Мақолалар ва тезислар 11 апрел 2023 5 daq 2119
Kikshering xizmati – harakatlanishning yangi turi sifatida O'zbekiston uchun istiqbollar va xavflar

“Kikshering” xizmati – harakatlanishning yangi turi sifatida O'zbekiston uchun istiqbollar va xavflar

Kikshering xizmati – harakatlanishning yangi turi sifatida O'zbekiston uchun istiqbollar va xavflar
Мақолалар ва тезислар · 11 апрел 2023

 

Kiksheringning O'zbekistonga kirib kelishi

Kikshering (inglizcha "kick" - "oyoq bilan tepish" va "sharing" - " birgalikda foydalanish") - bu mobil ilova yordamida elektr samokatlarni qisqa muddatga ijaraga olish xizmatidir. Belgilangan joyda turuvchi samokatlarni ijaraga olish uchun maxsus mobil ilova yuklanadi hamda qurilmadagi QR kod skanerdan o‘tkaziladi. Sayohat oxirida samokat ruxsat etilgan maxsus joylarning birida qoldiriladi va shundan so‘nggina ijaraga olish yakuniga yetgan, deb hisoblanadi.

2022-yilning aprel oyida Toshkentda birinchi “kikshering” xizmati ishga tushirildi.[1] Elektr samokatlar onlayn ijarasining qisqa vaqt ichida ommalashuvi, shahar ko‘chalarida elektr samokatlar sonining juda tez sur’atlar bilan ortishiga olib keldi. Biroq, mazkur transport vositalarining betartib harakatlanishi piyodalar, velosipedchilar va avtomashinalar uchun qator muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Kiksheringning afzalliklari:

➖ qisqa vaqt ichida A nuqtadan B nuqtaga yetib borish uchun qulay transport vositasi;

➖ avtomobilda harakatlanishga qaraganda ancha kam xarajat ketadi va foydalanuvchilar uchun narx afzalligi mavjud;

➖ shaxsiy avtomobillar va jamoat transportiga muqobil vosita bo‘lganligi sababli tirbandlikni kamaytiradi;

➖ to‘g‘ridan-to‘g‘ri zararli gazlar ajratib chiqarmaganligi sababli ekologik toza transport hisoblanadi.

Kamchiliklari:

➖ avtomobil yo'llaridagi betartib harakati haydovchilarda stressni keltirib chiqaradi va samokatdagi kishilar hayotiga xavf yuzaga keladi;

➖ piyodalar yo‘lagida kimo‘zar o‘ynash yo‘lakda harakatlanayotgan qariyalar, bolalar va nogironlar uchun xavf tug‘diradi;

bitta qurilmadan bir vaqtda ikki kishi foydalanishi yo‘l transport hodisasi xavfini oshiradi;

➖ elektr samokatlarni yo‘llarga betartib qoldirib ketilishi qolganlarning harakati uchun noqulaylikni yuzaga keltiradi;

voyaga yetmaganlar va mast holdagi kishilarning ham elektr samokatlarni ijaraga olishi bilan bog‘liq holatlar kuzatiladi;

shovqinsiz harakatlangani bois atrofdagilar payqamay qoladi va bu to‘qnashuv xavfini oshiradi.

Elektr samokatlar bilan bog‘liq noxush hodisalar statistikasi

Elektr samokatlar ijarasi ommalashishi bilan mazkur vosiltalardan foydalanish chog‘ida jarohat olish bilan bog‘liq holatlar ko‘paymoqda.

  • Italiyada so‘nggi ikki yil ichida elektr samokatlar ishtirokida ro‘y bergan yo‘l transport hodisalari (YTH) oqibatida 17 kishi vafot etgan. Rim politsiyasining ma'lumotlariga ko‘ra, bir oyda o‘rtacha 15 ta baxtsiz hodisa qayd etiladi. [2]

  • Fransiyada 2022-yilda elektr samokatlar 27 kishining hayotiga zomin bo‘lgan. [3] Parijning o‘zida shu yilda elektr samokatlar bilan bog‘liq hodisalar oqibatida 3 kishi hayotdan ko‘z yumgan va 459 kishi jarohatlangan. [4]

  • 2021-yilda Buyuk Britaniyada elektr samokatdan foydalanuvchilardan 10 nafari to‘qnashuvlar oqibatida olamdan o‘tgan, 331 nafari og‘ir jarohat olgan.[5]

  • Germaniyada 2022-yilda elektr samokatlar ishtirokida jami 442 ta baxtsiz hodisa ro‘y bergan (2021-yilda bu ko’rsatkich 282 tani tashkil qilgan).[6]

Xalqaro tajriba

Elektr samokatlardan foydalanishda jarohatlanish bilan bog‘liq holatlar ortib borayotganini hisobga olib, xorijiy mamlakatlarning hukumatlari qurilmalardan foydalanishni tartibga solishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlarni ko‘rmoqda. Jumaldan:

  • Joriy yilning aprel oyida Parijda elektr samokatlarni to‘liq ta’qiqlash bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Unda ovoz beruvchilarning 90 foizi ushbu transport vositalarini ta’qiqlash tarafdori ekanligini bildirgan.[7]

  • 2022-yilda Finlyandiya poytaxti Xelsinkida dam olish kunlari yarim tundan keyin elektr samokatlarni ijaraga olish ta’qiqlandi.[8]

  • Yaponiyada elektr samokatda davlat raqami va yon oynalari bo‘lishi kerak, degan qoida mavjud. Shuningdek, ularning piyodalar yo‘lagida harakatlanishi ham ta’qiqlangan.[9]

  • Buyuk Britaniyada elektr samokatdan foydalanuvchida Q toifali haydovchilik guvohnomasi bo‘lishi kerak.[10]

  • Daniya, Ispaniya va Norvegiyada maxsus dubulg‘a kiyish 2022-yildan boshlab minimal texnik standart sifatida joriy qilingan.[11]

  • Rossiyada 2023-yildan boshlab elektr samokatlardan foydalanuvchilarning yuk va boshqa yo‘lovchilarni tashishi ta’qiqlanadi.[12]

 

Salbiy oqibatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar

Ta’kidlash joizki, amaldagi yo‘l harakati qoidalariga “elektr samokat” tushunchasi kiritilmagan. Mazkur qurilmalarni qulay shahar transporti sifatida rivojlantirish uchun qonunchilikni takomillashtirish va ulardan foydalanishni tartibga solish talab etiladi. Xususan:

  • yo‘l harakati qoidalariga “elektr samokat” tushunchasini kiritish va ulardan foydalanishning tartibini belgilash (Rossiyada 2023-yil mart oyidan boshlab “individual harakatlanish vositalari” tushunchasi joriy etilgan bo‘lib, ularga elektr samokatlar kiritilgan[13]);

  • piyodalar serqatnov hududlarda tezlikni avtomatik pasaytirish texnologiyasini qo‘llash (ko‘plab xorijiy mamlakatlarda qo‘llaniladi) [14];

  • qurilmadan bir vaqtning o‘zida ikki kishining foydalanishi, shuningdek, mast holatda boshqarishning oldini olish mexanizmini ishlab chiqish;

  • qurilmalardan foydalanishda yosh chegarasini joriy etish va ushbu chegaraga rioya qilish mexanizmini ishlab chiqish (Face-ID texnologiyasidan foydalanish);

  • elektr samokatlarni tunda ijaraga olishni cheklash (mast holatda boshqarish bilan bog‘liq holatlarning aksariyati aynan tunda sodir etiladi, shu bilan birga ko‘rish masofasining pasayishi YTH xavfini oshiradi) [15];

  • elektr samokatlar turadigan maxsus joylarni tashkil etish.

Mazkur chora-tadbirlar elektr samokatlardan foydalanishda xavfsizlikni oshirish, noxush hodisalar hamda aholi o‘rtasida ushbu ekologik va qulay transport turiga nisbatan salbiy fikr uyg‘onishining oldini olishga xizmat qiladi.

 

Abdusattorjon Abdumuminov,
MHTI katta ilmiy xodimi

 

 


[1] https://www.spot.uz/ru/2022/04/29/yoto/

[2] https://www.theguardian.com/world/2022/jun/25/rome-to-impose-new-rules-to-curb-wild-west-e-scooter-incidents

[3] https://www.france24.com/en/europe/20230401-a-polarised-debate-paris-to-vote-on-banning-self-service-e-scooters

[4] https://www.theguardian.com/world/2023/apr/02/parisians-vote-on-banning-e-scooters-from-french-capital

[5] https://www.carwow.co.uk/news/6378/rise-in-e-scooter-crashes#gref

[6] https://www.thelocal.de/20230405/could-germany-ban-e-scooters-following-rise-in-accidents

[7] https://www.theguardian.com/world/2023/apr/02/parisians-vote-on-banning-e-scooters-from-french-capital

[8] https://www.euronews.com/next/2022/06/27/from-speed-limits-to-mandatory-helmets-how-european-countries-are-regulating-e-scooters

[9] https://epic-j.com/traffic-access/main-transport/other-transport/e-scooters/

[10] https://www.gov.uk/guidance/e-scooter-trials-guidance-for-users

[11] https://etsc.eu/several-countries-tighten-e-scooter-rules-as-german-study-finds-huge-underreporting-of-injuries/

[12] https://pddmaster.ru/novoe/pdd-0323-2.html

[13] https://telecomdaily.ru/news/2023/02/28/elektrosamokaty-stanovyatsya-transportom-v-zakone

[14] https://www.verdict.co.uk/voi-computer-vision/

[15] https://www.euronews.com/next/2022/06/27/from-speed-limits-to-mandatory-helmets-how-european-countries-are-regulating-e-scooters