Мақолалар ва тезислар 4 апрел 2023 9 daq 3668
Keksalarga g'amxo'rlik qilish har bir insonning burchidir

Keksalarga g'amxo'rlik qilish har bir insonning burchidir

Keksalarga g'amxo'rlik qilish har bir insonning burchidir
Мақолалар ва тезислар · 4 апрел 2023

 

Ko'pgina madaniyatlarda bolalarni keksa ota-onalariga g'amxo'rlik qilish uchun axloqiy majburiyatga ega deb hisoblashadi. Bu, ota-onalar farzandlarini voyaga yetkazish vaqtida ularga g'amxo'rlik qilishlari va shuning uchun bolalar farzandlik davridagi sevgi va g'amxo'rlikni qaytarishga majburdirlar, degan g'oyaga asoslanadi.

Misol uchun, Xitoyda "Keksalar huquqlari to'g'risida"gi qonunga ko'ra, kattalar muntazam ravishda keksa ota-onalariga tashrif buyurishlari va ular bilan aloqada bo'lishlari kerak. Aks holda, ota-onalar farzandlarini beparvolik uchun sudga berishlari mumkin. Xuddi shunday qonun Janubiy Koreyada ham amal qiladi, u keksa ota-onasini qarovsiz qoldirgan farzandlarni jinoiy javobgarlikka tortadi. Hindistonda “ota-onalar va keksa fuqarolarni qo'llab-quvvatlash va farovonlik to'g'risida”gi qonun voyaga yetgan bolalarga keksa ota-onalarning asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun qonuniy majburiyat yuklaydi va buni bajarmaslik jinoiy ta'qibga olib kelishi mumkin.

Barcha keksa odamlar uchun o'zini zarur deb his qilish, oila va do'stlar davrasida bo’lish ularning hayotining asosiy maqsadi hisoblanadi. Keksa insonlar jamiyatning qadrli a’zolari bo‘lib, kelajakka ishonch bilan qaray olishi, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, o‘zi yashayotgan jamiyatda to‘laqonli rol o‘ynashi kerak.

So’nggi yillarda aholining qarish jarayoni jahon davlatlarini qamrab olgan global muammoga aylanib bormoqda, bu tendentsiya ayniqsa rivojlangan mamlakatlarda kuzatilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, bugungi kunda dunyodagi har 10 kishi 65 yoshdan oshgan. 2050 yilga kelib, har 6 kishi (yer yuzidagi aholining 16 foizi) shu yoshda bo'ladi. Aholining umri uzayishi va farovon ekani zamonamizning eng katta yutuqlardan biridir. Dunyoda o‘rtacha umr ko‘rish 1990-yildagi 64 yoshdan 2019-yilda 72,8 yoshga ko‘tarildi. 2021 yilda, COVID-19 pandemiyasi davrida bu ko’rsatkich 71 yoshga tushdi. 2022 yilda esa yana o'sishni boshladi va 71,7 ni tashkil etdi. 2023 yilda ushbu indikator qiymati 73,4 ga yetishi kutilmoqda. Biroq, mutaxassislar taxminlariga ko’ra 2050 yilga borib 77,2 yilga ko'payishi kutilmoqda.

Yosh o’tgani sari odamlar o'zgaruvchan sharoit, muhit va ehtiyojlarga moslashadi. Jamiyat barcha yoshdagi odamlarni qo'llab-quvvatlashga va muhtojlarga g'amxo'rlik qilishga moslashishi kerak. Qarish va keksalar sonining ko'payishi ko'pincha muammo sifatida qaralsa-da, o'zgarishlarga dosh berish muammosi keksalarning o'zida emas, balki jamiyatda, uning munosabati va me'yorlarida.

Inson yoshi o'zgarishi bilan iste'mol va qiziqishlar o'zgaradi. Buni, shuningdek, odamlarning butun hayoti davomida sarflash va tejash odatlarini tavsiflovchi hayot tsikli gipotezasi (LCH) tasdiqlaydi. Nazariya shuni ko'rsatadiki, odamlar o'z hayotlari davomida iste'mol qilishni to'g'rilaydilar, daromadlari kam bo'lganda qarz olishadi va daromadlari yuqori bo'lganda jamg'arishadi. LCH, odamlar kelajakdagi daromadlarni hisobga olgan holda o'z xarajatlarini butun umri davomida rejalashtirishlarini taxmin qiladi. Shunga ko'ra, ular kelajakdagi daromad qaytarishga imkon beradi deb o'ylab, yoshligida qarz olishadi. So’ng ular nafaqaga chiqqandan keyin iste'mol darajasini saqlab qolish uchun o'rta yoshda tejashadi.

Shunday qilib, vaqt o'tishi bilan individual xarajatlar grafigi tepalik shaklini ko'rsatadi, unda boylik to'planishi yoshlik va qarilikda past, o'rta yoshda esa yuqori bo'ladi.

1-rasm

Vaqt bo'yicha individual xarajatlar jadvali

Insonning keksalikda qanday yashashi to‘plangan kapitaliga bog‘liq, shuningdek u o‘z farzandini qanday tarbiyalashi ham muhim omil hisoblanadi. Bolalarning ularga bo'lgan munosabati ota-onalarning o'z vazifalarini qanchalik vijdonan bajarganligiga bog'liq. Lekin har doim ham mos kelavermaydi. Shuning uchun bu yerda oilaviy an'analar, diniy qarashlar muhim o'rin tutadi.

Farzandlar keksalar uchun tashvishsiz yashash manbai hisoblanadi. Ushbu manbaning sifati ko'plab omillarga bog'liq bo'lib, ular orasida ta'lim va tarbiya juda katta rol o'ynaydi. Har bir ota-ona butun umri davomida farzandining inson kapitaliga sarmoya kiritadi.

Ushbu tadqiqotda Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari ota-onalar farzandlarini tarbiyalashda va ularning bo'lajak kasbini tanlashda qanday ishtirok etishlarini, shuningdek, bu ularga qanday qilib tashvishsiz qarilikni ta'minlashga imkon berishini aniqlashga xarakat qilishdi. Ushbu maqsadlar uchun 10 yoshdan 22 yoshgacha bo'lgan bolalarning ota-onalari o'rtasida so'rov o'tkazildi.

So‘rovda 2100 kishi ishtirok etdi. (N=2100). Respondentlarning 72% ayollar, 28% erkaklarni tashkil etdi. Ta’lim darajasi bo‘yicha – 4,6% ilmiy darajaga, 36,1% oliy ma’lumotga, 21,2% o‘rta va 38,2% o‘rta maxsus ma’lumotga ega.

So‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 28,7% keksa ota-onalari bilan yashashi ma’lum bo‘ldi. Farzandlaringiz tarbiyasiga kim ko‘proq ta’sir qiladi, degan savolga ota-onalar 41,6% - ona, 27,4% - ota, 9,3% - bobo va buvilar, 8,1% - aka-opalar, 7,3% - o‘qituvchilar, 3,7% - begonalar va 2,5%- boshqa qarindoshlardir deb javob berishdi.

Soʼrovnomada ishtirok etganlarning aksariyati – 80,2% farzandlarini “maʼlum kasb boʼyicha yetuk mutaxassis boʼlib, elga tanilgan” sifatida koʼrishmoqda. Moddiy taʼminlanganlik va mulk egasi boʼlishi ikkinchi orzu boʼlib qolmoqda – 7,9%. Ushbu savolning javoblari ota-onalarning millati va maʼlumot darajasi, farzand jinsi boʼyicha farqlanmaydi.

Аksariyat ota-onalarning 95,8% farzandlarining kelajagini oʼz turmush oʼrtoqlari bilan maslahatlashishgan boʼlib, 88,3% bir hil fikrda boʼlishgan. 7,2% da esa fikrlar keskin farqlanadi deb javob berishgan.

Soʼrovnoma javoblari shuni koʼrsatdiki, ota-onalar farzandlari kelajagini rejalashtirishda bolalarning fikriga ham eʼtibor berishmoqda. 97,9% ota-onalar oʼz farzandlari bilan ushbu mavzuda suhbatlashgan boʼlib, 86,3%i farzandlarining tanlovini maʼqullashgan, 11,1% qisman maʼqullashgan, 1,3% esa farzandlarining tanlovidan qoniqmagan.

Soʼrovnoma javoblariga binoan, yoshlarda tibbiyot kasblariga (15,5%) qiziqish kattaligi aniqlandi, keyingi oʼrinlarda oʼqituvchi – 9,7%, IT mutaxassisligi – 9,3%, iqtisodchi (sohalar boʼyicha) – 8,2%, tadbirkor – 7,7%. Respondentlar orasida 2,5% farzandlar kelajakdagi kasbi haqida hali qaror qabul qilmagan. Qizlarda kutilganidek tanlov shifokor (16,3%) va oʼqituvchi (13,8%) kasblari boʼlsa, oʼgʼil bolalarda birinchi oʼrinda IT mutaxassisligi (18,7%), keyin esa shifokor (13,7%), iqtisodchi (13,2%) va tadbirkor (11,2%) kasblari.

Oilaviy muhitda farzandlar albatta birinchi navbatda ota-onasiga tayanadi. Bu oʼtkazilgan soʼrovnomada ham oʼz aksini topdi, 26,8% holatda kasb ota-onaning maslahati bilan tanlangan, 55,5% farzandlar esa oʼzlari tanlashgan.

Аlbatta, har qanday ota-ona farzandlarini doimo qoʼllab quvvatlashga xarakat qilishadi. Farzandning kasb toʼgʼrisidagi qarori qanday boʼlmasin, 81,6% ota-ona bu qarorni bajonidil qabul qilishini taʼkidlashgan.12,7% esa ushbu qarorga salbiy munosabat boʼlganda, yaxshi yomonni tushuntirish orqali qarorni oʼzgartirish kerakligini iltimos qilishlarini aytishgan.

Bolalarning hozirgi kundagi turmush tarzi, qiziqishlaridan kelib chiqib ularda quyidagi qobiliyatlar namoyon boʼlmoqda: lingvistik – 24,5%, rahbarlik – 14,6%, pedagogik – 13,3%, matematik – 10,0%, adabiy – 8,1%, sport – 7,6%, sanʼatga xos – 6,6%, texnik – 6,0%, biologiya fanlariga qiziqish – 5,1% va musiqiy – 4,3%

Respondentlarning fikriga koʼra, kelajakda ota-onalarga gʼamxoʼrlikni oshirish maqsadida farzandlarga avvalom bor yaxshi kasb egallashni, bilimli boʼlish, moddiy taʼminlangan boʼlish kerak deb 51,4% javob berishgan. Odob, ahloq, mehr, muruvvat kabi tushunchalarni oʼrgatish kerak deb 35,7% hisoblaydilar. 11,8% esa diyonatli bo’lishni oʼrgatish zarur deb biladilar. 1,1% esa farzandlar oʼzlarini oʼylashsin, meni taʼminlashlari shart emas degan fikrda ekanligi namoyon boʼldi.

Ota-onalar fikriga koʼra kasb tanlashda eng muhim omil kasbga qiziqish – 59,5%, kasbga boʼlgan qobiliyat – 18,0%, kasbiy yuksalish imkoniyati 8,2%, moddiy taʼminot (manfaat) 3,3%.

Soʼrovnomadan aniqlandiki, farzandga kasb tanlashda yordam asosan toʼgaraklarga qatnashishini koʼmaklashish 51,0% va oʼqishida yordam berishdan 37% iborat.

55,7% ota-onalar farzandlariga nisbatan talabchanlik qilish, kerak bo‘lganda yordam ko‘rsatish va 36,2% esa nazorat qilish orqali tarbiya berishmoqda. 6,4% esa farzandlariga erkinlik berishgan.

55,6% respondentlar fa rzandlarining ta'lim olishidan to‘liq qoniqishadi, 31,9% fikriga ko‘ra qoniqarli desa bo‘ladi, 12,1% esa qoniqmaydilar, bundan ham yaxshi o‘qishi mumkin deb hisoblaydilar.

So‘rov natijalariga ko‘ra, bolalarning 78,5% maktabdan tashqari mashg‘ulotlarga borishi ma’lum bo‘ldi.

So‘rovda qatnashgan ota-onalarning 20%​​dan ortig‘i farzandlarining o‘qituvchilari bilan bir oyda bir marta muloqot qilishlarini, 16,4% esa umuman muloqot qilmasligini aytdi.

Ota-onalarning fikriga ko‘ra farzandlar kelajakda ishlab topadigan  mablag‘larini o‘z oilasiga 33,5%, o‘z biznesini boshlashga 18,8%, ota-onasiga 17,8%, sayohat qilishga 10,8%, uy-mulk sotib olishga 8,8%, sog‘liqni tiklashga 8,9% va bilmayman 1,3% deb hisoblaydilar.

Shuningdek, PMTI mutaxassislari tomonidan “Saxovat” qariyalar uyida faoliyat yuritayotgan 3 nafar hamshira va 3 nafar sanitarkalar(fokus-guruh) o‘rtasida so‘rov o‘tkazildi. Ularning fikricha, farzandlar keksalik chog‘ida ota-onasini ta’minlashi, ularga g‘amxo‘rlik qilishi (ularni qariyalar uyiga olib bormaslik) uchun, avvalo, bolalarga mehr, g‘amxo‘rlik va e’tibor qaratish lozim. Ikkinchidan, ularning o'qishiga katta e'tibor berish va ular o'z kasbining professionali bo'lishlari uchun bor kuchini sarflashlari zarur. Ba'zilar moliyaviy savodxonlikni o'rgatish va pulni tejash kerak, deb javob berishdi. Shuningdek, ular muloqot madaniyati juda muhim ekanligini ta'kidladilar.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bugungi kunda respublikamizda keksalar va nogironlar uchun 28 ta statsionar ijtimoiy xizmat ko‘rsatish muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur muassasalarda istiqomat qiluvchilar soni 7323 nafarni tashkil etib, 2020-yilga nisbatan ularning soni 832 nafarga ko‘paydi. Buning asosiy sabablari aholi sonining ko‘payishi (2020-yilda keksalar ulushi 10,5%, 2021-yilda 10,8%), hamda aholi o‘rtasida rivojlanayotgan bolalar keksa ota-onalari uchun mas’ul emasligi tushunchasi (fokus-guruh ishtirokchilarining fikricha) hisoblanadi. Мasalan, bugungi kunda keksa ota-onasini qariyalar uyiga joylashtirmoqchi bo‘lganlar soni oshmoqda (Toshkent va Oxangaron (Toshkent viloyati) shaharlaridagi “Sahavot” qariyalar uyi mudirlarining so‘zlariga ko‘ra).

So'rov natijalari bolalar bilan ularning kelajagi va kasb tanlashiga ta'sir qiluvchi omillarni aniqlash uchun ekonometrik tahlil o'tkazish imkonini berdi. Hisoblash vositasi sifatida probit modeli tanlandi, u ikkilik ma'lumotlardan foydalangan holda har qanday hodisaning ehtimolini baholaydi. Hisob-kitoblar natijalariga ko'ra, bolaning kelajakdagi kasbi haqidagi fikrning ota-onalarning fikri bilan mos kelishi bola bilan uning kelajagi haqida muloqot qilish ehtimolini 64%ga oshirishi aniqlandi. Turmush o'rtoqlarning farzandlarining kelajakdagi kasbi haqidagi fikrlari bir-biriga mos kelishi muloqot qilish ehtimolini 52% ga oshiradi. Ota-onalar va o'qituvchi o'rtasidagi muloqot bola bilan uning kelajagi haqidagi muloqotini 47%ga oshirishi aniqlandi. Hisoblash natijalari 1-jadvalda keltirilgan.

1-jadval

Modelning natijalari

Omillar

Koeffisientlar

P/v

Bolaning kelajakdagi kasbi haqidagi fikrlarning muvofiqligi

0,644

0,005

Turmush o'rtoqlarning farzandining kelajakdagi kasbi haqidagi fikrlari muvofiqligi

0,522

0,001

Ota-onalar va o'qituvchilar o'rtasidagi muloqot

0,14

0,006

Сons

0,827

Kuzatuvlar soni

1636

 

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 66-moddasida “Mehnatga layoqatli yoshga to‘lgan bolalar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar” deb belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 109-moddasiga muvofiq: “Mehnatga layoqatli voyaga yetgan farzandlar o‘zlarining mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj ota-onalarini boqish va parvarish qilishga majburdirlar. Ota-onalarning davlat yoki nodavlat muassasalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani voyaga yetgan mehnatga layoqatli bolalarni ularga g‘amxo‘rlik qilish va moddiy yordam ko‘rsatishdan ozod etmaydi. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilishi va ularga vaqt ajratishi shart. Ota-onalar ham, o'z navbatida, farzandlarini tarbiyalashda mehr, g'amxo'rlik ko'rsatishlari va ta'lim jarayonlarida ishtirok etishlari shart.

Tadqiqot natijalariga ko'ra quyidagi chora-tadbirlar taklif etiladi:

1. Bolada yoshligidan kattalarga hurmatni singdirish.

2. Farzandining ta’lim-tarbiyasiga e’tibor bermagan (ota-onalar yig‘ilishiga bormaslik, bolaning ta’lim-tarbiyasiga beparvo munosabatda bo‘lish) ota-onalarga nisbatan ma’muriy javobgarlik qo‘llash.

3. Farzandlari ishlayotgan va kun davomida tegishli e'tibor bera olmaydigan keksalar uchun zamonaviy choyxonalarni tashkil etish (xususiy bog'chalarga o'xshash).

4. Keksalarni davlat ishlariga jalb etish, mahallalarda yoshi ulug‘larning yoshlar bilan uchrashuvlarini tashkil etish, ular o‘z hayotiy tajribalari haqida so‘zlash, tegishli maslahatlar berish imkoni paydo bo’ladi.

5. Oliy ta’lim muassasalarida keksalarga g‘amxo‘rlik qilish kunlarini tashkil etish, ushbu ta’lim muassasalarida mehnat qilgan pensionerlar bilan uchrashuvlar tashkil etish.

6. Mavjud xususiy bolalar bog'chalarida, keksalar uchun ixtisoslashtirilgan guruhlar tashkil etish, bunda ular orasida bir-biri bilan muloqot qilish va g'amxo'rlik qilish xislari rivojlanadi. Bu esa o’z navbatida keksa odamlarga o'z ehtiyojini his qilish, g'amxo'rlik qilish imkonini beradi, bolalar esa, o'z navbatida, keksalarni hurmat qilish va ularga g'amxo'rlik qilishni o'rganadilar.

 

 

Ahmedova Muhabbat,
PMTI guruh rahbari

Shoazizov Anvarxo‘ja,
PMTI yetakchi ilmiy xodimi