Мақолалар ва тезислар 10 феврал 2023 7 daq 2789
Dunyo suv tejamkor texnologiyalar bozori tajribasini O'zbekistonda qo'llash

Dunyo suv tejamkor texnologiyalar bozori tajribasini O'zbekistonda qo'llash

Dunyo suv tejamkor texnologiyalar bozori tajribasini O'zbekistonda qo'llash
Мақолалар ва тезислар · 10 феврал 2023

 

O‘zbekistonda o‘rta muddatli istiqbolda 2 mln. gektar maydonga suv tejamkor texnologiyalarni (STT) joriy qilish mo‘ljallagan. Buning uchun joriy narxlarda 5,8 mlrd. AQSH dollari hajmidagi STT jihozlari, ya’ni nasos va filtrlar, turli xil quvurlar, sug‘orish shlanglari, suv hisoblagichlar, fiting (Layflat i Gold Spray), quyosh panellari, ko‘chma generatorlar zarur bo‘ladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, suv tejamkor texnologiyalar qo‘llaniladigan maydonlar 5 baravar oshiriladigan bo‘lsa, u holda turli xil gidrotexnik jihozlarga bo‘lgan ehtiyoj 3,6 baravar ortadi. Biroq hozir STTning ichki bozori bunday hajmdagi jihozlar va xizmatlarni taqdim eta olmaydi. Respublikada STT uskunalari va butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi 12 ta korxona (emitterlar) mavjud bo‘lib, ular sug‘oriladigan maydonlarga to‘liq xizmat ko‘rsata olmaydi.

Birgina Janubiy Qozog‘iston viloyatida STTga chuqur ixtisoslashgan 10 ta pudratchi korxona bo‘lib, ular 50 ming gektar sug‘oriladigan maydonga xizmat ko‘rsatish uchun o‘zaro raqobatlashadi.

Bu sohada yuqori samaradorlikka erishish uchun dunyo STT bozoriga integratsiyalashish va uning ilg‘or tajribalarini O‘zbekistonda qo‘llash dolzarb hisoblanadi. Bu tajribalar hududlarda STTlarni qo‘llashni sifat jihatidan yuqori darajaga olib chiqadi. Shu sababli PMTI ekspertlari dunyo suv tejamkor texnologiyalar (STT) bozorini o‘rganib, ularning ilg‘or tajribasini O‘zbekiston hududlarida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqdi.

Dunyoda suv tejamkor texnologiyalar (STT) bozori XX asrning 60-yillaridayoq shakllangandi. Ayni chog‘da uning hajmi 9,3 mlrd. AQSH dollariga teng, deb hisoblanmoqda. Dunyoda Chinadrip Irrigation Equipment Co. Ltd, Hunter Industries; Irritek SPA, Jain Irrigation Systems Ltd, Lindsey Corporation, Microjet, Netafim, Rhine Bird Corporation, Rivulis Irrigation Ltd va Toro Company kabi kompaniyalar STTning yirik ishlab chiqaruvchilari va o‘rnatib beruvchilari hisoblanadi. Shuningdek, STTning eng asosiy foydalanuvchilari Xitoy, AQSH, Britaniya, Kanada, Germaniya, Fransiya, Italiya, Avstraliya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni, Braziliya, Argentina kabi davlatlar ekanligi qayd etilmoqda.

Dunyo STT bozorining eng asosiy ishtirokchilaridan biri Isroilning “Netafim” kompaniyasi hisoblanadi. Bu kompaniya STTni o‘rnatish bo‘yicha dunyoning 110 ta  mamlakatida ish olib boradi. Yer yuzida uning 33 ta filiali va 17 ta zavodi (yillik ishlab chiqarish hajmi 150 mlrd. dona STT uskunasi) hamda yuzlab ilmiy loyiha markazlari faoliyat olib boradi. Kompaniya 10 mln. gektar maydonga xizmat ko‘rsatadi. Bu dunyoda STT joriy qilingan jami maydonlarning 13% i demakdir. Ushbu kompaniya O‘zbekistonda ham o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, biroq uning qamrovi katta emas. Shuningdek, “Rivulis Irrigation Ltd” kompaniyasi (1966-yilda tashkil topgan) dunyoning 30 ta mamlakatida o‘z filiallarini ochgan bo‘lib, 3 ta yirik ilmiy markazi va 15 ta yirik zavodi bor.

AQSHning Rod-Ayland universiteti (University of Rhode Island) ekspertlari baholariga ko‘ra, dunyo STT bozorining hajmi 2028-yilga borib 23,3 mlrd. AQSH dollariga yetadi. Bu hozirgi ko‘rsatkichdan deyarli 2,5 baravar ko‘p.

1-jadval

Dunyoda suv tejamkor texnologiyalar (STT) qo‘llaniladigan maydonlar haqida ma’lumot (2017-2020 yillar)

Mamlakatlar nomi

Jami sug‘oriladigan maydonlar (mln. gektar)

Shulardan STT qo‘llanilgan maydonlar (mln.gektar)

Jami sug‘oriladigan maydonlardagi STT ulushi (foiz)

Isroil

0,3

0,3

99,0

Braziliya

5,8

4,5

77,0

Ispaniya

3,6

2,6

73,0

JAR

1,7

1,2

72,0

Janubiy Koreya

1,1

0,7

60,0

Italiya

2,4

1,4

57,0

AQSH

24,7

13,8

56,0

Saudiya Arabistoni

1,6

0,9

56,0

Fransiya

2,9

1,5

51,0

Xitoy

59,0

24,0

41,0

Avstraliya

2,4

1,9

38,0

Turkiya

5,7

1,1

18,0

Misr

3,4

0,6

17,0

Eron

8,6

1,4

16,5

Hindiston

69,5

7,7

11,1

Boshqa mamlakatlar

35,0

11,0

31,0

Jami

227,7

74,6

33

Manba: International Commission on Irrigation and Drainage (ICID) ma’lumotlari asosida tuzilgan.

Yer yuzidagi 100 mln gektarga yaqin sug‘oriladigan maydonlarda suv tejamkor texnologiyalar qo‘llaniladi. Ekin maydonlarida turli shakldagi suv tejamkor texnologiyalarni qo‘llash hajmi bo‘yicha dunyoda Xitoy yetakchilik qilmoqda (48 mln. gektar). Shuningdek, dunyo mamlakatlari orasida suv tejamkor texnologiyalarni katta maydonlarda qo‘llash bo‘yicha AQSH (13,8 mln. gektar), Hindiston (7,7 mln. gektar), Braziliya (4,5 mln. gektar), Ispaniya (4,5 mln. gektar) davlatlari yetakchilik qilmoqda.

O‘zbekiston hududlarida suv tanqisligining ortib borishi mavjud resurslardan tejamli foydalanishni talab qiladi. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, paxta va uzum plantatsiyalarining 1 gektariga 8 million so‘mdan 11 million so‘mgacha, mevali ekinlarga 6 million so‘m, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklarga 2,5 million so‘m, sabzavot ekinlari va kartoshkaga 1,5 million so‘m, poliz ekinlariga 1,3 million so‘m miqdorida subsidiyalar ajratish belgilangan. Joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalaridan sug‘orish mavsumida foydalanmaslik holatlari aniqlansa, ajratilgan subsidiya davlat byudjetiga qaytarilishi ham belgilab qo‘yilgan.

Joriy tartibga ko‘ra, har bir hududdagi foydalanuvchilarning manzilli ro‘yxati tuziladi va bankka yo‘naltiriladi. Bank ularga o‘zi ishonchli deb bilgan pudratchi tashkilot bilan shartnoma tuzishni taklif qiladi. Bunda talabgorda tanlash imkoniyati bo‘lmaydi. Natijada ichki STT bozori monopollashadi.

Buning oqibatida ayrim fermerlar pudratchi tashkilot bilan shartnoma tuzgan, hatto mablag‘ ham o‘tkazib bergan, lekin pudratchi dalaga suv tejamkor texnologiyalarni vaqtida o‘rnatib bermagan holatlar ham bo‘lgan. Respublika bo‘yicha suv tejamkor texnologiyalar qo‘llanilayotgan maydonlar so‘nggi besh yilda 7,7 marotaba ortgan. Bunda ko‘proq paxta maydonlariga STTlar o‘rnatilgan, biroq respublika bo‘yicha paxtaning o‘rtacha hosildorligi 1,26 baravar ortgan. Bu texnologiyalarni o‘rnatib beruvchi va xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar soni ham 2 barvar ortgan, lekin STT jihozlarini ishlab chiqaruvlar soni o‘zgarmagan hamda viloyatlar kesimida notekis taqsimlangan. STTni ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilarning bozordagi holatini baholash uchun Xerfindal - Xirshman indeksi (HHI) dan foydalandik. U STT bozori qay darajada monopollashganini aniqlash imkonini beradi.

Bu yerda S1 S2 – STTni ishlab chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilarning bozordagi ishtiroki (ulushi) foizlarda aniqlanadi. Bunda quyidagi shart asosida natija olindi.

1. Yuqori konsentratsiyalashgan STT bozori: 1800 < HHI < 10000 (bozorda ishtirokchilar va xizmat ko‘rsatuvchilar kam bo‘lib, bir yoki ikki ishtirokchiga bog‘liqlik yuqori bo‘lib, raqobat muhiti shakllanmagan)

2. Mo‘tadil konsentratsiyalashgan bozor: 1000 < HHI < 1800

3. Past konsentratsiyalashgan bozor: HHI < 1000

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2021-yilda mahalliy STT bozorining HHI indeksi 3912 ni tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yilda 2518 ga pasaygan, biroq STT bozori hududiy jihatdan bir yoki ikkita ishtirokchi va xizmat ko‘rsatuvchiga bog‘lanib qolganligi quyidagi muammolarni keltirib chiqarmoqda:

- STTni o‘rnatish istagida bo‘lganlar (fermer va dehqonlarda) da tanlash imkoniyati kam;

- STT jihozlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sifati yuqori emas;

- bozor monopollashganligi sababli, o‘rtacha 1 gektar maydonga STT o‘rnatish narxlari so‘nggi uch yilda 1,6 baravar qimmatlashgan;

- STTning  ekinlar hosildorligi va samaradorlikka ta’siri hali kuchli sezilgani yo‘q (1-rasm).

Manba: Internet ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tuzilgan.

1-rasm. O‘zbekistonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy qilingan paxta maydonlari va paxta hosildorligining o‘zgarishi.

Mantiqan olib qaraganda STT o‘rnatilgan paxta maydonida hosildorlik ortishi kerak.

Qishloq xo‘jaligida suv tejamkor texnologiyalarni qo‘llashda narx kategoriyasi juda ta’sirchan tavsifga ega. Hududlarda fermer va dehqon xo‘jaliklari paxta ekiladigan 1 ga yerga tomchilatib sug‘orish uskunasi o‘rnatish uchun 1600 AQSH dollaridan 2900 AQSH dollarigacha mablag‘ sarflaydi. Bunga elektr liniyalarini tortish va transformator xarajatlari kirmaydi. Boshqa ekin turlariga nisbatan yuqoridagi narxdan arzonroq. Qo‘shni Qozog‘istonda 1000 AQSH dollaridan 2500 AQSH dollarigacha narxda o‘rnatilib, xizmat ko‘rsatilmoqda.

Tannarxni kamaytirish uchun dunyo STT bozoriga integratsiyalashib, har bir hududda raqobat muhitini shakllantirish lozim.

Jahon STT bozoriga integratsiyalashish tadbirkorlarda ushbu texnologiyani o‘rnatish uchun o‘z “biznes tashabbuslari” shakllanishiga olib keladi va bunga javoban sifatli taklif paydo bo‘ladi hamda raqobat muhiti yuzaga keladi. Davlat suv sarfini qat’iy nazorat qilish orqali STT bozorini muvofiqlashtirishi mumkin. Masalan, iste’molchi vegetatsiya davrida suv limitini tejab ishlatsa, soliq yoki to‘lovlar paysatirib belgilanadi. Aksincha, limitdan ko‘p ishlatilgan suvga yuqori narxlar belgilansa, iste’molchida tejamkorlik uchun intilish paydo bo‘ladi.

O‘zbekistonning dunyo STT bozoriga integratsiyalashuvi mamlakat qishloq xo‘jaligiga innovatsion texnologiyalarning kirib kelishi hamda suv tejamkorligining 30%, hosildorlikning 2 baravar ortishiga olib keladi. Shu bilan birga bu sohada quyidagi imkoniyatlar ochiladi:

-         tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi;

-         aholining iste’moli uchun birlamchi zurur bo‘lgan meva-savbzavotlar narxi barqarorligini ta’minlaydi;

-         vegetatsiya davrida suv tanqisligi kamayadi va yerdan foydalanish samaradorligi oshadi;

-         STT dan foydalanuvchilar (fermer va dehqonlar) da tanlash imkoniyati kengayadi;

-         har bir hududdagi STT bozorida raqobat muhiti shakllanadi;

-         tadbirkorlarda ushbu texnologiyani o‘rnatish uchun o‘z “biznes tashabbuslari” shakllanadi;

-         sohalarda suv sarfini qat’iy nazorat qilish imkoniyati ortadi;

- STT ning uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan MIZ yoki KSZ larni tashkil etish imkoniyatlari ochiladi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini o‘rnatish jarayoniga xalqaro kompaniyalarning klaster usulida jalb etilishi ham sifat jihatidan o‘sish imkonini beradi.

K.Qo’ziyev,
PMTI guruh rahbari

R.Jumamatov,
PMTI yetakchi ilmiy xodimi