O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanish jarayonida yashirin iqtisodiyotning ko‘lamini qisqartirish doimo dolzarb masalalar qatorida bo‘lib kelgan. Yashirin iqtisodiyot, o‘zining tabiati bo‘yicha, rasmiy statistikalarda ko‘rsatilmaydigan va davlat nazoratidan chetda qoladigan iqtisodiy faoliyatlar yig‘indisidir. Ushbu iqtisodiyot ko‘lami nafaqat soliq bazasining qisqarishiga, balki ijtimoiy adolatsizlik va iqtisodiy noaniqlikning ortishiga ham olib keladi.
Mazkur tadqiqotda O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotning hajmi Gutmanning monetar usuli yordamida iqtisodiyotdagi naqd pul hajmi hamda iqtisodiyotning dollarlashuv darajasini inobatga olgan holda baholangan.
Ma’lumot uchun: Gutmanning monetar usuli yashirin iqtisodiyotni baholashda naqd pul talabi yondashuvi hisoblanadi. Naqd pul usullari Kagan (1958), Gutman (1977) va Tanzi (1980, 1983) tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu alohida yondashuv iqtisodchilar orasida bir nechta ko’rsatkichli bir nechta sabablar (MIMIC) usuli yoki elektr energiyasi iste’moli usuli kabi boshqa usullar bilan birgalikda qo’llanilib kelinadi. O’tgan yillar davomida bu yondashuv asosan rivojlangan mamlakatlarda norasmiy iqtisodiyotni baholashda keng qoʻllanilgan, masalan, AQSh uchun Tanzi [1], Norvegiya uchun Shima [2], Norvegiya va Shvetsiya uchun Klovland [3], Italiya uchun Bovi va Kastelluchi [4], Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) mamlakatlari uchun Bovi va Dell'Anno [5] tomonidan qo’llanilgan. Yaqinda olib borilgan tadqiqotlar Meksika uchun Brambila va Cazzavilan [6], Peru uchun Ernandes [7], Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari uchun Shnayder va Bajada [8], Janubiy Afrika uchun Koloane va Bodhlyera [9], Polsha uchun Dybka va boshqalar [10], Ruminiya uchun Dell'Anno va Davidescu [11], Bolgariya uchun Ahumada va boshqalar [12] va Petranov va boshqalar [13], Malayziya uchun Xon [14].
Yashirin iqtisodiyot ko‘lami. 2005-2022 yillarda yashirin iqtisodiyot hajmi 31 foizdan 53 foizgacha yetgan. 2017 yilda mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar doirasida pul-kredit va valyuta siyosatining erkinlashtirilishi natijasida naqd pul hamda valyuta oldi-sotdisi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi. Bu o‘z navbatida iqtisodiyotda naqd pul hajmining oshishiga ta’sir qilib, yashirin iqtisodiyot ko‘lamini rasmiy iqtisodiyotga nisbatan salkam 59 foizgacha oshishiga olib keldi. Lekin, keyingi yillarda muomaladagi bank plastik kartalari, terminallar, bankomat va infokiosklar sonining sezilarli darajada ko‘payishi natijasida naqd pulsiz hisob-kitoblarning rivojlanishi, shuningdek, soliq islohotlarining amalga oshirilishi yashirin iqtisodiyot hajmining 2018 yildagi 55 foizdan 2021 yilda 42 foizgacha kamayishiga xizmat qildi.
2022 yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, muomaladagi bank kartalari soni 2018 yilning 1-yanvar holatidagiga nisbatan 1,4 barobarga, o‘rnatilgan to‘lov terminallari soni 1,8 barobarga, bankomat va infokiosklar soni 2,3 barobarga ko‘paydi. 2021 yilda to‘lov terminallari orqali kelib tushgan tushumlar 178 trln. so‘mni tashkil qilib, 2017 yildagiga nisbatan 2,1 barobarga oshdi.
Naqd pul va dollarshuv darajasining yashirin iqtisodiyotga ta’siri.
2022 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining keskin darajada oshib ketishi natijasida iqtisodiyotda naqd pul massasi ko‘paydi. 2022 yilda muomaladagi naqd pul massasining o‘rtacha miqdori 2021 yildagiga nisbatan 43,5 foizga oshishi natijasida yashirin iqtisodiyot hajmi 53 foizgacha ko‘paydi. Mazkur davrda naqd pul hajmining ko‘payishi bir tomondan aholi tomonidan tijorat banklariga sotilgan chet el valyutalari miqdorining 2021 yildagiga nisbatan 1,7 barobar oshgani bilan bog‘liq bo‘lsa, boshqa tomondan Rossiya-Ukraina mojarosi tufayli yuzaga kelgan noaniqliklar real sektorda naqd pulga bo‘lgan talabning oshishiga olib keldi.
Muomaladagi naqd pul miqdori
Iqtisodiyotda dollarlashuv darajasining yuqoriligi saqlanib qolayotgan sharoitda milliy valyuta bilan birgalikda naqd chet el valyutalaridan (AQSh dollari va yevro) ham almashuv vositasi sifatida foydalanilishi yashirin iqtisodiyot ko‘lamining YaIMga nisbatan 50 foiz atrofida saqlanib qolishiga xizmat qilmoqda. Tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslardan sotib olingan chet el valyutasi hajmi yildan yilga ortib borayotgan bo‘lsada, xalqaro pul o‘tkazmalari orqali kelib tushgan valyutalarning katta qismi aholining qo‘lida saqlanib qolmoqda.
2020 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari miqdori 6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etib, tijorat banklari tomonidan aholidan 4,6 mlrd. AQSh dollari miqdorida valyuta sotib olingan bo‘lsa, aholiga sotilgan valyuta miqdori 4,13 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan (aholi qo‘lida qolgan miqdor – 5,5 mlrd. AQSh dollari).
2021 yilda pul o‘tkazmalari miqdori 8,1 mlrd. AQSh dollariga yetgan bo‘lsa, aholidan sotib olingan valyuta hajmi 7,1 mlrd. AQSh dollarini va aholiga sotilgan valyuta miqdori 4,6 mlrd. AQSh dollarini tashkil etgan ( aholi qo‘lida qolgan miqdor – 5,6 mlrd. AQSh dollari). Ushbu ko‘rsatkichlar 2022 yilda mos ravishda 16,9 mlrd. AQSh dollari, 11,9 mlrd. AQSh dollari va 8,9 mlrd. AQSh dollarini (aholi qo‘lida qolgan miqdor – 14 mlrd. AQSh dollari) tashkil qilgan.
2020-2022 yillarda pul o‘tkazmalari hamda aholidan sotib olingan va ularga sotilgan chet el valyutasi hajmi

Bu esa iqtisodiyotdagi naqd chet el valyutasi miqdori yildan yilga ortib borayotganidan dalolat beradi. Ta’kidlash kerakki, rivojlanayotgan mamlakatlarda yashirin iqtisodiyotda uy-joy oldi-sotdi operatsiyalari, avtomobil, maishiy va elektron texnikalar savdolarining katta qismi, hatto ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji savdosi chet el valyutasida amalga oshirib kelinadi.
Yashirin iqtisodiyot ko‘lamini qisqartirishning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi ahamiyati. Yashirin iqtisodiyotdan davlat byudjetiga tushmagan mablag‘lar (soliq yuki YaIMga nisbatan 18 foiz hisoblanganda) 2019 yilda 51 trln. so‘m (byudjet defitsiti – 13,5 trln. so‘m), 2020 yilda 57 trln. so‘m (17 trln. so‘m), 2021 yilda 58 trln. so‘m (40,7 trln. so‘m) va 2022 yilda 85 trln. so‘m (35,3 trln. so‘m) bo‘lganligi baholandi.
Yashirin iqtisodiyotdan davlat byudjetiga tushmagan mablag‘lar, trln. so‘mda
(Soliq yuki YaIMga nisbatan 18 foiz hisoblanganda)
.png)
Agar 2022 yilda yashirin iqtisodiyotdan davlat byudjetiga tushmay qolgan 85 trln. so‘m mablag‘ning yarmi (42,5 trln. so‘m) ijtimoiy sohani rivojlantirishga sarflanganda:
-
maktablarda qo‘shimcha 2,1 million o‘quvchi o‘rni yaratish;
-
kasalxonalarda qo‘shimcha 10 000 ta yotoq o‘rni tashkil qilish;
-
50 ta tez yordam avtomobilini sotib olish;
-
bir yil davomida 293 ming nafar shifokorning oylik maoshini to‘lab berish imkoniyati yaratilgan bo‘lardi.

