Мақолалар ва тезислар 28 март 2024 4 daq 1815
Yer islohotlari: jahon mamlakatlari tajribasi (3-qism)

Yer islohotlari: jahon mamlakatlari tajribasi (3-qism)

Yer islohotlari: jahon mamlakatlari tajribasi (3-qism)
Мақолалар ва тезислар · 28 март 2024

 

Boltiqbo‘yi mamlakatlari

Har uchala mamlakatda yer islohotlaridan ko‘zlangan umumiy siyosiy maqsad ilgarigidek yerga xususiy egalik qilishga asoslangan dehqonchilik tuzilmasini tiklash edi. Shunday qilib, 1940-yildagidek ko‘rinishdagi mulk huquqini tiklash uchta Boltiqbo‘yi mamlakatida yer islohotlarining asosiy yo‘nalishi sifatida tanlandi.

Litva

“Yer islohoti to‘g‘risida”gi qonun va “Mavjud ko‘chmas mulkka egalik huquqini tiklash tartibi va shartlari to‘g‘risida”gi qonun Litvada yer islohotlarini tartibga soluvchi asosiy qonunlar edi.

Restitutsiya ilgarigi oilaviy yer-mulklarni qaytarish, boshqa yer yoki kompensatsiya (ya’ni pul) berish orqali amalga oshirilishi mumkin edi.

Litvada restitutsiya jarayoni quyidagi bosqichlardan iborat bo‘ldi:

• Yerdan foydalanishning mavjud holatini tahlil qilish;

• Yer tuzish ishlariga tayyorgarlik;

• Yer islohotlari doirasida yer tuzish rejasini tayyorlash;

• Rejani e’lon qilish va tasdiqlash tartibi;

• Dalalardagi geodeziya ishlari;

• Mulk huquqiga oid huquqiy hujjatlarni tayyorlash;

• Notarial tasdiqlash va Davlat yer kadastrida ro‘yxatdan o‘tkazish.

Restitutsiya rejasini tayyorlash ko‘pincha boshqa yer berish imkoniyati tufayli qiyinlashardi. Bu variant huquqqa ega bo‘lgan shaxslarga yerga bo‘lgan huquqlarini mamlakatning bir hududidan boshqasiga o‘tkazish imkonini berdi (masalan, 1940 yilda oilaviy tomorqa joylashgan yerdan merosxo‘rlar restitutsiya vaqtida yashagan joyga).

Vaqt o‘tishi bilan qaytariladigan yerlarning maksimal maydoni ko‘paydi. 1991-yilda bu jarayon boshlanganda, ko‘pi bilan 50 gektar qishloq xo‘jaligi yeri va 10 gektar o‘rmonni qaytarish mumkin edi. 1995-yilda ularning eng yuqori o‘lchami qishloq xo‘jaligi yerlari uchun 80 gektarga,  o‘rmonlar uchun 25 gektarga ko‘tarildi. Nihoyat, 1997-yilda qaytarib berilishi mumkin bo‘lgan eng ko‘p yer maydoni 150 gektarga oshirildi.

Natijalar

1991—2008-yillarda qishloq joylarda qariyb 4 million gektar yoki 97 foiz yerga mulk huquqi tiklandi. Jami 715 ming kishi o‘z yerlarini qaytarishni talab qilgan.

2011-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, agroxoldingning o‘rtacha maydoni 5,3 gektarni, qishloq xo‘jaligi tomorqalarining o‘rtacha maydoni 2,9 gektarni tashkil etdi.

Latviya

Latviyada yerga egalik huquqi 1940-yilning 21-iyulidagi mulkiy vaziyatdan kelib chiqqan holda tiklandi. Qayta tiklash uchun asos sifatida 1924-1940 yillardagi kadastr xaritalari va yer reyestri yozuvlaridan foydalanildi.

Latviyada yer islohotlari Latviya Respublikasi Oliy Kengashining 1990-yil iyun oyidagi Latviya Respublikasida agrar islohot to‘g‘risidagi qaroridan boshlab bir qator qonunlar bilan tartibga solinadi. Mazkur qarorda sobiq yer egalari va ularning merosxo‘rlari yerdan foydalanuvchilar bilan birgalikda yer ajratish masalasida sudga da’vo qilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

1996-yilning noyabri restitutsiya to‘g‘risidagi da’volarni topshirishning oxirgi muddati etib belgilandi.

Avvalgi yer sohiblari yoki ularning merosxo‘rlari iloji bo‘lsa, dastlabki yer-mulkiga qaytarildi. Shu bilan bir qatorda, ular boshqa joyda shunga o‘xshash qiymatga ega yer uchastkasini olishni yoki yo‘qolgan mulk qiymati uchun pul kompensatsiya olishni tanlashi mumkin edi.

Kompensatsiya yer maydoni, yerdan foydalanish turi va mulkning joylashuvi asosida hisoblab chiqildi. Eng yuqori, ya’ni 100 gektargacha bo‘lgan yer maydonlari qaytarib berildi. Latviyada restitutsiya talablari mavjud yer maydoniga qaraganda 25 foiz oshib ketdi.

Natijalar

2005-yilga kelib, qishloq xo‘jaligi umumiy yer maydonlarida ijara shartnomasi bo‘yicha foydalanilayotgan yer maydonlarining ulushi 24 foizini tashkil etdi. 2012-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Latviyada qishloq xo‘jaligi yerlarining o‘rtacha maydoni nisbatan katta, ya’ni 7,3 gektar atrofida.

Estoniya

Estoniyada yer islohotlarining maqsadi Boltiqbo‘yida joylashgan qolgan ikki mamlakatdagiga qaraganda kengroq edi. Islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri sobiq egalari yerni qaytarish edi. Bundan tashqari davlat yerlarini sotish orqali xususiylashtirish, shuningdek, yer davlat mulki sifatida qolishi uchun uni mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga o‘tkazish ham maqsad qilib qo‘yildi.

Yer islohotlaridagi ushbu turli maqsadlarning barchasi bitta jarayonning qismlari edi. Natijada, Estoniyada yer islohotlari jarayoni, ehtimol, boshqa ikki davlatdagiga qaraganda ancha qiyin kechdi. Ko‘pgina uchastkalarga bir nechta sobiq yer egasi da’vogar bo‘ldi.

Natijalar

2005-yilga kelib, qishloq xo‘jaligi umumiy yer maydonlarida ijara shartnomasi bo‘yicha foydalanilayotgan yer maydonlarining ulushi 54 foizini tashkil etdi.

2008-yil yakunlariga ko‘ra, restitutsiya qilinishi va xususiylashtirilishi lozim bo‘lgan yerlarning deyarli 90 foizi kadastr ro‘yxatiga olindi.

 

Darya Ilina,
MHTI
loyiha rahbari

Aleksey Kim,
MHTI yetakchi ilmiy xodimi