Jahon iqtisodiy forumi tomonidan taqdim etilgan “Kelajak kasblari hisoboti”
Dunyodagi iqtisodiy, geosiyosiy tendensiyalar va sog'liqni saqlash tizimidagi o'zgarishlar 2023-yilda xalqaro mehnat bozoriga turlicha ta'sir qildi. Yuqori daromadga ega mamlakatlar mehnat bozoridagi holat yaxshilanayotgan bir paytda, daromadi o'rtacha va o'rtachadan past bo'lgan mamlakatlarda aksincha, ishsizlik darajasi o'smoqda.
Ma'lumot uchun: Bu yilgi hisobot dunyodagi eng yirik ish beruvchilar o'rtasida o'tkazilgan so'rov ma'lumotlariga asoslanadi. So'rovda dunyoning barcha mintaqalaridan jami 11 milliondan ortiq kishini ish bilan ta'minlovchi 803 ta kompaniya ishtirok etdi.
Texnologiyalarni amaliyotga joriy etish kelgusi besh yil ichida biznesni o'zgartirishning asosiy omili bo'lib qoladi. Ish o'rinlarini yaratish va yo'qotishning eng katta ta'siri ekologik, texnologik va iqtisodiy tendensiyalar bilan bog'liq.
Respondentlar “yashil” iqtisodiyotga o'tishni osonlashtiradigan ESG standartlarini keng qo'llash, yangi va ilg'or texnologiyalarni yanada kengroq o'zlashtirish, raqamlashtirish va investitsiyalar ish o'rinlarini yaratishning eng asosiy omili ekanligini bildirgan.
Texnologiyalarni tatbiq qilishda asosan katta hajmdagi ma'lumotlar, bulutli hisoblash va sun'iy intellektdan foydalaniladi. Raqamli platformalar va ilovalar so'rovda qatnashgan tashkilotlar tomonidan eng ko'p tatbiq qilinadigan texnologiyalardir.
Yaqin besh yil ichida aksariyat texnologiyalar ish o'rinlariga ijobiy ta'sir qilishi kutilmoqda. Katta ma'lumotlar tahlili, iqlim o'zgarishi va atrof-muhitni nazorat qilish texnologiyalari, shifrlash va kiberxavfsizlik yo'nalishlari ish o'rinlari yaratishda eng katta drayver bo'lishi kutilmoqda.
Ish beruvchilar yaqin besh yil ichida mehnat bozoridagi tarkibiy yo'qotishlar oqibatida ish o'rinlarining 23%ga qisqarishini kutyapti. Ushbu hisobotdagi 673 millionta ish o'rnidan 69 milliontasining tarkibiy o'sishi va 83 milliontasining qisqarishi kutilmoqda.
Makrotendensiyalar va texnologiyalarni joriy etish aniq sohalarda ish o'rinlarining ortishi va qisqarishiga olib keladi:
- Texnologiyalar, raqamlashtirish va barqaror rivojlanish bilan bog'liq sohalar bugun eng tez o'sayotgan sohalardir. Sun'iy intellekt va mashinasozlik tez o'sib borayotgan kasblar ro'yxatida birinchi o'rinni egallaydi.
- Ta'lim, qishloq xo'jaligi, raqamli tijorat va savdoda ish o'rinlarining keng ko'lamli o'sishi kutilmoqda. Ta'lim sohasida ish o'rinlarining qariyb 10%ga o'sishi kutilmoqda.
- Ish o'rinlari ma'muriy boshqaruv, xavfsizlik, ishlab chiqarish va savdo yo'nalishlarida eng ko'p qisqarishi kutilmoqda. Raqamlashtirish va avtomatlashtirish bunga asosiy sabab sifatida ko'rsatilgan.
Eng zarur ko'nikmalar orasida tahliliy va ijodiy fikrlash, moslashuvchanlik va chaqqonlik muhim o'rin tutadi. 2027-yilga borib har 10 ishchidan 6 nafari malaka oshirishga ehtiyoj sezadi.
Kompaniyalarning aksariyati ish o'rinlaridagi tenglik va inklyuzivlikni ta'minlash maqsadida ayollar, 25 yoshgacha bo'lgan yoshlar va nogironlarni potensial kadrlar sifatida ko'rishini bildirgan.
Kompaniyalarning 45% kadrlar malakasini oshirish, iqtidor va bandlik uyg'unligini ta'minlashga harakat qilayotgan hukumatlar uchun samarali vosita deb hisoblaydi.