O‘zbekiston o‘zining sanoat va eksport salohiyatini oshirib bormoqda. Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksport qilish hajmi va ularning mamlakat umumiy eksportidagi ulushi ham ortib, energiya va paxta eksportiga qaramligi kamayib borayapti. Sanoat mahsulotlari eksporti tarkibi sifat jihatidan o‘zgardi, aniqrog‘i eksportda tayyor mahsulotlarning ulushi ortdi. Shunga qaramay, hali ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilgani yo‘q.
Boshqa tomondan, O‘zbekiston iqtisodiyotiga bevosita ta'sir ko‘rsatadigan turli xil tashqi bo‘hronlar mavjud. Jahon iqtisodiyotida pandemiya va uzoq davom etgan karantin, O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlariga qarshi iqtisodiy jazo choralari va yana boshqa bir qator muammolar muttasil ravishda yuzaga kelmoqda. Bundan tashqari, xalqaro maydonda ko‘plab yangi bozor ishtirokchilari, yangi raqobatchilar paydo bo‘ladi. Ular iqtisodiyotidagi o‘sish ajoyib natijalarni ko‘rsatmoqda.
Bunday sharoitda mamlakat iqtisodiyoti qanchalik barqaror, uni rivojlantirish zaxiralari qanchalik diversifikatsiyalangan, degan savol tug‘iladi. Beqarorlik va global bo‘hronlar sharoitida iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashning manbalaridan biri bu - eksportni diversifikatsiya qilish darajasini oshirish, eksportni xom ashyodan jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan yuqori darajada qayta ishlanadigan tovarlarga yo‘naltirishdir. Eksportdagi tovarlarning ayrim pozitsiyalaridagi haddan tashqari konsentratsiya jahon bozorida narxlarning yuqori o‘zgaruvchanligi sharoitida mamlakat iqtisodiyoti uchun xatarlarni keltirib chiqaradi. V.M Polterovich ta’kidlaganidek, "jahon bozori jadal o‘sgan paytda eksportni diversifikatsiya qilishga ko‘proq e’tibor qaratish maqsadga muvofiq" [1].
Bu bois birinchi navbatda, sanoat mahsulotlari eksportidagi o‘zgarishlarni baholash zarur. Bu hozirgi vaqtda mamlakatning eksport savati nima ekanligi, uning tarkibi so‘nggi yillarda qanday o‘zgarganligi, o‘zgarish dinamikasi qanday bo‘lganligi va hokazolarni aniqlash imkonini beradi.
Diversifikasiya umumiy ma’noda xilma-xillikning kengayishini anglatadi. Mahsulot eksportiga nisbatan diversifikatsiya eksport qilinadigan tovarlar miqdori va assortimentini oshirish, shuningdek, eksportning muvozanatlashgan tarkibiga erishishga olib keladigan jarayonni o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston sanoat mahsulotlari eksportini diversifikatsiya qilish darajasini baholash uchun Herfindal-Xirshman yondashuvidan foydalanildi. Ushbu yondashuv iqtisodiy konsentratsiyani baholash uchun ishlatiladi. Xususan, undan bozor konsentratsiyasi darajasi, monopollashuv darajasi va boshqalarni baholashda foydalaniladi. Indeks birinchi marta amerikalik iqtisodchi, Garvard universiteti professori Albert Xirshman tomonidan 1945 yilda tashqi savdo bozorlarining konsentratsiya darajasini baholash uchun ishlab chiqilgan [2].
Konsentratsiya darajasi baholanadigan ko‘rsatkich Herfindal-Xirshman indeksi bo‘lib, u har bir elementning umumiy hajmidagi ulushlari kvadratlari yig‘indisidan iborat:
Ushbu indeks qiymati qancha yuqori bo‘lsa, konsentratsiya darajasi shuncha yuqori bo‘ladi. Indeks 0 dan 1 gacha bo‘lgan qiymatni oladi (ulushlarni foizsiz hisoblaganda).
Diversifikatsiya konsentratsiyaga teskari bo‘lgan jarayon. Ushbu mantiqdan kelib chiqqan holda, diversifikatsiya darajasini baholash uchun Herfendal-Hirshman konsentratsiyasi indeksiga teskari indeksdan foydalanilgan:
yoki:
Indeks diapazoni 1 dan 100 gacha (ulushlarni foizsiz hisoblashda), bu yerda 1 nazariy jihatdan bitta mahsulotdagi mutlaq konsentratsiyani anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, ma’lum vaqt oralig‘ida indeks qiymatining oshishi diversifikatsiya darajasining oshishini anglatadi.
Shunday qilib, olingan formuladan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida 2010-2021 yillarga mo‘ljallangan sanoat eksportining diversifikatsiya indeksi (bu yerda va keyingi o‘rinlarda oziq-ovqat mahsulotlari hisobga olinmagan holda) hisoblab chiqildi. Shu bilan birga, 2 xonali TIFTN kodlari bo‘yicha mahsulotlarni eksport qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanildi. Natijalar 1-rasmda ko‘rsatilgan.
1-rasm. O‘zbekiston sanoat mahsulotlari eksportining diversifikatsiya indeksi dinamikasi
Hisob-kitoblar natijalari O‘zbekiston sanoat mahsulotlari eksportini diversifikatsiya qilishda sezilarli yutuqlarga erishilganini ko‘rsatdi. Shunday qilib, 2010-2021 yillar uchun indeks qiymati 4,82 dan 5,76 gacha oshgan. Bunga e’tiborni energiya resurslari, paxta va boshqa xom ashyo mahsulotlari eksportiga qaratishdan voz kechish yordam berdi. Shunday qilib, 2010 yilda sanoat mahsulotlari eksportida mineral yoqilg‘ining ulushi qariyb 30% ni, paxtaning ulushi esa 20% ni tashkil etgan, ya’ni sanoat eksportining yarmi ikkita asosiy tovarga to‘g‘ri kelgan. Bu esa eksport konsentratsiyasining yuqori darajasini ko‘rsatadi. Ushbu tovarlarning eksportdagi ulushi 2016 yilda 36% ni, 2021 yil oxiriga kelib esa 22% ni (mos ravishda mineral yoqilg'i – 7%, paxta – 15%) tashkil etdi.
Bundan tashqari, ushbu davrda ishlab chiqarish va eksportni yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlarga yo‘naltirish siyosati olib borildi. Natijada tayyor to‘qimachilik mahsulotlari va kiyim-kechak eksporti 6 barobar oshib, sanoat mahsulotlari eksportida 1,5% ni tashkil etdi. Elektr texnikasi va uskunalari eksporti hajmi sezilarli darajada oshdi – 73% ga. Shunday o‘zgarishlar yuqori qo‘shilgan qiymatli boshqa bir qator sanoat mahsulotlari eksportida ham sodir bo‘ldi.
Bu o‘zgarishlarning barchasi sanoat mahsulotlari eksporti tarkibining sifat jihatidan o‘zgarishiga olib keldi. Agar 2010 yilda sanoat eksportining yarmidan ko‘pini xom ashyo va butlovchi buyumlar tashkil qilgan bo‘lsa, 2021 yilda ularning ulushi 17,5% gacha kamaydi.
Pandemiya bilan kechgan 2020 yilda indeksning sezilarli darajada pasayishiga obyektiv ravishda savdo va logistika borasidagi qat’iy cheklovlar, tashqi talabning pasayishi va dunyoda iqtisodiy faollikning pasayishi sabab bo‘ldi.
Shuningdek, sanoat tovarlarining ayrim guruhlari eksportini diversifikatsiya qilish darajasiga ham baho berildi. Bunda O‘zbekiston sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishda asosiy bo‘lgan tovar guruhlari tanlab olindi. Baholash natijalari 1-jadvalda keltirilgan.
1-jadval. O'zbekistonning alohida tovar guruhlari eksportida diversifikatsiya indeksi dinamikasi
Tovar guruhlarining nomi |
2010 |
2016 |
2020 |
2021 |
2010-2021 yillardagi o‘zgarish |
Kimyo-farmatsevtika sanoati mahsulotlari |
1,56 |
2,00 |
2,63 |
2,76 |
O‘sish |
Qora va rangli metallar, ulardan tayyorlangan buyumlar |
2,34 |
2,59 |
2,51 |
1,92 |
Pasayish |
To‘qimachilik va kiyim-kechak |
1,21 |
1,68 |
2,58 |
2,34 |
O‘sish |
Charm va poyabzal mahsulotlari |
1,67 |
1,26 |
2,17 |
2,44 |
O‘sish |
Muhandislik mahsulotlari |
2,04 |
3,70 |
2,71 |
2,59 |
O‘sish |



