Мақолалар ва тезислар 10 феврал 2023 6 daq 2001
Tezlik chegarasi, o'lim darajasi va o'rtacha tezlik o'rtasidagi bog'liqlik

Tezlik chegarasi, o'lim darajasi va o'rtacha tezlik o'rtasidagi bog'liqlik

Tezlik chegarasi, o'lim darajasi va o'rtacha tezlik o'rtasidagi bog'liqlik
Мақолалар ва тезислар · 10 феврал 2023

 

Tezlik yo‘l-transport hodisalariga ta’sir qiluvchi asosiy omillardan biri[1]. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yo‘l-transport hodisalari oqibatida 1,3 million kishi halok bo‘ladi va 20-50 million kishi jarohat oladi[2]. Shu bilan birga, yo‘l-transport hodisalari tufayli jahon iqtisodiyotiga ham sezilarli zarar yetishini ta’kidlash lozim. “Yo‘l harakati xavfsizligiga investitsiya qilish: global xususiy sektor majburiyati” nomli tadqiqot natijalariga ko‘ra, baxtsiz hodisalar global iqtisodiyotga yiliga 518 milliard dollar zarar keltiradi[3].

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari o‘rnatilgan maksimal tezlikning pasayishi yo‘ldagi  holatga (transportning o‘rtacha tezligi) va yo‘llardagi o‘lim darajasiga qanday ta’sir qilishini tahlil qildi.

Tadqiqot doirasida quyidagi natijalar olindi:

  1. Shaharlarda eng yuqori tezlikni soatiga 10 kmga kamaytirish o‘lim darajasini yiliga
    0,8 kishiga (har 100 000 kishiga) kamaytirishda yordam beradi. O‘zbekiston uchun bu 614 nafar insonning hayotini saqlab qolish deganidir.

  2. Eng yuqori tezlik o‘rtacha harakat tezligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Harakat tezligi va sayohat vaqtiga asosiy ta’sir etuvchi omil yo‘l infratuzilmasining sifati hisoblanadi.

  3. Qonun ustuvorligi (Rule of law) reytingining 1 ballga ortishi har yili yo‘llarda o‘lim darajasini 3,3 kishiga (har 100 000 kishiga) qisqartirishi mumkin.

Shaharlarda ruxsat etilgan eng yuqori tezlik darajasi haqida so‘z borganda, bugungi kunda eng mashhur ikkita nazariya mavjudligini ta’kidlash lozim. Birinchi nazariyaga binoan, tezlik chegarasini pasaytirish jiddiy halokatga kamroq olib keladi va natijada yo‘llardagi  o‘lim darajasi qisqaradi. Ikkinchi nazariya tarafdorlarining fikricha, shaharlarda maksimal tezlikning pasaytirilishi yo‘l harakatida qiyinroq vaziyatlarga olib keladi, logistika xizmatlarini sekinlashtiradi va ko‘proq resurs talab qiladi.

Xalqaro miqyosda tahlil qilish maqsadida biz 140 ta mamlakatga oid ma’lumotlarni to‘pladik. Belgilangan tezlik chegarasining o‘rtacha tezlikka ta’sirini baholash uchun o‘rtacha tezlik ko‘rsatkichi bog‘liq o‘zgaruvchi sifatida o‘rganildi. Shuningdek, yo‘l-transport hodisalari oqibatida o‘lim darajasi (har 100 ming kishiga), yo‘l infratuzilmasi sifati, shahar va qishloqlardagi tezlik chegarasi, qonun ustuvorligi reytingi kabi parametrlardan ham foydalanildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, yo‘l infratuzilmasi sifatining 1 punktga yaxshilanishi o‘rtacha tezlikni soatiga 8,6 kmga oshirishi mumkin, chegaralangan tezlik esa o‘rtacha tezlikka sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydi. Buning sababi shundaki, yaxshi ishlab chiqilgan harakatni boshqarish tizimi va yaxshi infratuzilma optimal o‘rtacha harakat tezligini ta’minlaydigan asosiy omillardir. Ushbu tizim yuqori sifatli yo‘llar bilan birgalikda tirbandlikni yuzaga keltitmasdan va transport harakatini sun'iy ravishda sekinlashtirmasdan transport vositalari oqimini optimal taqsimlash imkonini beradi. Bu esa A nuqtadan B nuqtaga sayohat qilish uchun eng qisqa vaqtni ta’minlaydi.

Ekonometrik modellashtirish natijalari shuni ko‘rsatadiki, shaharlarda ruxsat etilgan maksimal tezlik o‘lim darajasi bilan bog‘liq. Boshqacha aytganda, tezlik chegarasi qanchalik baland bo‘lsa, yo‘llarda o‘lim darajasi shunchalik yuqori bo‘ladi. Buning sababi shundaki, avtomobilning yuqori tezligi haydovchining ko‘rish burchagini pasaytiradi ("tunnel effekti"), avtomobilning to‘xtash masofasini oshiradi, natijada to‘qnashuv yuqori tezlikda sodir bo‘ladi va ko‘pincha o‘limga olib keladi. Ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, shaharlarda harakatlanishning maksimal tezligini soatiga 10 kmga kamaytirish o‘lim darajasini 0,8 kishiga (har 100 ming kishiga) kamaytirishda yordam beradi.

Maksimal tezlik va yo‘llardagi o‘lim darajasi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlash uchun yana bir muhim omil ham ko‘rib chiqildi. Bu belgilangan tezlik tartibiga rioya qilish. Shuning uchun yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish omilini qo‘shishga qaror qildik. Mamlakatlar bo‘yicha yo‘l harakati qoidalarini buzishga moyillikni ifodalo‘vchi ko'rsatkich yo'qligi sababli, proksi o‘zgaruvchidan foydalanildi. Bu qoida yoki qonunga rioya qilish indeksi (Rule of law, RoL).

Tahlil natijalariga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish yo‘llardagi o‘lim holatiga katta ta’sir ko‘rsatishi ma’lum bo‘ldi. Fuqarolar qoidalarga qanchalik ko‘p rioya qilsa (RoL qanchalik baland bo‘lsa), yo‘llarda o‘lim darajasi shunchalik past bo‘ladi. RoL reytingining 1 ballga ko‘tarilishi yo‘llarda o‘lim darajasini har 3,3 kishiga (har 100 000 kishiga) kamaytirishi mumkin.

Yuqoridagi natijalarning isboti sifatida dunyo mamlakatlarini RoL ko‘rsatkichiga qarab 3 ta teng guruhga ajratdik va yuqori va past ko‘rsatkichli guruhlar uchun alohida modellar ishlab chiqdik.

Natijalar shuni ko‘rsatadiki, qonun ustuvorligi past bo‘lgan birinchi guruh mamlakatlarida (RoL qiymati <0,46) tezlik o‘lim darajasini pasaytirishga sezilarli ta'sir qilmaydi, qoidalarga yuqori darajada rioya qiladigan mamlakatlarda (RoL qiymati >0,55), tezlikning pasayishi o‘lim darajasini sezilarli kamaytiradi (soatiga 10 km uchun 1,3 kishi).

1-qo‘shimcha. O‘zbekistonning RoL indeksi 0,49 ballni tashkil etadi: bu O‘zbekiston qoidalar muntazam buzilganligi sababli tezlikni pasaytirish kutilgan natijani bermaydigan mamlakatlarning birinchi guruhiga kiritilmaganligini bildiradi. Shunga qaramay, O‘zbekiston sharoitida tezlikni pasaytirish bilan birga, infratuzilmalar bilan bog‘liq muammolarni hal etish maqsadga muvofiq: haydovchilarga yo‘lda qulayroq harakatlanish va qoidalarni kamroq buzish, yuqori tezlikda harakatlanish imkoniyatini jismoniy jihatdan cheklash imkonini beruvchi tizimni modernizatsiya qilish. Qolaversa, qoidalarni buzganlik uchun jazo yanada qattiqroq bo‘lishi kerak.

Tadqiqot natijalariga asoslanib, tezlikni pasaytirish transportning o‘rtacha tezligiga sezilarli ta'sir ko‘rsatmasa va yo‘llardagi o‘lim darajasini qisqartiradi, degan xulosaga kelish mumkin. Biroq, tezlikni cheklash faqat yo‘l harakati qoidalarini yaxshilash va tegishli infratuzilma mavjud bo‘lsagina ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Bu xavfsizlikni ta'minlash va o‘rtacha tezlikni saqlashda muhim omil hisoblanadi.

Dunyo bo‘yicha tezlikni soatiga 10 kmga pasaytirish yo‘llarda halok bo‘layotganlar sonini 0,8 kishiga (har 100 ming kishiga) kamaytirishi mumkin. Bu Oʻzbekistonda 614 kishining hayotini saqlab qolish degani. Bundan tashqari, past tezlikda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarida og‘ir jarohatlar ulushi kamayadi. Bu sog‘liqni saqlash xarajatlarini kamaytirish va halokatdan keyin odamlarning tezroq sog‘ayishiga imkon yaratadi. Iqtisodiy nuqtai nazardan, yo‘l-transport jarohatlari narxi past daromadli mamlakatlarda yalpi milliy mahsulotning taxminan 1% iga, o‘rta daromadli mamlakatlarda 1,5% iga va yuqori daromadli mamlakatlarda 2% iga teng.[4]

Shunday qilib, Oʻzbekistonda yoʻllardagi holatni yaxshilash va oʻlim darajasini pasaytirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif etilmoqda:

1. Shaharlar va aholi zich joylashgan hududlarda tezlik chegarasini pasaytirish.

2. Radarlar va kameralarni o‘rnatish orqali qoidabuzarliklarni qayd etish, tezlik chekloviga rioya etilishini nazorat qilish.

3. Yo‘l sifatini yaxshilash, harakatlanish bo‘laklarini ajratish, sun'iy to‘siqlar yaratish va boshqalar.

4. Haydovchilarga oqim bo‘ylab bemalol harakatlana oladigan sharoit yaratish: belgilar va yo‘laklarni xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish. Boshqacha aytganda, haydovchilarning belgilangan qoidalarga rioya qilishiga yordam berish zarur.

 

Odiljon Nazarov,
PMTI katta ilmiy xodimi

 


[1] Nilsson, G. (2004). “Traffic safety dimensions and the power model to describe the effect of speed on safety.” Bulletin 221, Lund Institute of Technology, Lund, Sweden.
[2] World Health Organization (2022) Road traffic injuries https://www.who.int/news-room/fact-sheets/detail/road-traffic-injuries
[3] Bartle, S. T., Baldwin, S. T., Johnston, C., & King, W. (2003). 70-mph speed limit and motor vehicular fatalities on interstate highways. The American journal of emergency medicine, 21(5), 429-434.
[4] García-Altés, A., & Pérez, K. (2007). The economic cost of road traffic crashes in an urban setting. Injury prevention, 13(1), 65-68