Мақолалар ва тезислар 14 август 2023 8 daq 2078
O'zbekistonda velosipedlardan ishga qatnashda transport vositasi sifatida foydalanish darajasi tahlil qilindi

O'zbekistonda velosipedlardan ishga qatnashda transport vositasi sifatida foydalanish darajasi tahlil qilindi

O'zbekistonda velosipedlardan ishga qatnashda transport vositasi sifatida foydalanish darajasi tahlil qilindi
Мақолалар ва тезислар · 14 август 2023

 

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari Kun.uz tahririyati bilan hamkorlikda O‘zbekiston aholisining ishga qatnashda velosipeddan transport vositasi sifatida foydalanish darajasini aniqlash maqsadida so‘rovlar o‘tkazdi.

Birinchi so’rovnoma natijalariga ko’ra, respondentlarning atigi 7 foizi ishga velosipedda, 51 foizi avtomobilda (ularning 36 foizi shaxsiy avtomobilda), 26 foizi jamoat transportida va 16 foizi piyoda qatnashi ma’lum bo’ldi.

Ma’lumot uchun: So‘rovda 111 ming respondent ishtirok etgan. Ammo 8,9 ming kishi respublikada faoliyat yuritmaganligi yoki masofadan turib amalga oshirganligi sababli xulosa qilishda 102,1 ming kishi javoblari inobatga olindi. [1] 

Dunyoning boshqa mamlakatlarida o'tkazilgan so'rovlarda, bu ko'rsatkich:[2] 

• Niderlandiya 30 foiz;

• Hindiston 22 foiz;

• Xitoy 22 foiz;

• Shvetsiya 20 foiz;

• Kolumbiya 17 foiz;

• Polsha 17 foiz va boshqalar.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari Kun.uz tahririyati bilan birgalikda yurtdoshlarimiz ishtirokida (97 ming respondent) o‘tkazgan ikkinchi so‘rov doirasida ma’lum bo‘lishicha, respondentlarning 74 foizi qulay infratuzilma mavjud bo‘lsa, velosipeddan foydalanish istagini bildirgan. Qolgan 26 foizi esa rad etish uchun turli sabablarni ko'rsatdi. Bular: masofa (12 foiz), uyalish (4 foiz), noqulaylik (4 foiz), sog'lik bilan bog‘liq muammolar (2 foiz) va boshqa sabablar (4 foiz).[3]

Foydali jihatlar

Velosipedlarning jamiyat uchun ham, kishilarning o‘zi uchun ham ko‘p foydali jihatlari mavjud. Ushbu afzalliklarning ba'zilarini keltirib o'tamiz:

Sog'liq uchun foyda: Velosiped haydash- yurak-qon tomir tizimini mashq qildirib, suyak va mushaklarni mustahkamlaydi, ortiqcha vazn, diabet va boshqa surunkali kasalliklar xavfini kamaytiradi. Ishga velosipedda boradigan kishilarda saraton kasalligiga chalinish xavfi 45 foizga, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi esa 46 foizga kamayishi aniqlangan. [4]

Atrof-muhit uchun foyda: 2022-yilda shaxsiy avtomobillar global neft iste'molining 25 foizdan ortig'ini va uladan chiquvchi zararli gazlar global CO2 emissiyasining taxminan 10 foizini tashkil etgan.[5] Velosipedlardan foydalanish avtomobillardan ajraluvchi gazlarni  kamaytirish orqali atrof-muhit ifloslanishiga salbiy ta'sirni yumshatishda yordam beradi. Qayd etish joizki, Gollandiyaliklar velosipedda kuniga o‘rtacha 2,6 km harakatlanadi. Agar mazkur odat butun dunyo bo'ylab tatbiq qilinsa, atmosferaga yillik karbon dioksidi ajralmasi 686 mln. tonnaga kamayadi. Bu hajm ko'pgina mamlakatlar, jumladan, Buyuk Britaniya, Kanada, Saudiya Arabistoni va Avstraliyaning umumiy CO2 emissiyasidan ortiqdir. [6]

Iqtisodiy foyda: Velosport sayohatlarining ortishi, avtomobildan foydalanish darajasini qisqartiradi. Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, velosipeddan foydalanish ulushini 6 foizga oshirish, yillik global iqlim o'zgarishini yumshatish uchun yo’naltiriladigan mablag‘larni taxminan 1,2 mlrd. AQSh dollariga tejar ekan.[7] Havo sifatining yaxshilanishi sog'liqni saqlash xarajatlarini ham tejaydi va kasallik tufayli ish kunlari yo'qotilishining oldini oladi. Bundan tashqari, qisqa masofada harakatlanganda ancha vaqt tejaladi. Sababi tig’iz soatlarda velosipedda manzilga yetib borish uchun sarflanadigan vaq avtomobilda sarflanadigan vaqtdan 2-3 baravar ko‘p bo'lishi mumkin. [8]

To'siqlar

Velosipeddan foydalanishga to'siq bo‘luvchi bir qancha omillar mavjud va ularni 3 ta asosiy guruhga bo'lish mumkin:

Velosipedga bo‘lgan munosabat va uning foydali jihatlaridan bexabarlik mamlakatda velosipedlarning yuqori ulushiga erishish yo‘lidagi eng katta to'siqlardan biridir. Velosipedlar haqida bir nechta salbiy qarash mavjud:

• Velosiped bu mashina olishga qurbi yetmaydigan kambag‘allar uchun;

• Ayollar uchun mos bo‘lmagan vosita;

• Yosh bolalilar uchun ham mos emas. Chunki yosh bolalarni bog'chaga olib borish qulay emas.

Shuningdek, odamlar velosiped haydashning salomatlik va atrof-muhit uchun foydali tomonlari haqida yaxshi bilmaydi.

Rivojlanmagan infratuzilma velosipedda harakatlanish uchun to'siqlarni keltirib chiqaradi. Bu esa odamlarda ushbu ekologik toza va sog'lom transport turidan foydalanish istagini kamaytiradi. Jumladan:

• Velosiped yo‘laklarining yo‘qligi;

• Yo'llarning yomon holati;

• Veloturargohlarning yetishmasligi.

Bundan tashqari, avtomobillar chorrahadan o'ngga burilayotgan vaqtda to‘g‘riga harakatlanayotgan velosipedchilar uchun to'qnashuv xavfi tug'iladi. Bu velosipedchilar bilan bog‘liq eng ko‘p uchraydigan noxush hodisa. (1-rasmga qarang).

1-rasm

Manba: https://bikekitchen.de/wp-content/uploads/2012/11/Barriers-to-the-Creation-of-a-Bike-City_PatrickCMTobiasRK.pdf

 

Shaharsozlik siyosatida qo’llab-quvvatlash masalasi, ya’ni davlat yoki mahalliy hokimiyat organlari velosport infratuzilmasini rivojlantirishga yetarlicha e’tibor bermasa, veloyo‘laklar, avtoturargohlar va boshqa tegishli obyektlarni qurish, ularni saqlash uchun mablag‘ va resurslar ajratmasa, bu qurilmadan foydalanish darajasi pastligicha qolaveradi.

Bundan tashqari ish beruvchilarning velosipedda ishga qatnovchi xodimlarini qo'llab-quvvatlash maqsadida dush va kiyim almashtirish joylarini tashkil qilishi muhim. Ushbu obyektlarning yo'qligi, ayniqsa issiq yoki yomg'irli havoda velosipeddan foydalanishga to'sqinlik qiladi.

Xorijiy davlatlarning milliy maqsadlari

Velosipedning muhim afzalliklarini anglagan holda, ko‘pgina davlatlar velosiped transportini rivojlantirish uchun milliy maqsadlarni belgilab olgan.

Angliya 2025-yilga borib, 2013-yildagiga nisbatan velosiped sayohatlari sonini ikki baravar oshirishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan.[9]

2021-yilning may oyida “Velosipedlashtirish” Panyevropa rejasi qabul qilingan.[10]  Bosh rejaning asosiy maqsadi: “2030-yilga qadar butun mintaqada velosipedchilar sonini ikki baravar oshirishdek umumiy maqsadga hissa qo‘shish uchun har bir mamlakatda velosipedchilar sonini sezilarli darajada oshirish”. Rejaga ko‘ra, 2030-yilgacha barcha davlatlar velotransport milliy siyosatini ishlab chiqishi va amalga oshirishi kerak.[11]

Yevropa Ittifoqiga a'zo bir qator davlatlar o‘z milliy maqsadini belgiladi, jumladan Fransiya, 2018-yilda 2024-yilgacha velosipedlashtirish darajasini uch baravar, ya'ni 3 foizdan 9 foizgacha oshirishni mo‘ljallamoqda.[12]

Bolgariya, Xorvatiya, Ruminiya va Serbiya kabi mamlakatlar "Dunay velosipedda harakatlanish rejasi" ning hamkorlari bo'lib, transmilliy "Dunay velotransport strategiyasi" asosida velosiped siyosatini ishlab chiqqan.[13]

O'zbekistondagi hozirgi holat

O‘zbekistonda ham velosipeddan foydalanuvchilar soni ko‘payib borayapti. Shu bois aholi tomonidan velosiped uchun yaratilgan qulay infratuzilmaga qiziqish ham ortmoqda. Toshkent shahrining markaziy ko‘chalarida veloyo‘laklar jadal qurilayapti. 2023-yil holatiga ko‘ra, mavjud veloyo‘laklarning uzunligi 460 km ni tashkil etadi.[14] Shuningdek, qoʻshimcha 100 km uzunlikdagi velosiped yoʻlaklarini qurish rejalashtirilgan.[15]

Biroq, shu bilan birga, velosipedda harakatlanishga to'sqinlik qiluvchi bir qator infratuzilma kamchiliklari mavjud:

1. Velosipedchilar beton, ariqlar, chakana savdo rastalari kabi to'siqlarga duch keladi va avtomobillarning veloyo‘laklardan avtoturargoh sifatida foydalanishi bilan bog‘liq holatlar ko‘p kuzatiladi; [16]

2. Bundan tashqari, piyodalar veloyo‘laklarga chiqib, velosipedchilarning harakatlanishiga to’sqinlik qiladi;

3. Ba‘zi ko‘chalardagi velosiped yo‘laklarining kengligi 1 metr bo‘lib, xalqaro standartlarga javob bermaydi; [17]

4. Velosiped yo'laklari tarqoq va bir-biri bilan bog‘lanmangan. Buning oqibatida velosipedchilar yo‘lning qatnov qismi bo'ylab harakatlanishga majbur bo‘lmoqda.

2022-yilda O‘zbekistonda 9902 ta noxush hodisa rasman qayd etilgan bo‘lib, ulardan 1136 tasi (11,5 foiz) velosipedchilar ishtirokida ro‘y bergan. Shu bilan birga, 342 (3,5 foiz) ta holatda velosiped yo‘laklarining yo‘qligi avtohalokatga sabab bo‘lgan. [18]

Bunga qo'shimcha ravishda, infratuzilma bilan bog'liq bo'lmagan bir qator boshqa to'siqlar ham mavjud:

1.   Mamlakatda velosipedlarga past ijtimoiy mavqega ega kishilarning transport vositasi sifatida qarash mavjud. Bu esa o‘z navbatida velosipedlardan foydalanishga nisbatan salbiy munosabat shakllanishiga olib keladi. Aytish joizki, bu borada O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va Iqlim o‘zgarishi vazirligi fuqarolarni sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish va velosipeddan foydalanishga undash maqsadida har juma kuni “Avtomobilsiz kun” tashabbusini taklif qilgan. [19]

2.   Mintaqa iqlimi ekstremal hisoblanib, yoz oylarida harorat juda ko‘tarilib ketishi mumkin. Bu velosipedchilar uchun noqulaylik tug'dirishi va velosipedlardan uzoq vaqt davomida foydalanishni cheklashi mumkin.

3. O‘zbekistonda ko‘pchilik velosipeddan transport vositasi sifatida foydalanishning foydali jihatlari haqida bilimga ega emas, ya’ni velosipedlarning salomatlik va atrof-muhit uchun ijobiy ta’sirini to‘liq anglamasligi mumkin.

Tavsiyalar

Velosipedning yanada kengroq va ommaviy transport turiga aylanishi uchun uning xavfsiz va qulay infratuzilmani, jumladan, harakatlanish yo‘laklarini, to‘xtash joylari va ta’mirlash stansiyalarini yaratish zarur. Bu velosipeddan foydalanishni yanada qulay va jozibali qilishga yordam beradi. Jahon tajribasi shuni ko'rsatadiki, agar shahar aholisiga qulay va xavfsiz velosiped infratuzilmasi taklif qilinsa, odamlarning 5-10 foizi velosipeddan foydalanishga o'tish uchun tayyor. [20]

Tadqiqot shuni ko'rsatadiki, velosipedni kundalik transport vositasi sifatida targ'ib qilish orqali uning ommalashishiga erishish mumkin.[21] Velosipedning afzalliklari haqida xabardorlikni oshirishga qaratilgan keng qamrovli marketing kampaniyasi orqali velosipeddan foydalanish madaniyatini shakllantirish taklif etiladi.

Velosipedlardan foydalanishni targ'ib qilish yo'lidagi muhim qadam bu shahar va sayyohlik hududlarida velosipedlarni ijaraga berish tizimi (veloshering)ni rivojlantirishdir. Bu o‘z velosipediga ega bo‘lmagan odamlarga undan foydalanib ko‘rish imkonini beradi. Shuningdek, velotransportga ijobiy munosabatni shakllantiradigan va ushbu turdagi faoliyatga ko'proq odamlarni jalb qiladigan velosiped jamiyatlarini, poygalar va sayohat tadbirlarini tashkil qilish taklif etiladi.

Bu mavzu Yangi Toshkent kabi shaharlarning yangi uchastkalarini qurish jarayonida alohida dolzarb ahamiyatga ega. Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning 18-mart kuni Yangi Toshkent qurilishi boshlanishi munosabati bilan kapsula qo‘ydi. [22] Velosiped yo‘laklarini yangi shahar rejasiga kiritish ekologik barqarorlikka, aholi salomatligi va farovonligiga, shuningdek, iqtisodiy rivojlanish va hayot sifatini yaxshilashga hissa qo‘shadigan muhim jihatdir.

 

Abdusattorjon Abdumuminov, Yetakchi ilmiy xodim
Dilshoda Shomirzayeva, jurnalist

 

 

[1] https://t.me/kunuzofficial/136915
[2] https://www.ipsos.com/sites/default/files/ct/news/documents/2022-05/Global%20Advisor-Cycling%20Across%20the%20World-2022%20Report.pdf
[3] https://t.me/kunuzofficial/137055
[4] https://www.euronews.com/green/2023/06/03/on-your-bike-if-we-all-cycled-like-the-dutch-global-emissions-drop-nearly-700-million-tonn
[5] https://www.iea.org/energy-system/transport/cars-and-vans
[6] https://www.euronews.com/green/2023/06/03/on-your-bike-if-we-all-cycled-like-the-dutch-global-emissions-drop-nearly-700-million-tonn
[7] https://ghi.wisc.edu/wp-content/uploads/sites/168/2021/04/Bicycling-Climate-and-Health-White-Paper-1.pdf
[8] https://discerningcyclist.com/bike-commuting-statistics/
[9] https://researchonline.lshtm.ac.uk/id/eprint/4664030/1/1-s2.0-S2214140521000967-main.pdf
[10] https://news.un.org/ru/story/2021/06/1403942
[11] https://ecf.com/system/files/The_State_of_National_Cycling_Strategies_2021_final_0.pdf
[12] https://ecf.com/system/files/The_State_of_National_Cycling_Strategies_2021_final_0.pdf
[13] https://ecf.com/system/files/The_State_of_National_Cycling_Strategies_2021_final_0.pdf
[14] https://kun.uz/21604417
[15] https://www.podrobno.uz/cat/obchestvo/v-tashkente-postroyat-100-kilometrov-velosipednykh-dorozhek-32-parka-30-zelenykh-zon-i-alley-mirziye/
[16] https://podrobno.uz/cat/obchestvo/iz-niotkuda-v-nikuda-zachem-tashkenttsam-velodorozhki-postroennye-dlya-galochki/
[17] https://www.gazeta.uz/ru/2020/07/20/cycling/
[18] https://www.gazeta.uz/ru/2023/02/07/dtp/
[19] https://upl.uz/policy/33183-news.html
[20] https://www.diva-portal.org/smash/get/diva2:1765508/FULLTEXT03.pdf
[21] https://www.diva-portal.org/smash/get/diva2:1765508/FULLTEXT03.pdf
[22] https://www.gazeta.uz/ru/2023/03/18/new-tashkent/