Мақолалар ва тезислар 21 октябр 2025 5 daq 1746
Sovitkichlar quvvatini kengaytirish kambag‘allikni qisqartirish omili sifatida

Sovitkichlar quvvatini kengaytirish kambag‘allikni qisqartirish omili sifatida

Sovitkichlar quvvatini kengaytirish kambag‘allikni qisqartirish omili sifatida
Мақолалар ва тезислар · 21 октябр 2025

 

Bugungi kunda O‘zbekistonda har yili 23 million tonnadan ortiq meva va sabzavotlar, jumladan, sabzavotlar (51,1 foiz), kartoshka (15,8 foiz), mevalar (13,8 foiz), poliz mahsulotlari (11,4 foiz), uzum (7,8 foiz) ishlab chiqarilmoqda.

Ayrim turdagi mahsulotlarni qayta ishlash darajasi ishlab chiqarishning 10-15 foizidan oshmaydi.

Ekspertlarning fikriga ko‘ra, yo‘qotishlar 20-30 foizni tashkil etadi[1].

Meva-sabzavotchilik bilan 5,5 million dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklari band. Ular birgalikda meva-sabzavotchilik mahsulotlarining 54,9 foizini ishlab chiqaradi.

Meva va sabzavot mahsulotlari yo‘qotilishini kamaytirish ularga qo‘shimcha 1,1-1,7 milliard AQSh dollari (2024-yil narxlarida) miqdorida foyda olib kelishi mumkin. Bu 2025-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, aholining kambag‘allik darajasi 6,8 foiz, deb baholangan mamlakatda kambag‘allikni qisqartirishda yordam bergan bo‘lardi.

Shunday qilib, so‘nggi 5 yil ichida meva va sabzavotlarni yetishtirish sanoatidagi  yillik o‘sish o‘rtacha 3,5 foizni tashkil etgani inobatga olinsa, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash masalasi yildan yilga dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda.

Ma’lumot uchun: Sovitish kameralarining asosiy maqsadi – hosilni juda muzlatmasdan vaqtincha saqlash. Bu holda yo‘qotishlar minimallashtiriladi. Bu sabzavot va mevalarning tovar ko‘rinishi va ta’mini saqlab qolishning juda samarali usuli.

2025-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, respublikada umumiy quvvati 141,2 ming tonna bo‘lgan 2 011ta sovitish ombori faoliyat yuritgan.

Sovitish omborlarining umumiy quvvati eng katta bo‘lgan hududlar orasida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin: Samarqand (184,8 ming tonna yoki umumrespublika quvvatining 16,2 foizi), Farg‘ona (168,2 ming tonna yoki 14,7 foizi) va Toshkent (129,6 ming tonna yoki 11,4 foizi) viloyatlari.

Sovitkichli omborxonalar umumiy quvvatining 50,3 foizi o‘rtacha quvvatli (100-1000 tonna), 46,3 foizi katta quvvatli (1000 tonnadan yuqori) va atigi 3,4 foizi kichik quvvatli (100 tonnadan past) sovitkichli omborxonalarga to‘g‘ri keladi.

Umuman respublika bo‘yicha bitta sovitish omborining o‘rtacha hajmi 567,5 tonnani tashkil etadi. Viloyatlar bo‘yicha bitta sovitish omborining eng katta o‘rtacha hajmi Samarqand (962,7 tonna) va Toshkent (805,1 tonna) viloyatlarida kuzatilmoqda.

O‘rtacha hajmi eng kichik bo‘lgan sovitish omborlari Navoiy (265,4 tonna) va Buxoro (323,1 tonna) viloyatlarida joylashgan.

Respublika bo‘yicha sovitish omborlarining quvvati yalpi yillik meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishning o‘rtacha 4,9 foizini qoplaydi.

Eng yuqori qamrov darajasi Toshkent (6,9 foiz), Farg‘ona (6,4 foiz), Qashqadaryo (6,4 foiz), Xorazm (5,6 foiz) va Samarqand (5,2 foiz) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Eng past qamrov ko‘rsatkichlari Sirdaryo (2,0 foiz), Buxoro (2,5 foiz), Andijon (3,2 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (3,5 foiz) kuzatilmoqda.

Bir qator mutaxassislarning ta’kidlashicha, saqlash quvvatlari eng yaxshi holatda mamlakat eksport salohiyatining kamida 75 foizini qoplashi kerak[2].

O‘zbekiston 2024-yilda 2 036,2 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qildi.

Bundan kelib chiqadiki, 2024-yilda respublikada sovitish omborlarining quvvati 1 527,1 ming tonna bo‘lishi kerak edi. Ya’ni, 2024-yil uchun quvvat yetishmasligi 385,9 ming tonnani tashkil etdi. Demak, quvvatni 33,8 foizga oshirish zarur.

Kelajakda davlat strategiyalari doirasida rejalashtirilgan meva-sabzavot mahsulotlari eksportining sezilarli o‘sishi tufayli sovitish quvvatining yetishmasligi yanada keskin bo‘lishi mumkin.

Buning oldini olish uchun quyidagi chora-tadbirlarni ko‘rish zarur:

1. Sovitish omborlarining sig‘imini oshirishdagi muammolarni aniqlash uchun hududlardagi vaziyatni o‘rganish;

2. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining sovitish omborlariga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash uchun ularning hajmi, turlari va boshqalarni hisobga olgan holda so‘rov o‘tkazish;

3. Sovitish uskunalari bilan ta’minlanishi bo‘yicha eng qoloq tumanlar foydasiga qo‘llab-quvvatlash ahamiyatini hisobga olgan holda, O‘zbekiston hududlarida yangi sovitish quvvatlarini tashkil etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning alohida dasturini ishlab chiqish;

Ma’lumot uchun: Sovitish omborlarini qurishni qo‘llab-quvvatlash dasturlari boshqa mamlakatlarda ham amalga oshirilmoqda.

2023-yilda Gruziya hukumati "Qishloq xo‘jaligi kooperativlarida reza mevalar uchun sovitish omborlarini birgalikda moliyalashtirish" davlat dasturini amalga oshirish haqida qaror qabul qildi[3].

Davlat dasturi Qishloqlarni rivojlantirish agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Kamida 30 tonna hajmdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash uchun mo‘ljallangan sovitish omborlari moliyalashtiriladi. Bitta potensial benefitsiarga sovutish ombori qiymatining ko‘pi bilan 70 foizi miqdorida moliyalashtirish, lekin ko‘pi bilan 250 ming lari (taxminan 96 ming AQSh dollari) belgilandi. Dasturda ishtirok etish uchun qishloq xo‘jaligi kooperativi va/yoki unga bo‘ysunadigan kamida beshta muassasa loyihalar/dasturlar doirasida, har bitta munitsipalitet kamida 10 gektar maydonda golubika, maymunjon yoki malina yetishtiradigan bog‘iga ega bo‘lishi kerak.

Shunga o‘xshash dasturlar Moldova[4] va Ukrainada[5] ham amalgaoshirildi.

4. Meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, chuqur muzlatish va qayta ishlash loyihalari uchun sovitish omborlarining joylashuvini ko‘rsatadigan transport yo‘nalishlarining raqamli xaritasini yaratish va barcha foydalana oladigan tarzda joylashtirish;

5. Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarida yengil konstruksiyalardan tayyorlangan sovitish omborlarini joylashtirish huquqini berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish.

Yangi sovitish omborlarini qurish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va imtiyozli kreditlar berish doirasida, shuningdek, 500 tonna va undan ortiq quvvatga ega sovitish uskunalari asosan yirik korxonalar va katta miqdorda to‘plash mumkin bo‘lgan mahsulotlarni saqlash uchun mos ekanligini hisobga olish kerak.

Gilos kabi tez buziladigan mahsulotlar uchun kichik sig‘imli muzlatkichlar talab qilinadi.

Shuningdek, hosilni saqlash uchun ko‘chma konteyner-muzlatkichlarga ham e’tibor qaratish kerak. Bunday muzlatkichning asosiy afzalliklari:

  • infratuzilma xarajatlarini talab qilmaydi;

  • ixcham va ko‘chma;

  • harorat tartibi ma’lum bir mahsulotga moslashtiriladi.

Ko‘chma muzlatkichdan ularni ishlab chiqaruvchilar orasida bir joydan ikkinchi joyga olib o‘tgan holda butun meva va rezavorlar mavsumida foydalanish mumkin.

Yangi sovitish quvvatlarini tashkil etishni rag‘batlantirish respublikada hosil yo‘qotilishini kamaytiradi va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga mavsumdan tashqari davrda ham mahsulot sotib, daromadlarini oshirish imkoniyatlarini yaratadi.

 


[1] Garchi BRMga erishish doirasida ishlab chiqish zarur bo‘lsa ham, yo‘qotishlarni baholashning rasmiy metodologiyasi ishlab chiqilmagan  
[2] https://east-fruit.com/novosti/upakovochnoe-oborudovanie-i-kholodilnye-sklady-samye-populyarnye-napravleniya-subsidirovaniya-agrarnogo-sektora-moldovy-v-2018-godu/
[3] https://east-fruit.com/novosti/v-gruzii-gosudarstvo-investiruet-v-kholodilnye-sklady-dlya-yagodnykh-kultur/
[4] https://east-fruit.com/novosti/upakovochnoe-oborudovanie-i-kholodilnye-sklady-samye-populyarnye-napravleniya-subsidirovaniya-agrarnogo-sektora-moldovy-v-2018-godu/
[5] https://allretail.ua/ru/news/57219-minagropolitiki-vydelit-100-millionov-na-kholodilniki-dlya-khraneniya-yablok