O‘zgaruvchan iqlim sharoiti va tabiiy ofatlar, shuningdek, boshqa muammolar sharoitida oziq-ovqat ta’minoti barqarorligi va xavfsizligi masalasi tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashning asosiy omillaridan biri bu asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining narxi va sifatini saqlash, zaxiralarni yaratishdir.
Oziq-ovqat zaxiralarining barqarorligi va ishonchliligi inqirozli vaziyatlarda aholining yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlanishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Oziq-ovqat zahiralarini yaratish davlatga kutilmagan holatlar, masalan, yaxshi hosil olmaslik yoki boshqa ekstremal holatlarda tezda zarur chora-tadbirlarni ko‘rish uchun oziq-ovqat zaxiralariga ega bo'lish imkonini beradi.
Davlat oziq-ovqat zahirasi deganda davlat korxonalari va tashkilotlari yordamida davlat tomonidan oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish, saqlash va aholiga yetkazib berish tushuniladi. Ko‘pgina mamlakatlarda zaxira qishloq xo‘jaligi siyosatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Odatda, zaxiraga mamlakatda eng ko‘p foydalaniladigan va milliy ratsionning katta qismini tashkil etadigan mahsulotlar kiradi.
Odatda oziq-ovqat zaxiralarini shakllantirishda ko‘pincha don asosiy mahsulot hisoblanadi. G‘alla bozorining holati nafaqat mintaqa, balki global miqyosda ham oziq-ovqat xavfsizligiga ta'sir qiladi.
Ko‘pgina rivojlangan davlatlar, shu jumladan AQSh, Xitoy, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar va boshqalar don va oziq-ovqat zaxiralarini g‘amlaydi. Biroq, zaxiraga olish standartlari turlicha. Shveytsariya va AQSh kabi ba’zi mamlakatlarda g‘amlangan oziq-ovqat zaxiralari 5 yil davomida zarur miqdordagi oziq-ovqat taqsimotini ta’minlash uchun yetarli.
Davlat zaxiralarining hajmi va tarkibi haqidagi ma'lumotlar barcha mamlakatlarda qat'iy sir saqlanadi. Ochiq manbalarda ma'lumotlar to'liq bo‘lmasligi yoki umuman yo'q bo'lishi mumkin. Zaxira qilinadigan tovarlar ro'yxatini tuzishda turli omillar, jumladan, saqlash xarajatlari, qayta ishlash muddati va qiyinchiliklari, shuningdek, boshqa ko'plab omillar hisobga olinadi.
Oziq-ovqat zaxiralarini yaratish milliy oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Shu munosabat bilan har bir davlatda oziq-ovqat zaxiralarini boshqarish uchun ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tashkil etilgan. Masalan, Hindistonda bu masala bilan Hindiston oziq-ovqat korporatsiyasi, Xitoyda XXR Taraqqiyot va islohotlar milliy komissiyasi huzuridagi Oziq-ovqat va moddiy resurslar davlat boshqarmasi, Rossiyada Davlat zaxiralari bo‘yicha federal agentlik, Qozog‘istonda “Oziq-ovqat korporatsiyasi MK” AJ, Moldovada Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Moddiy zaxiralar agentligi shug‘ullanadi.
Qozogʻistonda yumshoq va qattiq bugʻdoy, arpa, suli, grechka, javdar, tariq, makkajoʻxori, yasmiq, noʻxat, kungaboqar, raps va boshqa ekinlarni o‘z ichiga olgan oziq-ovqat zaxiralari markazlashgan holda shakllantiriladi. Bu jarayon “Oziq-ovqat korporatsiyasi MK” AJ tomonidan oldindan to‘lov qilish, shuningdek yetkazib berish orqali forvard xarid qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Davlat zaxiralarini shakllantirish va sotish don zaxiralarini sotib olish, saqlash, yangilash va ulardan foydalanish, zarur hollarda intervensiya operatsiyalari, eksport partiyalarini shakllantirish va tashqi bozorga g‘alla eksportini barqarorlashtirish orqali amalga oshiriladi.
Korporatsiya markazlashtirilgan fondlarni shakllantirish va taqsimlash bo‘yicha qarorlarni qabul qilishda asosiy e’tiborni ichki bozordagi va jahon oziq-ovqat bozoridagi talab va taklif tahliliga qaratadi. Moliyalashtirish “Oziq-ovqat korporatsiyasi MK” AJning o‘z mablag‘lari va jalb qilingan mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Korporatsiya davlatning oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotishda rentabellik darajasiga erishish uchun Qozog'iston hukumati va Qishloq xo'jaligi vazirligi bilan kelishgan holda kafolatlangan xarid narxlarini belgilaydi.
Qozog'istonda, shuningdek, hududiy barqarorlashtiruvchi jamg‘armalar ham shakllantirilmoqda. Ular hududlar, respublika ahamiyatiga molik shaharlar, ma’muriy markazlar darajasida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, shuningdek, narxlarni barqarorlashtirish mexanizmlarini samarali va o‘z vaqtida qo‘llash uchun sharoit yaratish bilan bog‘liq bir qator vazifalarni bajaradi. Ushbu jamg‘armalar Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqarorlashtiruvchi mexanizmlarning qo‘llanilishini ta’minlash bo‘yicha komissiya tomonidan shakllantiriladi va taqsimlanadi. Bunda xarid va tovar intervensiyalari amalga oshiriladi. Komissiya tarkibiga mahalliy davlat hokimiyati organlari, tadbirkorlik subyektlari, jamoat tashkilotlari va boshqa manfaatdor tomonlarning vakillari kiradi. Komissiya tegishli ma’muriy-hududiy birlikda narxlarni barqarorlashtirish mexanizmlarini qo‘llash to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi, hududiy barqarorlashtiruvchi jamg‘armaga xarid qilinadigan tovarlar ro‘yxatini, ushbu tovarlar bo‘yicha marginal savdo marjasi miqdorini belgilaydi, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan narxlarni barqarorlashtirish mexanizmlarini qo‘llash qoidalariga muvofiq kreditlarni berish uchun tadbirkorlik subyektlarini belgilaydi. Bundan tashqari, Komissiya ixtisoslashtirilgan tashkilotni belgilaydi. U esa Qozog‘iston Respublikasi hukumatining qarori bilan tasdiqlanadi va bu sohada boshqa vazifalarni ham bajaradi.
Ixtisoslashtirilgan tashkilot hududning ichki bozori va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozoridagi oziq-ovqat mahsulotlari hajmini doimiy ravishda tahlil qilib boradi. Komissiya xarid va tovar intervensiyalarini amalga oshirish borasidagi qarorlarni qabul qilishda ixtisoslashtirilgan tashkilot tomonidan taqdim etiladigan va ishlab chiqarish hajmi, mahsulotlarning hudud darajasida borligi, tovar aylanmasi dinamikasi kabi turli xil ko‘rsatkichlar tahlili natijasi va boshqa omillarga tayanadi. Masalan, 2020-2021 yillarda G‘arbiy Qozog‘iston viloyatida barqarorlashtirish jamg‘armasi tarkibiga un, non, makaron, guruch, shakar, kungaboqar yog‘i, grechka, mol go‘shti, tovuq go‘shti, tuz va tuxum kabi 11 turdagi mahsulot kiritilgan.
Qirg‘izistonda Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Davlat moddiy zaxiralar jamg‘armasi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va narxlar o‘sishi davrida bozorni tartibga solish maqsadida davlatga g‘alla xaridi bilan shug‘ullanadi. Buyurtmalar korxonalarga ularning idoraviy tegishliligi va mulkchilik shaklidan qat’i nazar shartnoma asosida beriladi. Bundan tashqari, Qirg‘izistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qonun hujjatlariga muvofiq mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xomashyo va oziq-ovqat bozorida xarid va tovar intervensiyalari ham ko‘zda tutilgan.
Rossiyada davlat moddiy zaxiralari bir necha darajada, ya’ni federal, hududiy, mahalliy va idoraviy darajalarda shakllantiriladi. Federal darajada Rossiya zaxirasi federal agentligi faoliyat yuritadi va u muhim resurslarni yetkazib berish, gumanitar yordam ko‘rsatish va bozorni tartibga solishda vaqtinchalik uzilishlar yuzaga kelgan taqdirda iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun mobilizatsion zaxiralarni shakllantiradi.
Yil boshlanishidan oldin Rossiya Federatsiyasi subyektlari hukumati va ijro organlari davlat ehtiyojlari uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uchun kvotalarni belgilaydi. Moliyalashtirish federal va hududiy jamg‘armalarning budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Federal va hududiy hukumat ehtiyojlari uchun buyurtmaga kiritilgan tovarlar ro‘yxatiga don, qand lavlagi, yog‘li o‘simliklarning urug‘lari, tolali zig‘ir, chorvachilik va parrandachilik, sut va sut mahsulotlari, jun bor.
2013-yildan Yevropa Ittifoqida jahon bozorida narxlarning jiddiy tebranishlarini bartaraf etish vositasi sifatida intervension xaridlar faol qo‘llanila boshlandi. Intervensiya fondlari tashqi bozorda ma’lum mahsulot narxi ma’lum vaqt oralig‘ida intervensiya bahosi darajasidan pastga tushganda shakllanadi.
Agromajmuani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga yo‘naltirilgan integratsiya fondidan foydalanish hisobiga Yevropa Ittifoqining oziq-ovqat xavfsizligi ham ta’minlanadi. Ushbu jamg‘arma mablag‘larining katta qismi quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi:
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini subsidiyalash;
- 1962-yilda joriy qilingan o‘rnatilgan yagona narxlarni saqlash;
- sut mahsulotlari, don va shakar bozorini barqarorlashtirish.
Shunday qilib, ushbu chora-tadbirlar oziq-ovqat bozorining barqarorligi va ishonchliligini ta’minlash, shuningdek, Yevropa Ittifoqida qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Moldovada Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Moddiy zaxiralar agentligi davlat zaxiralarini boshqaradi. Agentlik bug‘doyni davlat zaxirasiga sotib olishning quyidagi modelini qo‘llaydi: agentlik sotib olish narxi va yetkazib berish hajmi, shuningdek, yetkazib berish paytidan boshlab to‘lov muddati ko‘rsatilgan holda davlat zaxirasiga sotib olish uchun tender o‘tkazilishini e’lon qiladi. Shu bilan birga, moddiy zaxiralar agentligi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari bilan bug‘doy sotib olish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga kirishishi mumkin. Bunga qonunan ruxsat etiladi va narx to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar yo‘li bilan va bozor narxlariga qarab, shuningdek, mahalliy bozordagi vaziyatni hisobga olgan holda belgilanishi kerak.
Shunday qilib, xorij tajribasidan kelib chiqib, quyidagi xulosaga kelish mumkin, davlat zaxirasida ham yakuniy iste’mol mahsulotlarini ham, xomashyo zaxiralarini ham g‘amlash muhim ahamiyatga ega. Zaxira uchun xomashyo va oziq-ovqat turlari ko‘plab omillar, jumladan xomashyo va uni qayta ishlash mahsulotlarini saqlash xarajatlari, shuningdek, xomashyodan iste’mol mahsulotigacha bo‘lgan texnologik yo‘lning davomiyligi va murakkabligi asosida belgilanadi. Oziq-ovqat xavfsizligini, oziq-ovqat bozorida talab va taklif muvozanatini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash davlat zaxirasi uchun davlat xaridlarini amalga oshirish jarayonida hal etilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalardir. Davlat xaridlari, shuningdek, ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxlarini bilvosita tartibga solishning samarali vositasi hamdir.