Texnologiyalar asri bo‘lmish XXI asrda uyali aloqa vositalari kabi raqamli qurilmalar insonlar hayotida muhim o‘rinni egallab bormoqda. Ayniqsa, ular ish va o‘qishda juda katta ahamiyatga ega. Uyali telefonlar o‘quvchilarning ta’lim olishiga qanday ta’sir ko‘rsatishi doimo munozaralarga sabab bo‘lib kelgan. Telefonlar o‘quv resurslariga osonroq kirish, muloqotni osonlashtirish va turli ilovalar orqali o‘rganish imkoniyatini bersa-da, potensial chalg‘itish manbai bo‘lib qolishiga oid xavotirlar ham yo‘q emas. Bundan tashqari, an’anaviy o‘quv resurslari, xususan, chop etilgan kitoblar, ta’limda hali hamon asosiy manba rolini o‘ynashda davom etmoqda. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi, ushbu manbalarning qaysi biri o‘quvchi uchun ko‘proq foydali?
Bu savol va xavotirlarga ilmiy asoslangan javobni olish uchun an’anaviy vositalar va raqamli qurilmalarning o‘zbekistonlik o‘quvchilar erishgan akademik natijalarga ta’siri baholandi. Bunda oilada uyali telefon va kitobning mavjudligi O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilarning akademik yutuqlariga ta’siri o‘rganildi.
Tadqiqotlar mobil telefonlardan foydalanishning akademik muvaffaqiyatga ta’siri turlicha ekanligini ko‘rsatadi. Felisoni va Godoi (2018) Braziliya biznes maktabi talabalari orasida o‘tkazilgan tadqiqotda mobil telefonlardan haddan tashqari ko‘p foydalanish, ayniqsa mashg‘ulotlar vaqtida, akademik natijalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini aniqladi. Talabalarning kuniga o‘rtacha 100 daqiqa raqamli vositadan foydalanishi maktab reytingidagi ko‘rsatkichi 6,3 ballga pasayishiga olib kelgan. Xuddi shunday, Lep, Barkli va Kaprinski (2014, 2015) mobil telefonlardan foydalanish bakalavriat bosqichi talabalarining akademik muvaffaqiyati pasayishiga, tashvishlarning oshishiga va hayotdan qoniqish darajasining pasayishiga olib kelganini ko‘rsatgan.
Eladxem va Avad (2017) hamda Vedikandeyj va Zaxir (2024) mobil telefonlardan foydalanish va akademik natijalar o‘rtasida ijobiy munosabat mavjudligini aniqlagan. Rubiu va boshqalar (2016) ham mobil telefonlardan foydalanish akademik natijalarga sezilarli ta’sir qilishini aniqlagan. Ushbu tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, mobil telefonlar akademik natijalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lsa-da, salbiy ta’sirlarini minimallashtirish maqsadida ulardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish lozim.
An’anaviy resurs sifatida oilalarda kitoblarning (shu jumladan bolalar adabiyotining) mavjudligi, o‘quvchilarning ta’limdagi natijalari hamda kelgusidagi akademik muvaffaqiyatiga ta’sir qilishi tadqiqotlarda ilmiy asosini topgan. PIRLS 2011 (Progress in International Reading Literacy Study - turli mamlakatlarda boshlang‘ich sinfda tahsil oluvchi o‘quvchi yoshlarning matnni o‘qish va tushunish darajasi sifatini baholab beruvchi xalqaro baholash tizimi) nisbatan past natijalarga erishgan mamlakatlardagi o‘quvchilarning uyida kitoblar kamroq bo‘lganini (Eriksson va boshqalar 2022) ko‘rsatdi. Sikora, Evans va Kelli (2019) tadqiqotida ham kitoblar bo‘lgan xonadonlarda kattalarning savodxonlik, hisob-kitob va texnologik muammolarni hal qilish ko‘nikmalari yaxshiroq ekanligi isbotlangan. Kitoblar ko‘p xonadonlarda voyaga yetayotgan bolalar ota-onasining ma’lumoti, mashg‘uloti va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, kitobsiz uydagi bolalarga qaraganda 3-yil ko‘proq o‘qishi ham ilmiy asoslangan (Evans va boshqalar 2010). Shu bilan birga, o‘zi uchun qiziqarli bo‘lgan kitoblarni doimiy ravishda o‘qish odati so‘z boyligi va matematika bo‘yicha malakaning oshishi bilan uzviy ravishda bog‘liq. Biroq matematika bo‘yicha malaka so‘z boyligiga qaraganda kamroq oshadi (Sallivan va Braun 2015).
O‘zbekistonlik o‘quvchilarning ta’limdagi natijalari nisbatan pastligi xalqaro test sinovlarida o‘z isbotini topgan.
Ma’lumot uchun: 2021-yilda mamlakatimizda o‘tkazilgan xalqaro PIRLS (turli mamlakatlarda boshlang‘ich sinfda tahsil oluvchi o‘quvchi yoshlarning matnni o‘qish va tushunish darajasi sifatini baholab beruvchi xalqaro baholash tizimi) testida mahalliy o‘quvchilar dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich (500) dan past natija (437) olganini keltirish mumkin. 2022-yilda O‘zbekiston maktablari 15 yoshli o‘quvchilar bilimini baholash bo‘yicha xalqaro dastur – PISA (Programme for International Student Assessment) imtihonlarida ilk marta ishtirok etgandi. Sinov natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonlik bolalar 81 ta mamlakat orasida matematika bo‘yicha 72-o‘rinni, tabiiy fanlar va o‘qish savodxonligi yo‘nalishlarida eng oxiridan bitta oldingi o‘rinni (80-o‘rin) egalladi.
PISA 2022 so‘rovnoma tahliliga[1] ko‘ra, O‘zbekistonda 90 foizdan ziyod 15 yoshli o‘quvchilarning xonadonida kitob mavjud bo‘lishiga qaramasdan, hududlar kesimida o‘quvchilarning shaxsiy telefonga egalik qilishida farq juda katta (qishloq joylarda 61 foiz, katta shaharlarda 88,4 foiz).
So‘rovning dastlabki tahliliga ko‘ra, O‘zbekistonda shaxsiy telefoni bor o‘quvchilar telefoni bo‘lmagan o‘quvchilarga qaraganda barcha test sinovlarida balandroq ball olgan: matematikadan o‘rtacha 11 ball, tabiiy fanlardan o‘rtacha 8 ball va o‘qishdan o‘rtacha 6 ball. Ya’ni telefondan ta’lim resursi sifatida foydalanish ta’lim natijasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan.
Shunga o‘xshash tarzda, uyida kitobi bo‘lgan bolalar ham kitobi bo‘lmagan bolalarga qaraganda yuqoriroq bal olgan. Lekin ularning farqi yuqorida keltirib o‘tilgan (telefon mavjud bo‘lgan bolalardagi) farqdan ancha kattaroq: matematikadan o‘rtacha 31 ball, tabiiy fanlardan o‘rtacha 30 ball va o‘qishdan 35 ball bo‘lgan.
.jpg)
Ushbu tadqiqot uchun ma’lumotlar bazasi sifatida PISA 2022 so‘rovnomasida[2] ishtirok etgan o‘zbekistonlik 15 yoshli 7293 nafar o‘quvchining javoblaridan foydalanildi. Ma’lumotlar to‘plami ularning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha qayd etgan natijalari, shuningdek, xonadonlardagi kitoblar va uyali telefonlar kabi o‘quv resurslarining imkoniyatlari haqida ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Moyillikni solishtirish (Propensity-Score Matching), eng yaqin qo‘shnini moslash (Nearest-neighbor matching), regressiya tuzatish (Regression Adjustment) va Kengaytirilgan teskari ehtimollikni tortish (Augmented inverse-probability weighting) moslashtirish usullarining natijalariga ko‘ra: uyda kitoblarning mavjudligi O‘zbekistondagi 15 yoshli o‘quvchilarning akademik yutuqlarini statistik jihatdan muhim darajada oshiradi: matematika ballari 21,1 dan 29,4 gacha, o‘qish ballari 23,6 dan 33, 7 gacha va tabiiy fanlar ballari 17,7 dan 29,8 gacha oshadi. Shu bilan birga, uyali telefon egasi bo‘lish ham ballarning yuqoriroq bo‘lishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Lekin kitobning mavjudligiga nisbatan ancha kichikroq, ya’ni: matematikaddan ballar 5,4 dan 10,5 gacha, o‘qishdan ballar 4,8 dan 9,5 gacha va tabiiy fanlardan ballar 3,4 dan 10,1 gacha oshadi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, uyali telefon kabi raqamli qurilmalar akademik natijalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ammo an’anaviy o‘quv resurslari, masalan, kitoblar, yanada muhimroq rol o‘ynaydi.
O‘zbekistonda ta’lim sifatini va standartlashtirilgan testlardan yuqori ballarga erishish imkoniyatini oshirish uchun olib borilgan tadqiqot natijalari asosida o‘quvchilarning raqamli resurslardan oqilona foydalanishini targ‘ib qilish uchun:
-
uyali telefonlardan o‘quv vositasi sifatida mas’uliyat bilan foydalanishni, ta’lim olishda ilovalar, elektron kitoblar va onlayn resurslarni an’anaviy o‘quv usullari bilan uyg‘unlashtirishni ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qilish;
-
uyali telefonlar va boshqa raqamli qurilmalardan akademik maqsadlarda samarali va mas’uliyat bilan foydalanishni o‘quvchilarga o‘rgatadigan “raqamli savodxonlik” dasturlarini amalga oshirish;
-
Kitob o‘qish va savodxonlikni targ‘ib qilishda jamoatchilik ishtirokini quyidagi mexanizmlar yordamida kuchaytirish lozim:
-
maktab kutubxonalarini yangi va zamonaviy tarzda shakllantirish, o‘quvchilarga xar xil kitoblarni olish imkoniyatini ta’minlash. Ushbu taklif kutubxona fondini kengaytirish, infratuzilmani yaxshilash va malakali (raqamli qurilmalardan mohirona foydalanish ko‘nikmalariga ega) kutubxonachilarni yollash;
-
maktablar kitob almashish tadbirlarini qo‘llab-quvvatlash (Avstraliyaning The Great Book Swap, va Buyuk Britaniyaning CharitAbles Book Swap kabi) va kengroq miqyosda kitob almashish va ehson qilishni osonlashtirish uchun BookMooch, BookCrossing va PaperBackSwap kabi onlayn platformalarga o‘xshash, O‘zbekistonda "Hamma uchun kitob" onlayn platformasini tashkil etish va undan foydalanishni targ‘ib qilish.
.jpg)