Qaysi sohalarda ko'proq maosh taklif qilinmoqda?


 

Kasb tanlashda inson bir necha omillardan kelib chiqib qaror qabul qiladi. Ushbu omillar insonning o’z qiziqsihlari va ehtiyojlari, mahorat va qobiliyatlari, ta’lim va o’qish imkoniyatlari, bozor ehtiyojlari va ish toppish imkoniyatlari, moliyaviy daromad, shaxsiy hayot va ish muvozanati hamda kelajakdagi rivojlanish imkoniyatlari kabilarni o’z ichiga olishi mumkin.

Mazkur omillar orasida moliyaviy daromad olish imkoniyatlari har bir kishi uchun eng muhim omillardan biri hisoblanadi. Ko’pchilik yuqori daromad keltiradigan va barqaror iqtisodiy kelajak va’da qiladigan kasblarni afzal ko’rishadi. O’zbekistonda hozirda qaysi sohalarda yuqori daromad olish mumkin?

2022-yilda iqtisodiyotda band bo‘lganlar soni 13,7 million kishini, o‘rtacha oylik nominal ish haqi miqdori esa 3,2 million so‘mni tashkil etgan. Moliya (o’rtacha 10 million so’m), axborot texnologiyalari (6,7 million so’m), transport (3,9 million so’m) va sanoat (3,7 million so’m) kabi sohalarda o’rtacha oylik ish haqi respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli yuqori bo’lsa, yashash va ovqatlanish (1,5 million so’m) hamda savdo (2 million so’m) kabi xizmat ko’rsatish sohalarida rasmiy ravishda hisoblangan nominal ish haqi miqdori ancha pastligicha saqlanib qolmoqda. Shu o’rinda ta’kidlab  lozimki, o’rtacha oylik ish haqi Respublika bo’yicha o’rtacha ish haqidan kam bo’lgan sohalarda iqtisodiyotda band bo‘lganlarning 63 foizi mehnat qiladi.

2016 yilda eng yuqori o’rtacha oylik ish haqi (moliya – 2 million so’m) va eng past o’rtacha oylik ish haqi (yashash va ovqatlanish – 612 ming so’m) o’rtasidagi farq 3,3 barobarni tashkil etgan bo’lsa, 2022 yilda ushbu ko’rsatkich 6,6 barobarga yetdi. 2022 yilda moliya sohasida o’rtacha nominal ish haqi 2016 yilga nisbatan 5 barobarga oshgan bo’lsa, yashash va ovqatlanish bo’yicha xizmatlar sohasida ushbu ko’rsatkich 2,5 barobarni tashkil etgan.

2016-2022 yillarda o’rtacha nominal ish haqi

Yashash va ovqatlanish hamda savdo xizmatlari sohasida nomial ish haqi miqdorining ancha past darajada saqlanib qolayotgani mazkur sohalarda yashirin iqtisodiyot hajmining yuqoriligidan ham dalolat beradi.

Rivojlanayotgan davlatlarda nisbatan yuqori inflatsiya sharoitida turli tarmoqlar kesimida o'rtacha nominal ish haqi miqdorlarini taqqoslashda, oylik ish haqining real o'sish sur'atlari juda muhim ahamiyat kasb etadi. Turli tarmoqlarda ish haqining o'sishi har xil bo'lishi mumkin. Biroq, inflatsiya darajasi barcha sektorlarga bir xil ta'sir ko'rsatadi. Shu sababli, real daromadlar o’sishi tarmoqlar kesimida qanchalik farq qilishini tushunish muhimdir.

2022 yilda respublika bo’yicha o’rtacha real oylik ish haqi 2016 yilga nisbatan 52,6 foizga oshdi. Tahlil qilinayotgan davr mobaynida real o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori o‘sish sur’atlari moliya (167,5 foiz), axborot texnologiyalari (91,0 foiz), qishloq xo’jaligi (63 foiz), sog‘liqni saqlash (44,2 foiz) hamda transport va logistika (40,0 foiz) sohalarida kuzatildi.

Savdo xizmatlari sohasida  o‘rtacha real ish haqi miqdori  deyarli o’zgarmagan bo’lsa (real o’sish - 0,24 foiz), qurilish (16,0 foiz) va san’at (17,1 foiz) kabi tarmoqlarda ish haqining sotib olish qobiliyati nisbatan sekin o‘sgani aniqlandi. Mazkur sohalarda real ish haqi o’sish sur’atlarining nisbatan past darajada saqlanib qolayotgani yashirin iqtisodiyot ko’lami bilan birgalikda ishchilar va ish beruvchilar o’rtasida ish haqi borasida muzokaralar qilish imkoniyatlarining pastligi bilan ham izohlanishi mumkin.

1-rasm

Real ish haqining o‘zgarishi
(2016-yil narxlariga nisbatan inflatsiyani hisobga olgan holda)


Manba: Statistika agentligi ma’lumotlari

Raqamlashtirish va bozor munosabatlarining jadal rivojlanishi sharoitida mehnat resurslarining mobilligini oshirish juda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Bugungi zamonaviy texnologiyalar rivojlanib borayotgan davrda o’z kasbini yuqori malaka talab etmaydigan, lekin ko’proq daromad keltiradigan kasblarga o‘zgartirish oddiy va kamxarajat hodisa bo’lishga ulgurdi.

Hozirda O‘zbekistonda moliya, IT va logistika yo’nalishlari bo’yicha o’quv kurslari taklif etayotgan 45 ta o‘quv markazlari tahlili shuni ko’rsatmoqdaki, biroz vaqt va ta’lim uchun katta bo’lmagan miqdorda investitsiya qilish har qanday insonning moliyaviy daromadlarini oshirishga hamda iqtisodiyotda ish haqlari o’rtasidagi tafovutni qisqartirishga xizmat qilishi mumkin.

1. Moliya yo’nalishlarida o‘qitishni taklif qiluvchi 10 ta ta’lim markazlarida o’quv kurslarining o‘rtacha davomiyligi 4 oyni, o’qish uchun oylik to‘lov miqdori esa o‘rtacha 1 million so‘mni tashkil etadi Ushbu kurslar moliya asoslari, ish haqini hisoblash va tashkilotning umumiy hisobini yuritishni o‘rgatadi. Shunday qilib, mazkur moliya mutaxassisligi bo‘yicha o‘qib, ushbu sohada ishga joylashgan shaxslar respublika bo’yicha o‘rtacha ish haqi miqdorida maosh olgan taqdirda, ko‘pi bilan 1,5 oy ichida ta’limga sarflagan xarajatlarini (4 million so’m) qoplab, qisqa muddatlarda o’z daromadlarini sezilarli darajada oshirishlari mumkin.

2. Axborot texnologiyalari (IT) mutaxassisligini o‘rganish moliya mutaxassisligiga nisbatan biroz ko‘proq vaqt talab etadi. Axborot texnologiyalari sohasida kurslarni taklif etayotgan 20 ta o‘quv markazlarida ta’lim olish imkoniyatlari tahlili natijalariga ko’ra, hozirda IT yo‘nalishi bo‘yicha kurslarning o‘rtacha davomiyligi 6,5 oyni, o‘rtacha narxi oyiga 1,5 million so‘mni tashkil qiladi. Moliya yo’nalishi bo’yicha kurslardan farqli o‘laroq, IT kurslarida onlayn shaklda o‘qitish keng tarqalgan. Ushbu kurslarda ta’lim olish orqali veb-saytlar yaratish, kodlar yozish va kiberxavfsizlik ko‘nikmalarini egallash mumkin. Binobarin, mazkur kurslarni tamomlab, ishga qabul qilinganidan so‘ng, o‘qitish xarajatlari o‘rtacha 2-3 oy ichida qoplash imkoniyati mavjud.

3. Bugungi kunda logistika sohasida o‘qishni taklif etayotgan 15 ta o‘quv markazlarida dispetcherlikka o‘qish muddati o‘rtacha 1 oyni, o’quv kurslarining narxi esa o‘rtacha 2,3 mln. so‘mni tashkil etadi. Ba’zi o‘quv markazlari kurslarni a’lo natijalar bilan tugatgan bitiruvchilarga ish o‘rni ham taklif etadi. Bugungi kunda logistika sohasi mutaxassislari o‘rtacha 6 million so‘m oylik maosh olishmoqda.

Ta’kidlash joizki, logistika sohasida o‘rtacha oylik ish haqi tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Shu bilan birga sohada masofaviy bandlik ham keng tarqalgan. Masalan, olx.uz saytida (2023 yil noyabr oyi ma'lumotlariga ko‘ra) logistika yo‘nalishi bo‘yicha keltirilgan 1000 dan ortiq bo‘sh ish o‘rinlarining 30 foizi masofaviy ish hisoblanadi. Shuningdek, bu sohada ishlash katta tajribani talab etmaydi. Bularning barchasini hisobga olgan holda, kasbini o‘zgartirishni istovchilar uchun logistika yo‘nalish keng imkoniyatlar tadqim etishi mumkin.

Raqamlashtirish va bozor munosabatlarining rivojlanishi bilan bir qatorda, mehnat resurslarining mobilligi ham oshib bormoqda. Shuningdek, sun’iy intellektning tez sur’atlarda rivojlanayotganligi mehnat bozorida ishchilarning moslashuvchanlik va mobillik ko‘nikmalarini shakllantirishni talab etmoqda.

 

Xizmatlarni rivojlantirish va
bandlikni ta’minlash loyihasi

 658