Мақолалар ва тезислар 11 декабр 2023 6 daq 3084
O'zbekiston hududlarida AKTning rivojlanishi

O'zbekiston hududlarida AKTning rivojlanishi

O'zbekiston hududlarida AKTning rivojlanishi
Мақолалар ва тезислар · 11 декабр 2023

 

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining (AKT) funksionalligi muttasil kengayib, odamlarning turmush tarzini o‘zgartirayapti va ularning mehnat unumdorligiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada so‘nggi bir necha o‘n yillikda axborot texnologiyalari dunyo mamlakatlari iqtisodiyotiga sezilarli ijobiy hissa qo‘shdi. Masalan, 2018-yilda Yaponiya yalpi ichki mahsulotida AKTning ulushi 8,7 foizni[1], 2021-yilda AQShda 10,3 foizni[2], 2022-yilda Buyuk Britaniyada 5 foizni tashkil etgan. Gartner agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda AKTga global xarajatlar taxminan 4,7 trillion dollarni tashkil etadi. Bu avvalgi yildagiga qaraganda 4,3 foiz ko‘p[3]. Agentlik hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024-yilda global xarajatlar 5 trillion dollardan oshadi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari AKTning rivojlanish indeksi asosida O‘zbekiston hududlari reytingini tuzdi. Tahlil davomida quyidagi muhim natijalar olindi:

  1. 2015-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston bo‘yicha AKT rivojlanishining yig‘ma indeksi 5,55 dan 6,20 gacha ko‘tarildi.

  2. Yetakchi o‘rinlarni (TOP-3) Toshkent sh. (indeks qiymati – 8,92), Navoiy (6,78)  va Samarqand (6,39) viloyatlari egalladi.

  3. Indeks qiymati bo'yicha eng katta o‘sish Samarqand (+1,00) viloyatida kuzatildi.

  4. Indeksning eng past qiymati Sirdaryo (5,39), Surxondaryo (5,13) va Jizzax (5,10) viloyatlarida qayd etildi.

Indeks metodologiyasi

O‘zbekiston uchun AKTning rivojlanish indeksi Xalqaro elektr aloqasi ittifoqining 11 ko‘rsatkichni birlashtirgan AKTning rivojlanish indeksi (IDI) asosida tuziladi (1-jadval). Indeks axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) rivojlanishini mamlakatlar o‘rtasida va vaqt oralig‘ida kuzatish va qiyoslash uchun ishlatiladi.

O‘zbekiston uchun indeks mamlakatda AKT sohasining hududlar bo‘yicha rivojlanish darajasini aniqlash hamda umumiy rivojlanish bilan birga indeks tarkibiy qismlarinning ham rivojlanish sur’atini kuzatib borish imkonini beradi. Indeksni O‘zbekiston statistik ma’lumotlar bazasiga moslashtirish jarayonida ba’zi dastlabki ko‘rsatkichlar boshqa ko‘rsatkichlar bilan almashtirildi.

Indeks uchta asosiy guruhdan iborat: AKTdan foydalanish imkoniyati, AKTdan foydalanish darajasi va AKTdan foydalanish ko‘nikmalari (1-jadval). Guruhlar va ko‘rsatkichlarning salmog‘i IDIni hisoblash metodologiyasiga qat’iy mos keladi. Barcha guruh va ko‘rsatkichlar bo‘yicha salmoqlar yig‘indisi 1 ga teng. Barcha ko‘rsatkichlar o‘z guruhi doirasida teng salmoqqa ega va yakuniy indeksdagi guruhlar salmog‘i quyidagicha taqsimlanadi:

AKT indeksi = 0,4*Foydalanish imkoniyati + 0,4*Foydalanish darajasi + 0,2*Foydalanish ko‘nikmalari

Ko‘rsatkichlar turli xil o‘lchov birliklariga ega bo‘lganligi sababli, ularni taqqoslash uchun ko‘rsatkichlarni yagona o‘lchov tizimiga o‘tkazishni normallashtirish kerak. IDI hisoblash metodologiyasiga ko‘ra, normallashtirish quyidagi formula bo‘yicha hisoblanadigan eng maqbul qiymatga (reference point) asoslanadi (1-jadval).

Eng maqbul qiymat = O‘rtacha qiymat + 2*Standart og‘ish

Yig‘ma indeksni hisoblash uchun O‘zbekiston hududlari bo‘yicha o‘rtacha og‘irlik (salmog) dagi qiymatidan foydalanildi. Og‘irlik ko‘rsatkichi sifatida mintaqa aholisi sonidan foydalanildi. Chunki ular o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik mavjud.

1-Jadval. Indeksning tuzilishi

Ko‘rsatkich

Salmoq

Eng maqbul qiymat

AKTdan foydalanish imkoniyati

0,4

 

Hududlar bo’yicha uyali mobil aloqa tayanch stansiyalari soni

0,2

5,2

Hududlar bo’yicha mobil aloqa tizimiga ulangan abonent radiostansiyalari soni (har 100 kishiga nisbatan)

0,2

152,6

Optik tolali aloqa liniyalarining uzunligi

0,2

4,2

Shaxsiy kompyuterlarga ega korxona va tashkilotlar ulushi

0,2

73,8

Internetga ulangan korxona va tashkilotlar ulushi

0,2

36,4

AKTdan foydalanish darajasi

0,4

 

Hududlar bo’yicha Internet tarmog’iga ulangan abonentlar soni (har 100 kishiga nisbatan)

0,33

111,8

АKT sohasida faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslarda ishlovchi xodimlar soni

0,33

3,9

Hududlar bo’yicha aholining telefon apparatlari bilan  ta’minlanganligi

0,33

16,1

AKTdan foydalanish ko‘nikmalari

0,2

 

AKT sohasidagi o‘qituvchilar soni / talabalar soni

0,33

0,7

O‘quvchilar soni / maktablar soni

0,33

3,0

Ta՚limning barcha turlari bo‘yicha oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriatiga 100 o‘ringa qabul qilingan talabalar

0,33

3,4

Manba: Muallif hisob-kitoblari

 

Tahlil natijalari

O‘zbekiston uchun AKTning rivojlanishi indeksi 2015-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan davr uchun ham hududlar bo‘yicha, ham yig‘ma ko‘rsatkich sifatida hisoblab chiqilgan. Tahlil qilinayotgan davrda O‘zbekiston bo‘yicha yig‘ma indeks 5,55 dan 6,20 gacha ko‘tarilgan.

2015-yilda yetakchi o‘rinlarni (TOP-3) Toshkent sh. (indeks qiymati – 9,12), Navoiy (5,86) va Farg‘ona (5,71) viloyatlari egallagan. 2022-yil yakuniga ko‘ra, Samarqand viloyati (6,39) uchinchi o‘ringa ko‘tarilib, mutlaq qiymatning o‘sishi +1,00 punktni tashkil etdi. Bu viloyatlar orasida eng katta o‘sish hisoblanadi. Shu bilan birga, hududiy indeksni rivojlantirishga “AKTdan foydalanish imkoniyati” (ko‘rsatkich 5,72 dan 7,3 ga o‘sdi) va “AKTdan foydalanish darajasi” (3,9 dan 5,2 ga) subindekslari katta hissa qo‘shdi.

Eng past indeks qiymati Sirdaryo (5,39), Surxondaryo (5,13) va Jizzax (5,10) viloyatlarida qayd etildi (2-jadval). Aytish joizki, Sirdaryo viloyatida indeks qiymati oshganiga qaramay, o‘sish sur’ati boshqa viloyatlardagiga (Toshkent shahridan tashqari) nisbatan past bo‘ldi. Shunday qilib, 2022-yilda 2015-yildagiga nisbatan mintaqa reytingda 4 pog‘onaga pastladi.

E’tiborli jihati, o‘rganilgan davrda O‘zbekistonning barcha hududlarida, Toshkent shahridan tashqari, indeks mutlaq qiymatining o‘sishi kuzatildi. Toshkent shahrida indeksning biroz pasayishi boshqa hududlardagiga nisbatan dastlabki yuqori ko‘rsatkichlar bilan izohlanadi. Shu bilan birga, 2022-yilda Toshkent sh. reyting natijalariga ko‘ra eng yuqori indeks qiymatini saqlab qoldi.

Umuman olganda, barcha hududlarda “AKT ko‘nikmalari” subindeksi pasayganligi kuzatilmoqda. Bu IT o‘qituvchilarining talabalar soniga nisbati ortishi bilan bog‘liq. Natijada, keyingi yillarda talabalar soni keskin ko‘payganligi sababli IT o‘qituvchilari qo‘shimcha yuklamalar bilan ishlamoqda. Bu ta’lim xizmatlari sifati va talabalarning malaka darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

2-Jadval. Indeks qiymati

Hududlar

2015

2022

O‘zgarish

Qiymat

Reyting

Qiymat

Reyting

Qiymat

Reyting

O‘zbekiston Respublikasi

5,55

 

6,20

 

0,65

 

 

Toshkent shahri

9,12

1

8,92

1

-0,20

0

 

Navoiy viloyati

5,86

2

6,78

2

0,91

0

 

Samarqand viloyati

5,39

6

6,39

3

1,00

3

 

Farg‘ona viloyati

5,71

3

6,34

4

0,63

1

 

Buxoro viloyati

5,57

4

6,29

5

0,71

1

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

5,38

7

6,04

6

0,66

1

 

Namangan viloyati

5,12

9

6,01

7

0,89

2

 

Xorazm viloyati

5,43

5

5,98

8

0,55

3

 

Toshkent viloyati

5,08

10

5,95

9

0,87

1

 

Qashqadaryo viloyati

5,03

11

5,90

10

0,87

1

 

Andijon viloyati

4,87

12

5,72

11

0,85

1

 

Sirdaryo viloyati

5,31

8

5,39

12

0,09

4

 

Surxondaryo viloyati

4,71

14

5,13

13

0,43

1

 

Jizzax viloyati

4,80

13

5,10

14

0,30

1

 

Manba: muallif hisob-kitoblari

Takliflar

Ozbekiston hududlarida AKT sohasini yanada rivojlantirish va raqamlashtirish darajasini oshirish uchun quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:

1. Global talablarga javob beradigan zamonaviy IT-infratuzilmasini yaratish uchun xususiy kapitalni keng jalb qilish maqsadga muvofiq. Bu internet aloqasini yaxshilash, ma’lumot markazlarini kengaytirish va zamonaviy raqamli yechimlardan foydalanish imkonini beradi.

2. IT sohasida ta’lim va kadrlar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlash. Shu maqsadda barcha hududlardagi malaka oshirish markazlarida ta’lim dasturlari va qisqa muddatli kurslarni ishlab chiqish va yo‘lga qo‘yish kerak. Shu bilan birga, tegishli tashkilotlar va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik yo‘li bilan maktablar, kollejlar va oliy o‘quv yurtlari uchun axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘qituvchilarni tayyorlash, jumladan, IT-kasblar bo‘yicha talabalarga imtiyozlar berishga alohida e’tibor qaratish lozim.

3. IT innovatsiyalar va tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish. Buning uchun har bir hududning o‘ziga xosligi va mavjud salohiyatini hisobga olgan holda startaplarni rivojlantirish, IT-sohada inkubator va akseleratorlar yaratish bo‘yicha hududiy kompleks dastur ishlab chiqish zarur.

4. Mamlakat bozoriga yirik xalqaro IT-kompaniyalar va investorlarni jalb qilish maqsadida litsenziyalangan raqamli mahsulotlar va yechimlardan foydalanish muhiti va madaniyatini yaratish zarur. Bu O‘zbekistonning jahon IT-bozoriga integratsiyalashuv darajasini oshiradi va mahalliy mutaxassislar uchun xorijiy IT-platformalardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilaydi.

 

Anton Kostyuchenko,
MHTI loyiha rahbari

Odiljon Nazarov,
MHTI yetakchi ilmiy xodimi

 


[1]https://www.jetro.go.jp/en/invest/attractive_sectors/ict/overview.html#:~:text=The%20nominal%20GDP%20of%20Japan's,industries%20(See%20Figure%201)
[2] https://www.bea.gov/system/files/2022-11/new-and-revised-statistics-of-the-us-digital-economy-2005-2021.pdf
[3] https://www.gartner.com/en/newsroom/press-releases/2023-07-19-gartner-forecasts-worldwide-it-spending-to-grow-4-percent-in-2023