Мақолалар ва тезислар 25 март 2024 9 daq 2401
Biologik faol qo'shimchali mahsulotlarni reklama qilishga taniqli shaxslarni jalb qilinishi: muammolar, xorijiy tajriba va takliflar

Biologik faol qo'shimchali mahsulotlarni reklama qilishga taniqli shaxslarni jalb qilinishi: muammolar, xorijiy tajriba va takliflar

Biologik faol qo'shimchali mahsulotlarni reklama qilishga taniqli shaxslarni jalb qilinishi: muammolar, xorijiy tajriba va takliflar
Мақолалар ва тезислар · 25 март 2024

 

Kirish

Biologik faol qo'shimchalar (BFQ) XX asrning boshlarida ommalashishni boshlagan vaqtdan beri ularni tartibga solish mexanizmida ko'pgina noaniqliklarga duch kelinmoqda. Dastlab ma'lumot yetishmasligi, keyinchalik targ'ibot tufayli vitaminlar va BFQ hech qachon sog'liqni saqlash sohasida qo'llanniladigan boshqa mahsulotlar bilan bir xilda tartibga solinmagan.[1]   

So'nggi yillarda BFQ iste'molining o'sishiga asosan internet va boshqa ommaviy axborot vositalaridagi reklamalar sabab bo'lmoqda. Ushbu reklamalarning aksariyatida taniqli shaxslar ishtirok etib, BFQ ni maqtaydi.[2] Bu esa ko'pchilikning salomatlikni mustahkamlash borasidagi qaroriga katta ta'sir ko'rsatadi.

Mashhur kishilarning o'z shaxsiy tajribasi va muvaffaqiyatida BFQ katta ahamiyatga ega bo'lgani haqidagi gaplarini tomoshabinlar ko'pincha ishonch bilan qabul qiladi va yuqori ijtimoiy mavqei sababli jamoatchilik ularga ishonchli tibbiy maslahatchilar sifatida qaraydi. [3] 

Taniqli shaxslarning kosmetika va kiyim-kechak kabi iste'mol mahsulotlarini reklama qilishini ma'lum kasalliklarni davolash vositasi sifatida taqdim etiluvchi biologik faol qo'shimchalar reklamasi bilan taqqoslab bo'lmaydi. Heng (2020)[4] tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, iste'molchilar mahsulotning sog'lik uchun foydasi borligiga ishonganda, BFQ xaridiga ko'proq pul sarflashga moyil bo'ladi.

Bundan tashqari, tomoshabinlar taniqli shaxslar xolis hamda tijorat to'lovi olmagan holda maslahat beradi, deb hisoblaydi. Vaholanki, mashhurlar reklama maqsadida yollanadi.   

Tabiiyki savol tug'iladi: aholining reklama ta'siriga moyil qatlamlari[5],[6] (keksalar va voyaga yetmaganlar) bunday marketing vositalaridan yetarlicha himoyalanganmi va ular taniqli shaxslarning ta'siri muhitida sog'lik bilan bog'liq masalada qanchalik oqilona qaror qabul qila oladi?

Muammoning tavsifi

2022-yilda 167,9 milliard AQSh dollariga baholangan global biologik faol qo'shimchalar bozori 2030-yilga borib, yillik 7,9 foizlik o'sish sur'ati bilan 301,4 milliard AQSh dollariga yetishi prognoz qilinmoqda. Bunda oziq moddalar yetishmovchiligini bartaraf etish, salomatlikni mustahkamlash va ma'lum fiziologik funksiyalarni saqlab qolish uchun mo'ljallangan biologik faol qo'shimchali mahsulotlarning eng ommalashgan turlari hisoblanadi.[7]

Onlayn reklamalardagi iste'molchilar salomatligini yaxshilashi haqidagi ta'kidlar BFQ xaridining oshishiga ta'sir ko'rsatayotgan asosiy omillardan biridir. Bu jarayonda taniqli shaxslarning ishtiroki iste'molchilar orasida reklamaning ishonchliligi hamda brend haqidagi xabardorlikni oshiradi.  

Hindistonlik tadqiqotchilar tomonidan o'tkazilgan va multivitaminli qo'shimchalardan foydalanish borasida taniqli kishilarning tavsiyasi odamlarga qanday ta'sir ko‘rsatishini aniqlashga qaratilgan so'rov shuni ko'rsatdiki, respondentlarning 65 foizi mazkur mahsulot brendlari haqida gapirgan mashhur kishilarga ishongan. [8] Biroq, reklama qilinadigan BFQning aksariyati ro'yxatdan o'tmagan mahsulotlar bo'lib, klinik sinovlar yetishmaganligi sababli sog'liqni saqlash organlari tomonidan ma'qullanmagan.

Simmon universiteti tadqiqotchilari o'smirlar va kattalar uchun mo'ljallangan bir yil davomida nashr etilgan jurnallarda oziq-ovqat qo'shimchalariga oid e'lon qilingan maqola va reklamalarni o'rganib chiqdi. Shunga ko'ra, 88 ta nashrdan 238 ta ma'lumot aniqlangan. Tahlil qilingan jurnallarning 64 foizida BFQ haqida ayrim reklamalar bor edi. Ularda BFQning salomatlikka ijobiy ta'siri haqida aytilgan ta'kidlarning 15 foizi aniq, 23 foizi noaniq, 3 foizi noto'g'ri, 5 foizi qisman aniq va 55 foizi asossiz ekanligi aniqlangan. [9]  

Iste'molchilar mahsulot ingrediyentlari va sotuvchi shaxsi haqida yetarlicha ma'lumotga ega bo'lmasligi mumkin. Mazkur bo'shliq mashhurlarning mahsulot foydasi haqida aytgan va tibbiy asosga ega bo‘lmagan tavsiyalari bilan to'ldirilishi oqibatida nojo'ya ta'sir xavfi yuzaga kelishi mumkin. 

Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, har yili AQShda tez tibbiy yordam bo'limiga qilingan murojaatlarning kamida 23000 tasi BFQ dan foydalanish bilan bog'liq. Shikoyatlarning aksariyatida yurakning tez urishi, ko'krakda og'riqning paydo bo'lgani va yutishda muammo bo'layotgani qayd etilgan. [10]

Biologik faol qo‘shimchali mahsulotlar bozorini tartibga solish dori-darmon bozorini tartibga solishga qaraganda ancha qiyin. Chunki bu mahsulotlarni retseptsiz yoki shifokor ruxsatisiz sotib olish mumkin. Bu esa, kishilarning BFQni televideniye yoki internetdagi reklamada mashhurlarning tavsiyasi sababli iste'mol qilishi xavfini yanada kuchaytiradi.

AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) bildirishicha, taniqli shaxslar ishtirok etgan reklamalarda odatda dorivor vositalarning xavfli va foydali jihatlari to'liq muhokama qilinmaydi. Mashhurlar mahsulot ishlab chiqaruvchi bilan aloqalarini ochiq aks ettirmaganligi sababli taniqli kishilardan bu tarzda foydalanish “mashhurlarning niqoblangan xabarlari” deb nom olgan. Sababi, iste'molchi ularni mahsulot haqida ijobiy fikr bildirgani uchun haq oluvchi sifatida emas, balki obyektiv ma'qullovchi, deb qabul qiladi. [11]

Aytish joizki, taniqli shaxslar reklama qiladigan kosmetika brendi yoki kiyim-kechaklar ushbu mahsulotlardan foydalanadigan kishilar sog'ligiga jiddiy salbiy ta'sir ko'rsatmaydi. Biroq, biologik faol qo'shimchali mahsulotlarning muayyan darajada xavfni keltirib chiqarish ehtimoli chuqurroq yondashuvni talab qiladi.

Xorijiy tajriba

Malayziyada biologik faol qo'shimchali mahsulotlar odatda farmatsevtika mahsuloti sifatida tasniflanadi va giyohlardan tayyorlangan an'anaviy dori-darmonlarni ham o'z ichiga oladi.[12] BFQ mahsulot sifatida tan olinishidan oldingi jarayon odatda farmatsevtika mahsuloti bilan bir xil darajada nazorat qilinadi. [13] Ushbu mahsulotlar surunkali kasalliklarning oldini olish va davolash uchun foydali ekanligi ta'kidlanadi.

Xitoyda taniqli shaxslar ishtirokidagi reklamalarni tartibga solish bilan bog'liq huquqiy muhit tobora takomillashib bormoqda. Bozorni tartibga solish davlat boshqarmasi hamda 6 ta boshqa hukumat idorasining birganlikda chiqargan ko'rsatmasiga[14] ko'ra, mashhur shaxslarga BFQ, maktabdan keyingi repetitorlik xizmatlari, tamaki mahsulotlari va boshqa mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanadi.[15] Yangi tartib mashhur shaxslar va jamoatchilik faollariga ushbu mahsulotlarni ijtimoiy tarmoqlarda, televideniye reklamalarida, jonli efir va intervyularda reklama qilishni taqiqlaydi. [16]

Buyuk Britaniya Sog'liqni saqlash milliy xizmati (NHS) rasmiy veb-saytida professor Stiven Povis ijtimoiy media kompaniyalarni mashhurlar ishtirokidagi mas'uliyatsiz reklamalarni taqiqlash orqali yoshlar va ta'sirga moyil foydalanuvchilarni himoya qilishga chaqirgan. Shuningdek, u yoshlar orasida mashhur bo'lgan shaxslarni salomatlikka salbiy ta'sir qiluvchi zararli mahsulotlarni reklama qilish uchun kompaniyalardan haq olishda mas'uliyatli bo'lishga chaqiradi. Ta'kidlash joizki, 2019-yil mamlakatda Raqobat va bozorlar boshqarmasi o'z xabarlarida tijoriy maqsaddagi reklama ekanligini ko‘rsatmagan mashhurlarga nisbatan keskin choralar ko'rishini e'lon qilgan. [17]

Yaponiyada biologik faol qo'shimchali mahsulotlar reklamasining mazmuni birinchi navbatda "Salomatlikni targ'ib qilish to'g'risida"gi qonun va "Asossiz ustamalar va noto'g'ri da'volarga qarshi" qonun bilan tartibga solinadi. Bu qonunlar odamlarni chalg'itadigan va aholi salomatligini yaxshilashga to'sqinlik qiladigan reklamalar taqdimotiga yo'l qo'ymaydi. Yaponiya iste'molchilar agentligi "Asossiz ustamalar va noto'g'ri da'volarga qarshi kurash to'g'risida"gi qonundan foydalanib, asossiz daʼvolar bilan chiqqan kompaniyalarni qo'shimcha ustama to'lovlarini to'lashga majbur qilishi mumkin. [18]

O'zbekistondagi holat

Bugungi kunda O'zbekistonda biologik faol qo'shimchali mahsulotlarni  ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan o'z mahsulotlarini reklama qilishda mashhur shaxslardan keng foydalanish tendensiyasi kuzatilmoqda. Respublikada amalga oshirilgan islohotlar tajribasi ushbu yo'nalishda tartibga soluvchi nazorat me'yorlarini o'rnatish qiyinligini ko'rsatadi.

2022-yilning 4-mayida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Reklama to'g'risida”gi yangi qonun loyihasini birinchi o'qishda konseptual jihatdan qabul qildi. [19]  Unga ko'ra dori vositalarini taniqli shaxslar va tibbiyot xodimlari reklama qilishi taqiqlandi. Qonun loyihasi o'zini-o'zi moliyalashtiradigan qator xususiy telekanallar va ommaviy axborot vositalarida jiddiy xavotir uyg'otdi. Buning natijasida xususiy kanallarning vakillari har bir telekanal yiliga bir necha milliard so'm zarar ko'rishini, davlatga esa soliq tushumlari tushmasligini aytishdi. Farmatsevtika sohasi tadbirkorlari ham dori vositalarini reklama qilishdagi cheklovlarni bekor qilish g'oyasini qo'llab-quvvatladi. [20]  

Ammo, 2022-yilning iyun oyida reklama ta'siriga moyil aholi qatlamlarini (keksalar va voyaga yetmagan fuqarolar) ushbu kuchli marketing vositasidan himoya qilish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun[21]  imzolandi. Hujjat rasmiy e'lon qilinganidan keyin 3 oy o'tgach kuchga kirdi hamda mamlakatda dori vositalarini taniqli shaxslar va tibbiyot xodimlari reklama qilishi taqiqlandi.

Ushbu qonunning qabul qilinishi reklama kampaniyalarini tartibga solishdagi mavjud kamchiliklar o'rnini to'ldirgan bo'lsada, yanada takomillashtirishni talab qiladigan jihatlar mavjud. Biologik faol qo'shimchali mahsulotlar dori sifatida tasniflanmaganligi sababli, ishlab chiqaruvchilar o'z mahsulotlarini reklama qilish uchun mashhurlarni jalb qilishda davom etmoqda. Aksariyat hollarda esa aholining reklama ta’siriga moyil qatlamlari, ya'ni keksalar va voyaga yetmaganlar BFQ tijoratchilarining maqsadli auditoriysi bo‘lib qolmoqda[22],[23].

Takliflar

1. Taniqli shaxslar tomonidan biologik faol qo'shimchali mahsulotlarning reklama qilinishini cheklash jamoatchilik salomatligini ta'minlashga xizmat qilishi mumkin. Sababi, bu orqali potensial xavf tug'dirishi mumkin bo'lgan mahsulotlarni anglamagan holda iste'mol qilishning oldini olish va aholining reklama ta'siriga moyil qismini (keksalar va voyaga yetmaganlar) moliyaviy zarardan himoyalash mumkin.  

2. Taniqli shaxslarning tavsiyalari mahsulotni obyektiv baholashga ta'sir ko'rsatishi ehtimolini inobatga olgan holda, biologik faol qo‘shimchali mahsulotlar reklamasini tartibga soluvchi me'yoriy hujjatlarni takomillashtirish taklif etiladi. Tartibga solish shakli mashhur shaxsning reklamadan oladigan moliyaviy manfaatini oshkor qilishdan tortib, BFQning taniqli kishilar tomonidan ommaviy ravishda taqdim etilishini to'liq taqiqlashgacha bo'lishi mumkin.

3. Mashhurlarning tavsiyalariga ko'r-ko'rona rioya qilish bilan bog'liq potensial xavf haqida jamoatchilik xabardorligini oshirish lozim. Har qanday biologik faol qo'shimchali mahsulotni qabul qilishdan oldin tibbiyot mutaxassislari bilan maslahatlashish muhimligini targ'ib etish va reklama qilingan mahsulotlarning mavjud aks ta'sirini eslatish darkor.

4. Axloqiy me'yorlarni mustahkamlash maqsadida salomatlik uchun zararli ta'sirga ega mahsulotlarni reklama qilgan mashhur shaxslarga nisbatan javobgarlik belgilash taklif qilinadi. Shuningdek, mustaqil ekspertlarni jalb etgan holda biologik faol qo'shimchali mahsulotlar reklamasini monitoring qilish tizimini joriy etish, shuningdek, reklama qoidalari buzilgan taqdirda cheklov choralarini qo'llash maqsadga muvofiq.

Ushbu chora-tadbirlarning joriy etilishi iste'molchilar manfaati va aholi salomatligini inobatga olgan holda biologik faol qo'shimchali mahsulotlarni reklama qilishning mas'uliyatli va shaffof amaliyotini yaratishda yordam berishi mumkin.

Ma'lumot uchun: BFQ – bu tabiiy yoki tabiiyga o'xshash moddalar bo'lib, sog'lk uchun ma'lum darajada foyda olish uchun iste'mol qilinadi. Ularning asosiy vazifasi ayrim kasalliklarning oldini olish va tananing himoya funksiyalarini kuchaytirishdir. Iste'molchilar biologik qo‘shimchalarni yurak faoliyatidagi muammolari, diabet va osteoporoz kabi kasalliklardan himoya qilishning qo'shimcha usuli sifatida qabul qiladi.

Ushbu mahsulotlar turli toifalada bo'lib, vitamin va minerallarning sof shakllaridan tortib, turli xil o'simlik yoki hayvon mahsulotlarining ekstraktlarigacha farqlanadi. Vitaminlar yoki mineral qo'shimchalar, maxsus qo'shimchalar, giyohlar va sport qo'shimchalari bunday qo'shimchalarning keng tarqalgan turlari hisoblanadi.

Ammo shuni hisobga olish kerakki, qo'shimchalarning foydasi o'ziga xos bo'lib, uzoq muddatli foydalanishga bog'lanib qolishga olib kelishi mumkin. "To'liq tabiiy" deb da'vo qilingan biologik faol qo'shimchalar o‘zaro yoki boshqa dori vositalari bilan o'zaro kimyoviy ta'sirga ega bo‘lib, organizm uchun noxush va hatto xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sababli, ularni  iste’mol qilishdan avval doimo shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.

 

Abdusattor Abdumo‘minov,
MHTI yetakchi ilmiy xodimi

 


[1] https://hashtagpaid.com/banknotes/history-of-vitamin-and-supplement-advertising
[2] https://www.antidoping.hk/athletes-and-support-personnel-zone/supplements/considerations/
[3] Utilizing celebrity endorsements to teach over-the-counter medication and dietary supplement regulations
[4] https://www.academia.edu/45197248/Consumer_buying_decision_towards_MLM_branded_health_supplement_in_Malaysia
[5] https://psycnet.apa.org/record/2020-80064-009
[6] https://www.taylorfrancis.com/books/edit/10.4324/9780429343780/aging-consumer-aimee-drolet-carolyn-yoon?refId=5300b6d9-dea9-4566-91c1-28eb6cb738b9&context=ubx
[7] https://www.researchandmarkets.com/report/nutritional-supplement
[8] https://www.pgalabs.in/insights/healthcare/multivitamin
[9] https://www.liebertpub.com/doi/10.1089/acm.2008.0323
[10] https://www.ncbi.nlm.nih.gov/pmc/articles/PMC6196363/
[11] https://journals.sagepub.com/doi/abs/10.1177/0098858817707988?journalCode=jlma
[12] https://www.sciencedirect.com/science/article/abs/pii/S1551741119304693?via%3Dihub
[13] https://pubmed.ncbi.nlm.nih.gov/33412717/
[14] https://www.lexology.com/library/detail.aspx
[15] https://www.sixthtone.com/news/1011554
[16] https://retailinasia.com/featured/china-bans-celebrity-endorsement-under-traditional-virtue-missive/
[17] https://www.england.nhs.uk/2019/02/top-doctor-calls-for-ban-on-damaging-and-misleading-celebrity-social-media-ads/
[18] A Content Analysis of Video Advertisements for Dietary Supplements in Japan
[19] https://www.gazeta.uz/ru/2021/05/04/ads/
[20] https://kun.uz/news/2021/05/24/reklama-togrisidagi-yangi-qonun-oav-erkinligi-va-biznes-rivojiga-yana-bir-tosiq-bolishi-mumkin
[21] https://lex.uz/ru/docs/6052633
[22] https://psycnet.apa.org/record/2020-80064-009
[23] https://www.taylorfrancis.com/books/edit/10.4324/9780429343780/aging-consumer-aimee-drolet-carolyn-yoon?refId=5300b6d9-dea9-4566-91c1-28eb6cb738b9&context=ubx