Jahon tajribasi hududlarning barqaror va mutanosib taraqqiyoti mamlakat raqobatbardoshligini oshirishning muhim omili ekanligini ko‘rsatmoqda. Bu jihatdan O‘zbekistonning hududlar bo‘yicha siyosati sanoatning mutanosib rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan. U sifatli o‘zgarishlar, tarkibiy jihatdan tub islohotlarning amalga oshirilishi, hududlar rivojidagi notekislik hamda hududlararo nomutanosiblikni qisqartirishni ko‘zda tutadi.
Hududlar rivojlanishi va xalqaro savdoga oid nazariyalar (Imbs and Warcziag, 2003; Cadot et al., 2011; Bahar and Santos, 2016) ga binoan ishlab chiqarish konsentratsiyasi va diversifikatsiyasi iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar omili sifatida ko‘rib chiqiladi. Bunda konsentratsiya (Xerfindal-Xirshman konsentratsiya indeksi) darajasi pastroq bo‘lgan, ya’ni ko‘proq diversifikatsiyalangan mamlakatlar odatda ichki va tashqi xavf-xatarlarga nisbatan barqaror bo‘lishi ta’kidlanadi.
O‘rganilayotgan tadqiqot mavzusi alohida hududlar iqtisodiyotining diversifikatsiyalanganlik darajasi va barcha zarur narsalar yetarli ekanligini baholash zarurati bilan asoslangan. Shu munosabat bilan Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) tomonidan O‘zbekiston sanoatining hududiy mutanosibligi ishlab chiqarish konsentratsiyasi indeksi (ICHKI) bo‘yicha baholandi.
Ishlab chiqarish konsentratsiyasi indeksi hududlarda u yoki bu tarmoqning (iqtisodiy faoliyat turlari) o‘ziga xos jihatlarini aniqlash usuli bo‘lib xizmat qiladi va ishlab chiqarishda hududlararo nomutanosiblik darajasini ko‘rsatadi.
Tadqiqot natijalari O‘zbekiston sanoatining hududiy tarkibi ishlab chiqarish konsentratsiyasining qisqarishi bo‘yicha ijobiy tendensiyaga ega ekanligini ko‘rsatdi. Bu esa ishlab chiqarish hududlar bo‘yicha nisbatan bir tekis ekanligini anglatadi.
2021-yil yakunlari bo‘yicha to‘qimachilik, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari, mebellar, qurilish materiallari, kimyoviy mahsulotlar, ya’ni aholi orasida talab katta bo‘lgan iste’mol tovarlarini ishlab chiqarishda hududlar bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarining nisbatan bir tekis joylashuvi qayd etildi.
O‘zbekiston sanoatining hududiy mutanosibligini ishlab chiqarish konsentratsiyasi indeksi (ICHKI) bo‘yicha baholash yillik ma’lumotlar asosida amalga oshirildi. Bu esa hududlar sanoatining rivojlanishini baholash, ishlab chiqarishdagi nomutanosiblik va asimmetriklik, hududlararo farqlarni aniqlash va shu asosda qo‘shimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Eslatma:
Sanoatning asosiy tarmoqlari bo‘yicha ishlab chiqarish konsentratsiyasi indeksi (ICHKI) ni baholash uchun ishlаb chiqarish quvvatlarining mamlakat hududlari bo‘ylab joylashuv darajasini ifodalovchi Xerfindal-Xirshman indeksidan foydalanildi. Indeks qiymati qancha baland bo‘lsa, ma’lum bir hududda konsentratsiya darajasi ham shuncha yuqori bo‘ladi. Bu esa hududiy tarkibning mos emasligidan dalolat beradi. Indeks qiymatining nolga yaqinlashishi hududiy tarkibning bir xil ekanligini bildiradi.
ICHKI 0 dan 1 gacha bo‘lgan diapazonda qiymatga ega va quyidagicha izohlanadi: 0,0 ≤ ICHKI ≤ 0,300 – ishlab chiqarish quvvatlarining hududlar bo‘yicha bir tekis taqsimlangani; 0,300 < ICHKI ≤ 0,650 – ishlab chiqarish quvvatlarining hududlar bo‘yicha o‘rta darajada ekanligi; 0,650 < ICHKI ≤ 1,000 – ishlab chiqarish quvvatlarining hududlar bo‘yicha notekis taqsimlangani.
Bu usul K.Ayginger, E.Rossi-Xansberg, Ye.Marelli, J.Imbs, A.Belov kabi yetakchi iqtisodchi olimlar tomonidan qo‘llaniladi.
1-jadval
2021-yilda ishlab chiqarishning hududiy konsentratsiya ko‘rsatkichi
bo‘yicha sanoat tarmoqlari reytingi
Iqtisodiy faoliyat turi |
Ichki |
2017-2021 yillar davomidagi o‘zgarish |
Ishlab chiqarish quvvatlarining hududlar bo‘yicha bir tekis joylashuvi |
||
To‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish |
0,038 |
ijobiy |
Oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish |
0,066 |
salbiy |
Mebel ishlab chiqarish |
0,105 |
Ijobiy |
Nometal mineral mahsulotlarni ishlab chiqarish |
0,110 |
Ijobiy |
Elektr ta’minoti |
0,114 |
Ijobiy |
Kiyim-kechak ishlab chiqarish |
0,128 |
salbiy |
Charm mahsulotlarni ishlab chiqarish |
0,217 |
salbiy |
Kimyoviy mahsulotlarni ishlab chiqarish |
0,224 |
ijobiy |
Ishlab chiqarish quvvatlarining hududlar bo‘yicha u yoki bu darajada bir tekis joylashuvi |
||
Rezina va plastmassa buyumlarni ishlab chiqarish |
0,304 |
Ijobiy |
Qog‘oz mahsulotlarni ishlab chiqarish |
0,410 |
Ijobiy |
Ichimliklar ishlab chiqarish |
0,441 |
salbiy |
Metallurgiya sanoati |
0,486 |
salbiy |
Avtotransport vositalarini ishlab chiqarish |
0,516 |
Ijobiy |
Mashina va uskunalarni ta’mirlash va o‘rnatish |
0,584 |
Ijobiy |
Elektr uskunalari mahsulotlari |
0,595 |
Ijobiy |
Ishlab chiqarish quvvatlarining hududlar bo‘yicha notekis joylashuvi |
||
Koks va neftni qayta ishlash mahsulotlarini ishlab chiqarish |
0,675 |
salbiy |
Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish |
0,723 |
salbiy |
Kompyuterlar, elektronika mahsulotlarini ishlab chiqarish |
0,743 |
salbiy |
Yozib olingan materiallarni chop etish va qayta ishlab chiqarish |
0,782 |
ijobiy |
Metall rudasini qazib olish |
0,811 |
salbiy |
Tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish |
0,823 |
ijobiy |
Ko‘mir va lignit qazib olish |
0,899 |
ijobiy |
Xom neft va tabiiy gaz qazib olish |
0,915 |
salbiy |