasini baholab, mamlakatda uglerod neytralligiga erishishning 3 ta ssenariysini ishlab chiqdi. Bular: optimistik (2050-yil), bazaviy (2060-yil) va pessimistik (2070-yil). Ssenariylarda CO2 chiqindilarining hozirgi emissiyasi bilan bir qatorda kelajakdagi ehtimoliy o'sishi (aholi sonining o'sishi va tegishli xizmatlar va sanoat tarmoqlari hisobiga) ham inobatga olingan.
1-havola. Uglerod neytralligi – atmosferaga chiqarilayotgan karbonat angidrid gazi miqdori nolga tushirilgan, yoki atrof-muhitni muhofaza qilish choralari bilan tenglashtirilgan (oksford lug’ati). Bu karbonat angidrid gazining to'liq yo‘qligini anglatmaydi – karbonat angidrid gazi emissiyasi hajmi okean va o‘rmonlar yutadigan miqdordan oshmasligi kerak. |
Ishlab chiqilgan ssenariylarning har biri CO2 emissiyasining turlicha yillik qisqarishini nazarda tutadi. Bunda vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradigan omillar ham hisobga olingan (muddat qancha uzoq davom etsa, demografik o‘sish va tegishli omillarning ta’siri shuncha katta bo'ladi)
1. Optimistik ssenariy (2050-y.) - CO2 chiqindilarining yillik qisqarishi 5,9 million tonnani tashkil qilishi zarur.
2. Bazaviy ssenariy (2060-y.) – CO2 chiqindilarining yillik qisqarishi 4,8 million tonnani tashkil qilishi zarur.
3. Pessimistik ssenariy (2070-y.) - CO2 chiqindilarining yillik qisqarishi 4,2 million tonnani tashkil qilishi zarur.
Manba: MHTI hisob-kitoblari
1-jadval. O‘zbekistonda uglerod neytralligiga erishish ssenariylarini taqqoslash
Ushbu mezonlarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston uchun eng maqbul ssenariy 2060-yilgacha uglerod neytralligiga erishishni nazarda tutuvchi bazaviy ssenariy hisoblanadi. Ushbu ssenariy muvozanatli siyosat va mamlakatning “yashil” rivojlanishga silliq o‘tishiga asoslanadi, shuningdek, CO2 emissiyasini yiliga 4,8 million tonnaga (3,1 million tonna sof pasayish va 1,7 million tonna qo'shimcha talab) kamaytirishni nazarda tutadi.
2–havola. Aholining qo'shimcha talabini hisobga olgan holda.BMT prognoziga koʻra, 2060-yilga borib, Oʻzbekiston aholisi 54 million kishini tashkil etadi. Bunday uzoq muddat qo‘shimcha talab uchun yanada yuqori shart-sharoitlarni yaratadi: aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 240 milliard kVt/soatgacha, mol go'shti uchun - 1,6 million tonnagacha oshadi. Shaxsiy avtomobillar soni 13,5 million donani tashkil etadi, qurilish ishlari hajmi esa 2022-yildagiga nisbatan (2010-yilning qiyosiy narxlarida) 12 barobarga oshadi.Yuqoridagi qoʻshimcha talab omillarini hisobga olgan holda, aholi jon boshiga CO2 chiqindilari nisbatini saqlab qolgan holda, 2060-yilga borib, chiqindilar hajmi 189 million tonnagacha oshishi mumkin. Qo'shimcha talab tufayli chiqindilarning o'rtacha o'sish sur'ati yiliga 1,73 million tonnani tashkil qiladi. Shunday qilib, 3,1 million tonnaga aniq qisqartirishga erishish uchun O'zbekiston har yili chiqindilarni taxminan 4,8 million tonnaga kamaytirishi kerak bo'ladi. |

