Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan ishlab chiqilgan metodologiya asosida mamlakatning 14 ta hududi bo‘yicha 2021 yilning iyun va iyul oylari uchun “Hududlarda iqtisodiy faollik barometri” baholandi va hududlar reytingi tuzildi.
IFB joriy yilning ma’lum bir davrida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan hududlar o‘rtasida kuzatilgan iqtisodiy faollik darajasini ko‘rsatadi va u har oyda hisoblab boriladi.
Baholash natijalariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-iyul oylarida Toshkent shahri eng yuqori faollik barometri indeksi (0,707) bilan reytingda 1-o‘rinni egalladi. Keyingi o‘rinlarni Samarqand (0,613) va Sirdaryo (0,610) viloyatlari egalladi.
Iqtisodiy faollik barometri Navoiy (0,370), Surxondaryo (0,391) va Andijon (0,468) viloyatlarida nisbatan past bo‘ldi va ular mos ravishda reytingda past o‘rinlarni egalladi.
IFBni baholashda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘rsatkichlardan foydalanildi.
1. Ishlab chiqarish faolligi hududda sanoat mahsulotlari va iste’mol tovarlari ishlab chiqarish, qurilish ishlari, xizmat ko‘rsatish va chakana savdo aylanmasi hajmlaridagi o‘sish sur’atlarini ifodalaydigan 5 ta ko‘rsatkich.
2. Tadbirkorlik faolligi faoliyat yuritayotgan kichik biznes sub’ektlari, yangi tashkil etilgan va faoliyatini tugatgan kichik biznes sub’ektlari sonining o‘sish sur’atlari, faoliyat yuritmayotgan va faoliyati ixtiyoriy tugatish jarayonidagi kichik biznes sub’ektlarining ro‘yxatdan o‘tgan jami kichik biznes sub’ektlari sonidagi ulushini ifodalaydigan 5 ta ko‘rsatkich.
3. Tashqi savdo faolligi tovar va xizmatlar eksport-import hajmlarining o‘sish sur’atlarini ifodalaydigan 2 ta ko‘rsatkich.
IFBni hisoblashda nisbiy farqlar va o‘zaro taqqoslash uslublaridan foydalanildi va IFB ko‘rsatkichi integral indeksda ifodalandi. Bunda, “0”dan “1”gacha qiymatga ega bo‘lgan integral indeks qancha “1”ga yaqin bo‘lsa, joriy faollik darajasi shuncha yuqoriligini anglatadi va aksincha.
2021 yilning yanvar-iyul oylari uchun hisoblangan iqtisodiy faollik barometri (indeksda)
