Мақолалар ва тезислар 24 феврал 2023 7 daq 8134
Jahon kavrak bozorining istiqbollari va O'zbekistonning salohiyati

Jahon kavrak bozorining istiqbollari va O'zbekistonning salohiyati

Jahon kavrak bozorining istiqbollari va O'zbekistonning salohiyati
Мақолалар ва тезислар · 24 феврал 2023

 

Kirish

Kavrak (ferula) ko‘p yillik o‘simlik bo‘lib, yovvoyi va madaniy holda o‘sadi. Bu o‘simlik uchun alohida parvarish talab qilinmaydi. U dunyoning janubiy mintaqalari – Eron, Afg'oniston, Markaziy Osiyoning qumli va toshloq hududlarida o‘sadi.

Kavrakdan olinadigan asosiy tijorat mahsuloti asafoetida deb nomlanib, u o‘simlikning besh yoshgacha bo‘lgan ildizlari va ildizpoyalaridagi kesmalardan olingan qatron shakluda bo‘ladi. Bitta kavrak o‘simligidan 500 grammdan 1300 grammgacha qatron olish mumkin. O‘zbekistonda kavrak hosilini mart va aprel oylarida o'simliklar gullashidan oldin yig‘ish mumkin. Asafoetida yig‘ish ko‘p mehnat talab qiladigan jarayon.

Asafoetida xalq tabobatida, farmatsevtika sanoatida, kosmetologiyada, oziq-ovqatga ziravor sifatida (Hindiston va boshqa mamlakatlarda) keng qo‘llaniladi. Amaliyotda ichki va tashqi shishlar to‘planishining oldini olishda va ta‘mni yaxshilashda boshqa moddalar qo‘shilgan kukun ko‘rinishida (“aralash asafoetida” deb ataladi) ishlatiladi. Asosan quritilgan qatron bo‘laklari (xomashyo) shaklida sotiladi.

1. Jahon bozoridagi talab va taklif

Malligha Asafoetida Company (M.A.C., Hindiston) ma’lumotlariga ko‘ra, asafoetida xomashyosining global bozori hajmi 2020 yilda 325 million AQSh dollarini tashkil etgan[1].

Taklif. Afgʻoniston jahon bozoriga eng ko‘p miqdorda asafoetida xomashyosini yetkazib beradi. U 2020 yilda qiymati 170,5 million dollarga teng asafoetida xomashyosini eksport qilgan. Bu jahonda ushu xomashyo eksportining 52 foizi degani[2]. Eron asafoetida xomashyosining yana bir yirik yetkazib beruvchisi hisoblanadi.

Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston mamlakatlari ham qisman asafoetida xomashyosini eksport qiladi.

Asafoetida xomashyosiga talab. Asafoetidaning importida birinchi o‘rinni Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari (2020 yilda 58%), ikkinchi o‘rinni Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari, uchinchi o‘rinni Shimoliy va Janubiy Amerika mamlakatlari egallaydi[3].

Hindiston asafoetidaning eng yirik iste’molchilari va qayta ishlovchilaridan biri (jami homashyoning 40%ni oladi) hisoblanadi. Hindiston asafoetidani asosan Afg‘oniston, Eron, O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan import qiladi. Hindiston har yili o‘rtacha 100-130 million AQSH dollari qiymatiga yaqin 1200 tonna[4] asafoetida xomashyosini import qiladi.

Hindistondagi asafoetida bozorining asosiy drayveri va yuqori iste’molchilari oziq-ovqat ziravorlari va an’anaviy tibbiyot sohalari hisoblanadi[5] Bundan tashqari, chetdan keltirilgan asafoetida homashyosining bir qismi boshqa ingrediyentlar qo‘shilgan holda turli nav va markadagi ziravorlar sifatida qayta ishlanadi va qayta eksport qilinadi. Tayyor mahsulotlar Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadi.

Xitoy asafoetidaning keyingi yirik global iste’molchisi bo‘lib, jahon bozorining 15% ini qamrab oladi. Xitoyda asafoetida dori va ziravor sifatida ham ishlatiladi.

2. Jahon bozoridagi narx nisbatlari

Jahon bozorida 1 kilogramm asafoetida xom ashyosining o‘rtacha narxi 150-200 dollarni tashkil qiladi[6]. O‘zbekistonlik tadbirkorlar uni 45-50 dollardan eksport qilmoqda[7]. Bu esa narx bo‘yicha katta raqobat ustunligiga ega ekanligimizni bildiradi.

Amazon.com platformasida oziq-ovqat uchun tayyor va qadoqlangan asafoetida ziravorlarining 100 grammi[8] o'rtacha 15 dollardan 25 dollargacha sotiladi. (asosiy komponentning tarkibi bilan yakuniy mahsulotning 100 gramm uchun o‘rtacha 50 grammgacha bo‘ladi).Hisob-kitoblarga ko‘ra, agar oziq-ovqat ziravorlari xom ashyoni qayta ishlash orqali qadoqlangan holda sotilsa, xomashyo sotishdan olingan daromadga nisbatan 5-6 barobar yuqori yakuniy daromad olish mumkin.

3. Jahon bozorining istiqbollari

Talabning ortishi. Asafoetidaning afzalligi sog‘liq uchun foyda bilan bog‘liq bo‘lib, bu COVID-19 pandemiyasi va undan keyingi davrda uni yanada mashhur qildi. Asafoetida ko‘plab zamonaviy dorivor vositalarning asosiy tarkibiy qismidir. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda ko‘plab farmatsevtika kompaniyalari kavrak asosidagi dori vositalarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida klinik sinovlarni o‘tkazmoqda[9]. Bu tendensiya kelajakda unga talabning o‘sishini oldindan belgilab beradi.

Hindistonning MAC kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, kelgusi yillarda global asafoetida iste’moli yiliga o‘rtacha 6% ga oshishi kutilmoqda. Yaqin yillarda Amerika qit’asida iste’molning eng katta o‘sishi kutilmoqda. Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikada ham talab ortadi[10].

Ta’minotning ko‘payishi. Asafoetidaga talab ortib borayotganligi sababli, global ta’minotda ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Shunday qilib, 2018 yildan boshlab, asafoetidaning eng yirik iste’molchisi va qayta ishlovchisi Hindiston ushbu mahsulot importining o‘rnini bosuvchi vositani ishlab chiqishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Hindiston mahalliy sharoitda sun‘iy ravishda kavrak o‘stira boshladi.

Tovarlarning tashqi ko‘rinishiga talabning ortishi. Vizual jozibadorlik asta-sekin iste’molchini mahsulot sotib olishga undaydigan birinchi omilga aylanib bormoqda. Shu munosabat bilan, koplab ishlab chiqaruvchilar qadoqlangan asafoetidani sotishga katta e’tibor bera boshladi. Bundan tashqari, yuqori sifatli qadoqlash asafoetidaning asl xususiyatlarini uzoqroq saqlashga imkon beradi. Shu sababli, bu omil savdo barqarorligini oshiradi va qadoqlash sanoatining o‘sishini rag‘batlantiradi .

4. O‘zbekistonda kavrakning tarqalishi

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2022 yil may oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 12 ming gektardan ortiq maydonga kavrak ekilgan[11]. Bundan tashqari, kavrak Toshkent, Surxondaryo, Qashqadaryo, Jizzax, Navoiy, Buxoro viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasining qumli choʻl, adir, togʻ va togʻoldi hududlarida yovvoyi holda oʻsadi.

Oʻzbekistonda yovvoyi kavrakning 40 qa yaqin turi mavjud. Kavrakning faqat uchta turi sanoatda qayta ishlash ahamiyatiga ega :

  • badbo‘y hidli kavrak (Ferula Foetida )

  • kuhiston kavragi

  • ferula-shair turi.

5. Kavrakni qayta ishlash va eksport imkoniyati

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2021 yilda dorivor oʻsimliklar eksportchilari tomonidan qiymati 7,65 million dollarlik 170 tonna asafoetida xomashyosi eksport qilingan[12]. Kavrak asosan Hindiston, Afg‘oniston, Xitoy, shuningdek, MDH davlatlariga xomashyo shaklida eksport qilinadi[13].

Shuni ta’kidlash kerakki, asafoetidaning eksport salohiyatini kengaytirish sanoatda qayta ishlashni chuqurlashtirish sharoitidagina ma’lum foyda keltiradi. Bu muvaffaqiyatning muhim sharti strategik hamkorlar sifatida Hindistonning etakchi kompaniyalarini jalb qilishdir.

Jahon bozori istiqboli va O‘zbekistonning ichki salohiyatini hisobga olgan holda, O‘zbekistonda ushbu yo‘nalishni rivojlantirishning asosiy afzalliklari va xatarlarini ajratib ko‘rsatishimiz mumkin.

Foyda va ustunliklar:

  • Yetishtirish uchun minimal xarajatlar. Kavrak o‘ziga xos parvarishni talab qilmaydigan, serquyosh va qurg‘oqchil iqlimga moslashgan oddiy o‘simlik ekanligini hisobga olsak, uni yetishtirish xarajatlari narxi minimal bo‘ladi. Bundan tashqari, uni ko‘p yillik daraxtlar orasiga (koridorlariga) ekish mumkin, (masalan, pistazorlarga)[14].

  • Xomashyo narxida narx ustunligi. O‘zbekiston tomonidan eksport qilinadigan xomashyo tannarxi jahondagi o‘rtacha narxdan 3-4 baravar arzon bo‘lib, bu qayta ishlashni chuqurlashtirgan taqdirda raqobatdosh ustunlikni beradi.

  • Ortiqcha ishchi kuchiga ega hududlarda ish o‘rinlari yaratish. Kavrak qatronini yig‘ish jarayoni ko‘p mehnat talab qiladi va ma’lum bir ketma-ketlik va qoidalarga rioya qilishni taqazo etadi. Bu jarayon ishchi kuchiga ehtiyojni keltirib chiqaradi. Binobarin, mavsumiy ishlarni ham - yig‘ishni tashkil etishda, ham sanoatda qayta ishlashni tashkil etish sharti bilan doimiy ishlarni tashkil qilish mumkin.

  • Potensial daromadning sezilarli osishi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tayyor mahsulotni sotishdan olingan daromad xomashyo sotishdan olingan daromaddan 5-6 baravar ko‘p bo‘lishi mumkin (2-bandga qarang).

  • Jahon bozorida kavrakka talab ortib bormoqda. Talabning osishi asafoetida ziravorlarining oxirgi foydalanuvchilari va farmatsevtika kompaniyalari tomonidan ortib borayotgan qiziqish bilan bog‘liq (3-bandga qarang).

Xavf va cheklovchi omillar:

  • Jahon bozorida raqobatning kuchayib borishi. Kelajakda Hindiston o‘zining kavrak plantatsiyalarini yaratish orqali muhim raqobatchi bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, global talabning o‘sishini hisobga olgan holda, boshqa mamlakatlar, masalan, Eron, xom ashyoni qayta ishlash darajasini oshirishni maqsad qilishi mumkin.

  • Qayta ishlashni tashkil etish uchun katta mablaglarni sarflash zarurati. Kavrakdan tayyor mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish xarajatlari import texnologiyalari, oziq-ovqat va dorivor mahsulotlarning gigienasi va xavfsizligini boshqarish bo‘yicha jahon standartlarini joriy etish, mahsulot qadoqlarini ishlab chiqarish, xodimlarni oqitish va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish ishlab chiqarish xarajatlarinu ortishiga olib keladi.

 

Zulfiya Kostyuchenko,
PMTI loyihasi rahbari

Komiljon Qo‘ziyev,
PMTI guruhi rahbari

Rustam Jumamatov,
PMTI yetakchi ilmiy xodimi

Darya Ilina,
PMTI loyihasi rahbari

 


[1] Global Asafoetida Market, July 5, 2021, https://asafoetida.in/blog/
[2] Production Trends and Export Performance of Asafoetida in Afghanistan, Mohammad Akbar Nadeerpoor, The Pharma Innovation Journal 2022; SP-11(5): 606-608, https://www.researchgate.net
[3] Global Asafoetida Market, July 5, 2021, https://asafoetida.in/blog/
[4] https://economictimes.indiatimes.com/industry/cons-products/food/india-starts-cultivation-of-hing-which-it-imports-in-its-raw-form-for-usd-100-million/plan-to-eventually-save-usd-100-million/slideshow/78889715.cms
[5] https://connect2india.com/Asafoetida
[6] "APK-Inform" axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, https://www.fruit-inform.com/ru/news/189663#.Y8k2JHZByUk
[7] O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra
[8] https://www.amazon.com/asafoetida/s?k=asafoetida
[9] Global Asafoetida Market, July 5, 2021, https://asafoetida.in/blog/
[10] Global Asafoetida Market, July 5, 2021, https://asafoetida.in/blog/
[11] https://www.agro.uz/ru/11-0131/
[12] https://www.agro.uz/ru/11-0131/
[13] http://www.eecca-water.net/content/view/12700/1/lang.ru/
[14] http://www.eecca-water.net/content/view/12700/1/lang.ru/