Mehnat bozorining hududiy indeksi: hududlarda vaziyat qanday?


 

O‘zbekiston hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy holati bir-biridan keskin farq qiladi va o‘z navbatida mehnat bozoridagi jarayonlarga ta’sir etadi. Odatda, aholi soni ko‘p bo‘lgan hududlarda ishsizlik darajasi ham yuqori bo’ladi. Shuningdek, hududlarning mehnat bozorini tavsiflovchi boshqa ko‘rsatkichlar ham mavjud, masalan, o'rtacha oylik ish haqi, bo'sh ish o'rinlari soni va boshqalar. Hududlarning mehnat bozoridagi vaziyatni tahlil qilish uchun Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari Hududlar mehnat bozori indeksini (MBI) hisoblab chiqdi.

Mehnat bozori indeksi davlat organlari vakillari, bevosita ish beruvchilar va ish qidiruvchilarga hududlardagi mehnat bozorining joriy holati bo‘yicha zarur ma’lumotni olish imkonini beradi. Demak, indeks quyidagi imkoniyatlarni yaratadi: 

davlat organlari vakillariga hududlar bo‘yicha mehnat bozoridagi holatga baho berish, mehnat bozorining rivojlanishi nuqtai nazaridan hududlarni tasniflash, barqaror vaziyatga erishish uchun zarur chora-tadbirlarni o‘z vaqtida qabul qilish;

ish beruvchilarga mehnat bozorining holatiga oid tendensiyalarni ko‘rsatish va shu orqali yangi xodimlarni ishga jalb qilish bo‘yicha strategiyani to‘g‘ri yo‘nalishga solish;

- ish qidiruvchilarga takliflarni qidirish uchun eng qulay davrni tanlash, talab va ish o‘rinlariga oid o‘zgarishlarni kuzatib borish va shu orqali ish joyi yoki sohasini o‘zi uchun foydali tomonga o‘zgartirishni rejalashtirish.

Indeksni hisoblash uchun ishsizlik darajasi, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va rezyumelar soni, mehnat bozoridagi konsentratsiya koeffitsiyenti va o‘rtacha oylik maosh miqdori kabi ko‘rsatkichlardan foydalanildi.

Barcha ko‘rsatkichlarni yagona o‘lchov birligiga keltirishda Minimaks va Maksimin usullaridan foydalanildi. Mazkur usullar 0 dan 100 gacha bo‘lgan diapazonda ma’lumotlarning chiziqli modifikatsiyasini ifodalaydi. Agar indikator qiymatining oshishi ijobiy jarayon bo‘lsa, Minimaks usuli qo‘llaniladi, ya’ni o‘zgarishlardan so‘ng eng kam qiymat 0 ga, eng katta qiymat esa 100 ga teng bo‘ladi. Indikator qiymatining oshishi salbiy jarayon hisoblangan holatda Maksimin usuli qo‘llaniladi, ya’ni o‘zgargan ma’lumotlar teskari xarakter kasb etadi – eng kam qiymat 100 ga, eng katta qiymat 0 ga teng bo‘ladi. Indeksning yakuniy qiymati barcha indikatorlar bo‘yicha o‘rtacha arifmetik qiymatni qo‘llash orqali hisoblanadi.

Qo‘shimcha. Foydalaniladigan indikatorlarni asoslash

Ijobiy indikatorlar:

Bo‘sh ish o‘rinlari soni ma’lum bir xodimga bo‘lgan talabni ko‘rsatadi.

O‘rtacha oylik maosh (o.m.) tarmoqlar segmentidagi o‘rtacha oylik maosh dinamikasini aks ettiradi.

Salbiy indikatorlar:

Rezyumelar soni mehnat taklifini aks ettiradi.

Ishsizlik darajasi mehnat bozoridagi talab va taklif nisbatini aks ettiradi.

Mehnat bozoridagi konsentratsiya koeffitsiyenti bitta bo‘sh ish o‘rniga to‘g‘ri keluvchi rezyumelar sonini belgilaydi.

 

Hududlar mehnat bozori indeksini hisoblash natijalariga ko‘ra, uch guruhga bo‘lindi: yuqori, o‘rta, past va o’ta past (1-jadval).

1-jadval

Hududlardagi mehnat bozori indeksi

Hudud

Indeks

Ishsizlik darajasi

Bo‘sh ish o‘rinlari soni

Rezyumelar soni

Bitta bo‘sh ish o‘rniga javoblar dinamikasi

O‘rtacha oylik maosh

Yuqori daraja

Toshkent sh.

97.6

100.0

100.0

88.2

100.0

100.0

Toshkent

58.4

18.0

53.5

91.9

97.9

30.7

Navoiy

57.0

45.3

0.8

100.0

73.8

65.2

Orta daraja

Buxoro

41.8

17.3

9.4

88.8

81.7

12.0

Andijon

36.2

6.8

10.1

74.9

74.9

14.1

Farg‘ona

36.2

3.8

16.2

77.9

83.3

0.0

Sirdaryo

33.8

0.7

0.0

94.6

64.2

9.4

Xorazm

33.4

10.3

2.5

83.2

62.7

8.3

Namangan

25.4

14.5

6.4

53.0

52.3

0.7

Past daraja

Jizzax

19.2

0.0

1.0

61.4

32.2

1.3

Samarqand

17.0

0.2

16.0

12.1

55.5

1.3

Surxondaryo

11.7

3.1

3.3

31.0

19.7

1.3

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

10.2

7.0

0.9

32.9

0.0

10.1

O’ta past daraja

Qashqadaryo

2.2

1.7

4.6

0.0

3.3

1.5

Manba: Statistika agentligi, menhnat.uzheadhunter.uzolx.uz maʼlumotlari asosida muallif tomonidan hisoblab chiqilgan

2022-yil yakuniga ko‘ra, indeks korsatkichlari yuqori bolgan guruhga Toshkent shahri, Navoiy va Toshkent viloyatlari kirdi. Bu hududlarda ishsizlik darajasi respublika boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichdan past (8,9%) – Toshkent shahrida 6,5%, Navoiy viloyatida 8%, Toshkent viloyatida 8,8%. Mazkur hududlarda taklif etilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari soni rezyumelar soniga nisbatan ko‘p ekanligi qayd etildi. Bundan tashqari ushbu hududlardagi o‘rtacha oylik maosh ham respublika miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha baland.   

Oʻrta guruhga Buxoro, Andijon, Fargʻona, Sirdaryo, Xorazm, Namangan viloyatlari kiradi. Bu hududlardagi o‘rtacha oylik maosh respublika miqyosidagi o‘rtacha ko‘rsatkichning 80% idan kam emas. Mehnat taklifi esa o‘rtamiyona, ya’ni bitta bosh ish orniga orta hisobda 5,6 ta rezyume togri keladi. Ishsizlik darajasi 9,1% dan oshmaydi.

Jizzax, Samarqand, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi indeks ko‘rsatkichlari past bolgan hududlar qatoriga kiradi. Ularda eng yuqori konsentratsiya koeffitsiyenti kuzatildi, ya’ni bitta bo‘sh ish o‘rniga Qoraqalpog‘iston Respublikasida 17,4 ta, Surxondaryoda 14,1 ta, Jizzax viloyatida 12,0 ta rezyume to‘g‘ri keladi. Bu esa mazkur hududlarda ishsizlik darajasining 9,3% gacha yetishi bilan bog‘liq.

Qashqadaryo viloyatida mehnat bozori indeksi juda past darajada – 2,2 ni tashkil etdi. Buning asosiy sababi har bir bo‘sh ish o‘rniga 16,8 nafar talabgor to‘g‘ri kelishi va o‘rtacha oylik maosh respublikadagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha past ekanligidir.

2021 yil indeks bilan taqqoslash. Toshkent shahridan tashqari respublikaning barcha hududlarida indeks qiymati pasaygan. Toshkent shahrida ishsizlik darajasining pasayishi va bo‘sh ish o‘rinlarining ko‘payishi hisobiga indeks 12,9 punktga oshgan. Indeksda Toshkent viloyati Navoiy viloyatidan 1,4 ballga o‘zib ketgan holda ikkinchi o‘rinni egalladi (2021-yilda Navoiy viloyati 62 ball bilan ikkinchi o‘rinda edi). Konsentratsiya koeffitsiyenti Toshkent viloyatida 1,0 bo‘lsa, Navoiyda 5,0 tashkil etdi.

2022-yilda Samarqand va Jizzax viloyatlarida bo‘sh ish o‘rinlari soni ish qidirayotganlar sonidan ancha kam bo‘lganligi bois ko‘rsatkichlari past hududlar qatoriga kiritildi. Qashqadaryo viloyati juda past darajada joylashdi. Hududda ishsizlik darajasi yuqori, ish haqi mamlakatdagi o'rtacha ko'rsatkichga nisbatan past va bo'sh ish o'rinlari juda kam.

Ikki davr tahlili asosida 2022-yilda barcha hududlarda mehnat bozori indeksi (Toshkent shahridan tashqari) pasaygani kuzatildi. Buning asosiy sababi Milliy vakansiyalar bazasida (ish.mehnat.uz) ro‘yxatdan o‘tgan rezyumelar soni (o'tgan yildagiga nisbatan 900 ming kishiga ortgan) ko‘payganligidir. Ushbu tendensiyaga salbiy tomondan ham, ijobiy tomondan ham qarash mumkin.

Salbiy tomoni shundaki, respublikada ishsizlar soni ko‘p. Ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratilishi kerak, biroq ijobiy tomoni shundaki, aholi faol ish izlay boshladi, mahallalar va hokim yordamchilari faoliyatini yaxshilash bo‘yicha davlat tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar ijobiy natijalar bermoqda.

Shunday qilib, umuman olganda, O‘zbekiston mehnat bozoridagi vaziyat pandemiya davridagiga nisbatan yaxshilanmoqda, ish haqi o oshmoqda. Uning o‘sish sur’ati 2022-yilda 2021-yildagiga nisbatan 121,3% ni tashkil etdi, ishsizlik 0,7% ga kamaydi. Biroq, shunga qaramay, ishsizlar soni ko'pligini inobatga olgan holda, ayniqsa, ish o'rinlari soni kam bo‘lgan Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog'iston Respublikasida yangi ish o'rinlari yaratilishi zarur.

Muhabbat Аhmedova,
PMTI guruh rahbari

  2334