O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik va savdo-sotiq har ikki mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, tajriba va texnologiyalar almashinuvi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasi samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
UN Comtrade maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining tovar aylanmasi 2021-yildagiga nisbatan 2 barobarga oshgan holda 40,8 million AQSh dollarini tashkil etdi. Umuman olganda, 5 yil davomida mamlakatlar o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari tovar aylanmasi qariyb 5 barobar oshdi. 2022-yilda O‘zbekistonning Ozarbayjonga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 35,1 million dollarni tashkil etdi. Oʻzbekistonning asosiy qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti tamaki va tamaki oʻrnini bosuvchi sanoat mahsulotlari, mayiz, oddiy loviya, yeryongʻoq, tozalangan yongʻoq, shokolad va tarkibida kakao boʻlgan mahsulotlar edi. 2022-yilda Ozarbayjondan O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari importi 5,7 million dollarni tashkil qildi. Oʻzbekiston asosan funduk, bodom, boshqa oʻsimlik yogʻlari va moylari, shokolad va tarkibida kakao boʻlgan mahsulotlar, alkogolsiz ichimliklar, hayvonlar uchun ozuqa mahsulotlari, beda urugʻi va boshqalarni import qiladi.
.jpg)
Turkiy davlatlar tashkiloti qishloq xoʻjaligi vazirlarining birinchi yigʻilishi (2022-yil iyul) doirasida Oʻzbekiston va Ozarbayjon qishloq xoʻjaligi vazirlari qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlik boʻyicha yoʻl xaritasini imzoladi. “Yo‘l xaritasi”da ikki mamlakatning qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash tizimi, raqamlashtirish, mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, ipakchilik sohasida qo‘shma korxona tashkil etish va boshqa masalalar bo‘yicha tajriba almashish o‘z ifodasini topgan[1].
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini subsidiyalash va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish sohasida Ozarbayjon tajribasini qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda[2].
Funduk va urug‘siz anor yetishtirish, pilla, paxta yetishtirish kabi yo‘nalishlarda ham yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda[3]. 2022-yilda O‘zbekistondan Ozarbayjonga uzum, loviya, yeryong‘oq, shuningdek, bir necha navli paxta urug‘lari jo‘natildi. O‘z navbatida, Ozarbayjondan O‘zbekistonga funduk ko‘chatlarini jo‘natish rejalashtirilgan[4].
2023-yil yanvar oyida Toshkentdan Boku aeroportiga quritilgan va sarxil mevalarni Xalqaro avtomobil transporti (eTIR) tizimi orqali birinchi elektron tashuv muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Ipak ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma klaster yaratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda[5].
Keyingi hamkorlik bo‘yicha takliflar:
-
O‘zbekiston hududida anorni birgalikda chuqur qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish (Narsharab sousi, anor vinosi);
-
meva va rezavor mevalarni birgalikda qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish;
-
qo‘shma yong‘oq plantatsiyalarini yaratish;
-
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirishga ozarbayjonlik mutaxassislarni jalb qilish va fermerlar uchun elektron kabinetlarni shakllantirish tajribasini o‘rganish;
-
suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashish;
-
qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish.
D. Ilina,
MHTI loyiha rahbari
A.Kim,
MHTI yetakchi ilmiy xodimi