Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan 2018-2023 yillarda O‘zbekiston bank tizimida raqobat darajasining o‘zgarishi tahlil qilindi.
Ushbu tadqiqot ishida ma‘lum bir bozordagi raqobat darajasini aniqlashda keng qo‘llaniladigan CR (Konsentratsiya nisbati) va HHI (Xerfindal-Xirshman indeksi) konsentratsiya ko‘rsatkichlaridan foydalanildi. Har ikkala ko‘rsatkichning nolga yaqin shakllanishi raqobat darajasi shuncha yuqoriligini bildiradi. Mazkur ko‘rsatkichlar raqobat darajasiga ko‘ra bozorlarni quyidagi 3 guruhga ajratadi.
- 70 % < CR < 100 % ; 2500 < HHI < 10000 yuqori darajada konsentratsiyalashgan
- 45 % < СR < 70 % ; 1500 < HHI < 2500 o‘rta darajada konsentratsiyalashgan
- CR < 45 % ; HHI < 1500 past darajada konsentratsiyalashgan
CR va HHI ko‘rsatkichlarini hisoblashda 2018-2023 yillar oralig‘ida Respublika hududida faoliyat olib borgan barcha tijorat banklarining asosiy faoliyat ko‘rsatkichlari, jumladan aktiv, depozit va kredit qo‘yilmalari hajmidan foydalanildi.
Aktivlar. 2023-yil 1-may holatiga ko‘ra, aktivlar bo‘yicha hisoblangan HHI indeksi 927 ni tashkil qildi va 2018-yilning 1-yanvar holatidagiga (1520) nisbatan 593 birlikka kamaydi. Bu esa o‘z navbatida Respublikamizda bank tizimining konsentratsiyalashuv darajasi o‘rta darajadan raqobatbardosh bozor tamoyillariga o‘tganligi, shuningdek, banklar o‘rtasida raqobatning sezilarli darajada oshganidan dalolat beradi.
CR konsentratsiya nisbati bo‘yicha tahlil natijalari ham aktivlar bo‘yicha raqobat darajasining ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. 2018-yilning boshida davlat ulushi mavjud bo‘lgan 3 ta yirik bankning (“O‘zmilliybank”, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank”) bank tizimi jami aktivlaridagi ulushi 59,8 % ni tashkil qilgan bo‘lsa, 2023-yilning 1-may holatiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 40,9% gacha pasaygan. Mazkur holatni so‘nggi yillarda tijorat banklari sonining ortgani va xususiy banklarning bank tizimi jami aktivlaridagi ulushi oshib borayotganligi bilan izohlash mumkin. Xususan, faoliyatini boshlaganiga ko‘p vaqt bo‘lmagan 3 ta raqamli bankning (“Anorbank”, “Uzumbank” TBCbank) umumiy aktivlardagi ulushi qisqa muddat ichida 1,25 % ga yetdi (2023-yilning 1-may holatiga ko‘ra).
Ma‘lumot uchun: 2023-yilda bank tizimi aktivlari hajmi 566,3 trln. so‘mga yetdi. Bu esa 2018-yilning 1-mayidagiga qaraganda (179,7 trln. so‘m) 3,1 barobar ko‘p.
Kreditlar. Mazkur davrda kreditlar bo‘yicha HHI indeksi 1548 dan 1031 gacha pasaydi. CR ko‘rsatkichi (3 ta eng yirik bank - “O‘zmilliybank”, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank”ning umumiy kreditlar portfelidagi ulushi) esa 60,9% dan 42,3% ga kamaydi. Ushbu davrda Kapitalbank ulushi 1,07% dan 4,77% ga, Turonbank ulushi 0,82% dan 2,37% ga ko‘paydi.
Iqtisodiyotimizda tijorat banklari tomonidan ajratilgan kredit qo‘yilmalari hajmi 2018-2023 yillar oralig‘ida qariyb 3,3 barobar, ya’ni, 127,2 trln. so‘m (YaIMga nisbatan 40,1%) dan 413,4 trln. so‘m (46,5%) gacha oshdi. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilgan kredit qo‘yilmalari hajmi esa 7,5 barobarga oshgan. Mazkur o‘zgarishlar respublikamiz pul-kredit bozori qamrovining oshganligini anglatadi.
Shu bilan birga, milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan nominal foiz stavkasi 2018-yilning mos davridagi 20,0% dan 2023-yilda 22,5% gacha ko‘tarilgan. Bunda kredit real foiz stavkasi sezilarli darajada, ya’ni 0,3% (20,0-19,7[1]) dan 11,5% (22.5-11) gacha ko‘tarilgan. Mazkur holatni quyidagicha izohlash mumkin:
-
so‘nggi yillardagi tarkibiy oʻzgarishlar va qulay investitsiya muhiti ta‘sirida jadal iqtisodiy oʻsish kuzatilishi va iqtisodiyotning haddan tashqari qizib ketishi bilan bog‘liq xavotirlarning kuchayishi;
-
inflyatsiya ta’sirini nazorat qilish va kutilmalarni muqobil shakllantirish zaruratining ortishi;
-
valyuta kursini barqarorlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar va bularning zamirida Markaziy bankning qa’tiy pul-kredit siyosatini olib borishi.
Depozitlar. Tahlil qilinayotgan butun davr davomida indeks past darajada konsentratsiyalashgan bozorlar diapazonida joylashgani bank sektorida sog‘lom raqobatni rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan islohotlar samarasini ko‘rsatadi. HHI indeksi mos davrda 893,7 dan 703 birlikkacha pasaygan. CR indeksi tahliliga ko‘ra, 2018-yilning 1-may holatiga ko‘ra, eng yirik banklar beshtaligi bank tizimidagi jami depozitlarning 51,8% iga egalik qilgan bo‘lsa, 2023-yilning 1-mayiga kelib, ularning ulushi 40,5% gacha qisqardi. Xususiy banklar tomonidan jalb qilingan depozitlar ulushi esa 32% dan 40% gacha ko‘paydi. Ulardan eng yetakchisi “Kapitalbank” bo‘lib, uning depozit bozoridagi ulushi 4,9% dan 12,1% gacha oshdi.
Jami depozitlar hajmi 3,3 barobarga oshgan, ya‘ni joriy yilning 1-may holatiga ko‘ra, 208,4 trln. so‘mni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich 2018-yilning mos davrida 62,6 trln. so‘mni tashkil etgandi.
Aktivlar, Kreditlar va Depozitlar hajmiga asosangan HHI va CR ko‘rsatkichlari darajasidagi o‘zgarishlardan mamlakatimizdagi bank sektori raqobatbardosh bozor tamoyillariga tayangan holda shakllanmoqda, deb xulosa qilish mumkin.
.jpg)