Мақолалар ва тезислар 1 июн 2023 5 daq 3727
Kir yuvish mashinalari ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligiga qanday ta’sir qiladi?

Kir yuvish mashinalari ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligiga qanday ta’sir qiladi?

Kir yuvish mashinalari ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligiga qanday ta’sir qiladi?
Мақолалар ва тезислар · 1 июн 2023

Texnologik taraqqiyot sur’ati jadal bo‘lgan bir davrda insonlar hayotini yengillashtiruvchi turli texnika vositalari kun sayin ko‘paymoqda. Bugungi kunda uy yumushlarining katta qismini ularsiz tasavvur qilish qiyin. XX asrning eng muhim ixtirolaridan biri bu kir yuvish mashinasi hisoblanadi. Ushbu qurilma nafaqat kir yuvishni osonlashtirdi va tezlashtirdi, balki ayollar hayoti va mehnatiga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. Kir yuvish mashinalari kir yuvish uchun zarur bo‘lgan vaqt va kuchning qisqarishiga olib keldi va ayollarning boshqa ishlar uchun vaqt ajratishiga imkon berdi. Tadqiqotlarga ko‘ra, 1900-1980 yillarda AQSHda kir yuvish mashinalaridan foydalanish natijasida ayollarning iqtisodiy faollik darajasi 10%ga oshgan (Jeremy Greenwood, Ananth Seshadri and Mehmet Yorukoglu 2005)[1].

Nielsen tadqiqotiga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab aholining 67%i haftasiga kamida ikki marta, 31%i esa har kuni kir yuvadi. Ammo butun dunyodagi odamlar kiyimlarini qanchalik tez-tez tozalashidagi o‘xshashliklarga qaramay, kiyimlarini yuvishda ba’zi farqlar mavjud (agar ular buni o‘zlari qilsa). Osiyo-Tinch okeani mintaqasida istiqomat qiluvchilarning deyarli yarmi (45%) kiyimlarini har kuni yuvishini va 27%i qo‘lda yuvishini bildirgan. Yevropa, Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida ushbu ko‘rsatkich 11%, Lotin Amerikasida 15%, Shimoliy Amerikada 4% ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Kirni mashinada yuvish bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich Yevropa mamlakatlarida (87%), Shimoliy Amerikada (82%), va Lotin Amerikasida (74%) kuzatilgan[2]. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, aynan ushbu mintaqalardagi davlatlarda ayollarning iqtisodiy faolligi boshqa mamlakatlardagiga nisbatan ancha yuqori.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kir mashinasida kir yuvish uchun ayollar o‘rtacha 17 daqiqa vaqt (kirni saralab mashinaga solish va undan so‘ng qurishi uchun osish) sarflar ekan[3]. Kiyimlarni qo‘lda yuvish kir yuvish mashinasidagiga qaraganda ko‘proq mehnat talab qiladigan usul. Qo‘lda kiyimlarni yuvish o‘rtacha 1 soatu 30 daqiqadan 2 soatu 30 daqiqagacha davom etadi. Kiyimlarni qo‘lda yuvish uchun qancha vaqt ketishi kiyimning turi va o‘lchami, kir miqdori va shaxsiy yuvish usullari kabi omillarga bog‘liq[4].

Statistika agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistondagi har 100 ta uy xo‘jaligining 95 tasida kir yuvish mashinasi bor. Kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanganlik ko‘rsatkichi Sirdaryo viloyatida eng past - 83 ta, Toshkent shahrida esa eng yuqori - 128 ta. Ta’kidlab o‘tish joizki, Statistika agentligining uy xo‘jaliklari so‘rovida kir yuvish mashinalarining turi (avtomat, yarim avtomat) yoki qanday maqsadlarda foydalanilishi (qishloqlarda sutdan qaymoqni ajratish maqsadlarida ham foydalaniladi) so‘ralmaydi va shahar-qishloq kesimida ma’lumotlar keltirilmaydi. Shuning uchun uy xo‘jaliklarining 100 tadan 96 tasida avtomat kir yuvish mashinasi bor va ulardan aynan kir yuvishda foydaniladi, deyish biroz mushkul.

Ma’lumot uchun: 2021-yilda Yevropa mamlakatlarida uy xo‘jaliklarining kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanganlik darajasi: Italiyada-97%, Avstriyada-94%, Germaniyada-93%, Buyuk Britaniyada-92%, Fransiyada-90%, Norvegiyada-88%, Shvetsiyada-72%.

O‘zbekistonlik ayollarning iqtisodiy faollik darajasi boshqa mamlakatlardagiga nisbatan past (43%). Buning asosiy sababi ular ko‘p vaqtini uy ishlariga sarflashidir. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, iqtisodiyotda band bo‘lgan o‘zbek ayollari uy ishlariga kuniga 4  soat vaqt ajratadi . O‘zbek ayollarining bo‘sh vaqti juda oz ekanligini isbotlovchi yana bir ko‘rsatkich ularning farzandlariga ko‘p vaqt ajrata olmasligidir. Misol uchun bor yo‘g‘i 36,8% ayollar farzandlariga turli xil kitoblarni o‘qib berishini, 37,4% ayollar farzandlari bilan o‘yinlar o‘ynab, dam olishini bildirgan[5].

Ma’lumki, kir yuvish mashinasidan foydalanish kirni qo‘lda yuvish bilan solishtirganda ayolning vaqtini sezilarli darajada tejaydi. Kir yuvish mashinasi tanlangan sozlamalarga va kir miqdoriga qarab o‘rtacha 30-60 daqiqada bir siklni yuvishi mumkin. Shu bilan birga, ayolning butun sikl davomida ishtirok etishi shart emas, kir yuvish mashinasidan foydalanish ayollarning vaqtini sezilarli darajada tejaydi. MHTI ekspertlari kir yuvish mashinalaridan foydalanish ayollarning iqtisodiy faolligiga qanday ta’sir qilishini baholash maqsadida tadqiqot o‘tkazdi.

Iqtisodiy ta’siri: Tadqiqot natijalariga ko‘ra, uy xo‘jaliklarining kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanganlik darajasi 1%ga oshishi iqtisodiy faol ayollar sonini 1,9% ga yoki 122 ming nafarga oshirishi ma’lum bo‘ldi (1-jadval). Shuningdek, uy xo‘jaliklarining shaxsiy kompterlarga ega bo‘lishi ham ayollarning iqtisodiy faolligiga ijobiy ta’sir qilishi tahlil natijalariga ko‘ra aniqlandi. 

1-jadval

Ayollarning iqtisodiy faolligiga ta’sir etuvchi omillarinning ekonometrik tahlili

Ko‘rsatkichlar

Koeffitsiyent

P/v

Kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanganlik

1,903

0,000***

Shaxsiy kompterlar bilan ta’minlanganlik

0,976

0,009***

Elektr changyutgichlar bilan ta’minlanganlik

-0,511

0,194*

Mobil aloqa vositalari bilan ta’minlanganlik

-0,078

0,372*

Yengil avtomobillar bilan ta’minlanganlik

-0,346

0,562*

R2

0,45

Kuzatuvlar soni

154

Standard errors in parentheses *** p<0.01, ** p<0.05, * p<0.1

 

Ijtimoiy ta’siri: Ayollar, ayniqsa qishloqlarda istiqomat qiluvchi ayollar orasida avtomat kir yuvish mashinalaridan kundalik hayotda foydalanish ularning bo‘sh vaqti ortishiga olib keladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, avtomat kir yuvish mashinasidan foydalanish bir haftada o‘rtacha 4 soat vaqtni tejashda yordam beradi. Bu vaqtni ayollar farzandlari bilan uy vazifalarini bajarishga sarflashi mumkin. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, onalarning farzandlariga ko‘proq vaqt ajratishi ularning matematika va ona tili fanlarini o‘zlashtirishiga ijobiy ta’sir qilgan[6].

Shuningdek, kir yuvish mashinalaridan foydalanish suv va energiya sarfining kamayishiga olib keladi.

Shunday qilib, tadqiqotimiz natijalariga ko‘ra, kir yuvish mashinalaridan foydalanish ham iqtisodiyotga, ham ijtimoiy hayotga ijobiy ta’sir etadi. Bundan kelib chiqib, qishloq ayollarining kir yuvish mashinalari bilan ta’minlanishi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish taklif etiladi. Buning eng asosiy mexanizmlaridan biri bu kir yuvish mashinalarini harid qilish istagida bo‘lgan ayollar uchun maxsus imtiyozli kreditlar tizimini joriy etishdir.

Bugungi kunda O‘zbekistonda kir yuvish mashinasini xarid qilish uchun (iste’mol krediti) kreditning yillik foiz stavkasi 25% dan boshlanadi. Bo‘lib berish tartibida xarid qilinganida tannarxidan kamida 40% qimmatga tushadi. Shularni onobatga olgan xolda, aynan kir yuvish mashinasini xarid qilish istagidagidagi ayollar uchun maxsus yillik foiz stavkasi markaziy bank tomonidan belgilangan moliyalashtirish stavkasi miqdorida bo‘lishi taklif etiladi.

 

 

Muhabbat Ahmedova,

MHTI loyiha rahbari

 


[1] doi.org/10.1111/0034-6527.00326

[2] https://www.apartmenttherapy.com/how-the-world-does-laundry-246123

[3] https://www.thefolde.com/how-much-time-do-people-spend-on-laundry/

[4]https://cleanerdigs.com/how-long-does-it-take-to-wash-clothes/#:~:text=Hand%20Washing,-Hand%20washing%20clothes&text=On%20average%2C%20it%20takes%20between,dirt%2C%20and%20personal%20washing%20techniques

[5] https://mics.unicef.org/surveys

[6] https://repository.ubn.ru.nl/bitstream/handle/2066/191260/191260.pdf