Мақолалар ва тезислар 3 октябр 2023 10 daq 1109
Kutilayotgan ta'lim davomiyligi: kimning imkoniyatlari kengroq yoki ta'limdagi tengsizlik

Kutilayotgan ta'lim davomiyligi: kimning imkoniyatlari kengroq yoki ta'limdagi tengsizlik

Kutilayotgan ta'lim davomiyligi: kimning imkoniyatlari kengroq yoki ta'limdagi tengsizlik
Мақолалар ва тезислар · 3 октябр 2023

 

Kutilayotgan ta’lim davomiyligi bu maktab yoshiga yetgan bolaning maktabda (boshlang‘ich, o‘rta) o‘rta ta’lim, so‘ngra oliy va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichlarida o‘qishi kutilayotgan yillar, shu jumladan takrorlash uchun sarflangan yillar ko‘rsatkichi yig‘indisidir[1].

Uni hisoblash uchun har bir ta’lim bosqichida o‘qiyotganlar soni shu ta’lim bosqichiga to‘g‘ri keladigan yoshdagi jami aholi sonidagi ulushlarining yig‘indisi sifatida hisoblanadi. Boshqacha aytganda, ta’limning har bir bosqichidagi qamrovlar yig‘indisining yillardagi ko‘rinishi.

“Kutilayotgan ta’lim davomiyligi - ta’lim rivojlanishining kalitidir. Chunki u sog‘liqni saqlash sohasidagi yutuqlardan tortib, qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun innovatsion vositalargacha bo‘lgan imkoniyatlar dunyosini ochib beradi. Bu imtiyozlardan to‘liq foydalanish uchun inson ongi imkoniyatlarini ishga solish zarur”[2].

Inson kamolotida uning ta’lim olish imkoniyatlari muhimligini hisobga olib, O‘zbekistonda ta’lim imkoniyatlari hududlar va jinslar kesimida tahlil qilindi.

Dunyoda kutilayotgan ta’lim davomiyligi boshlang‘ich ta’lim yoshidagilardan boshlab hisoblanadi. Ushbu tahlilda rivojlangan davlatlarda maktabgacha ta’lim uning keyingi bosqichlariga nisbatan iqtisodiy o‘sishga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi, degan ilmiy isbotlangan g‘oyadan kelib chiqib, maktabgacha ta’limni qo‘shgan holda tahlil o‘tkazish maqsadi qo‘yildi.

Statistika agentligining 2022-yil ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida  6 yoshgacha bo‘lgan qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasida ta’lim imkoniyatlari teng bo‘lib, 1 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan jami bolalar soniga nisbatan hisoblaganda 2-yilni tashkil qildi.

Bolalar maktabda o‘qishi uchun ta’limning bazaviy ko‘nikmalariga ega bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Boshlang‘ich sinfga tayyorgarlik ko‘rib kelgan bolalarga ta’lim berish o‘qituvchining dars jarayonini sifatliroq tashkil qilish imkoniyatini kengaytiruvchi omillardan biri hisoblanadi. Shuning uchun 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov tizimi bilan qamrab olish davlat tomonidan majburiy qilib belgilandi hamda tahlil qilinayotgan yilda bu ko‘rsatkich  70 foizga yetgan. Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha ham qiz va o‘g‘il bolalarning qamrovi o‘rtasida farq yo‘q. 2022-yilga qadar maktabgacha ta’lim tizimida qizlar qamrovi doimiy ravishda o‘g‘il bolalar qamrovidan past bo‘lib kelgan hisobga olinsa, erishilgan ijobiy natijalar yana bir bor tasdiqlanadi.

Shu bilan birga qishloq joylarda oilaviy, chekka hududlarda mobil bog‘chalarni tashkil etish kabi chora-tadbirlarga qaramasdan qishloq va shahar o‘rtasidagi tafovut saqlanib qolgan. Shaharlarda 3-6 yoshli bolalarning kutilayotgan ta’lim davomiyligi 2,4-yil bo‘lgan vaqtda, qishloq joylarda 1,7-yilni tashkil etadi. Shaharlarda ham qishloqlarda ham qiz va o‘g‘il bolalarning maktabgacha ta’lim davomiyligi teng.

Davlat maktabgacha ta’lim muassasalaridagi 100 ta o‘ringa Qoraqalpog‘iston Respublikasida 150 nafar, Jizzax viloyatida 127 nafar bola to‘g‘ri kelishiga qaramasdan kutilayotgan bog‘chagacha ta’lim yillari respublikaning boshqa hududlaridagiga nisbatan baland (mos ravishda 2,5-yil va 2,1-yil). Respublika bo‘yicha bu ko‘rsatkich o‘rtacha 2-yilga teng. Bu tendensiya ushbu hududlarda oilaviy bog‘chalarning samarali faoliyat olib borayotgani bilan bog‘liq. Qashqadaryo (1,2-yil) va Surxondaryo (1,5-yil) viloyatlarida davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida 100 ta o‘ringa 101 nafar bola to‘g‘ri kelsada, maktabgacha ta’lim yillari respublika bo‘yicha eng past.  

6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimida ham shahar va qishloq kesimida tafovut sezilarli (shahar joylarda 77 foiz, qishloq joylarda 65 foiz). Qishloq joylarda ushbu ko‘rsatkich qizlar orasida kattaroq (qizlar 65 foiz, o‘g‘il bolalar 64 foiz). 

O‘zbekistonda 11-yillik o‘rta ta’lim majburiyligi Konstitutsiyada belgilangan. Boshlang‘ich ta’lim davomiyligi respublika bo‘yicha 3,8-yilni tashkil qildi. Respublika darajasida ushbu ko‘rsatkichda qiz va o‘g‘il bolalar o‘rtasida tafovut yo‘q. Shahar joylarda kutilayotgan ta’lim davomiyligi 4,15-yil (o‘g‘il bolalar 4,19-yil, qiz bolalar 4,12-yil). Qishloq joylarda 3,51-yil (o‘g‘il bolalar 3,47-yil, qiz bolalar 3,55-yil) ni tashkil qilgan. Boshlang‘ich ta’lim 4-yilni tashkil qilgan hamda 11-yillik ta’lim majburiy bo‘lgan holatda ushbu tendensiyaning kuzatilishi quyidagi sabablar bilan izohlanadi:

  • mehnat muxojirlarining farzandlari xorijda ta’lim olishi;

  • qishloq joylarda yashovchi aholi o‘z farzandlarini shahardagi maktabga olib borishi;

  • 2022-yilgacha 7 yoshga to‘lmagan bolalarning ham maktabga qabul qilinishi.

Olis hududlarda ishlayotgan o‘qituvchilarning oylik ish haqiga ustamalar qo‘shilib berilishi haqidagi qarorning qabul qilinishi[3] qishloq joylardagi maktablarda ta’lim sifatini oshirishga imkon yaratadi.

Ta’limning keyingi bosqichi, ya’ni o‘rta ta’lim (5-9 sinflar) da kutilayotgan davomiylik respublika miqyosida 4,86-yilni tashkil etib, o‘g‘il va qiz bolalar orasida deyarli tafovut yo‘q. Shahar joylarda 5,51-yil  (o‘g‘il bolalar 5,63-yil, qiz bolalar 5,4-yil). Qishloq joylarda 4,3-yil (o‘g‘il bolalar 4,2-yil, qiz bolalar 4,4-yil).

O‘rta ta’limning so‘nggi bosqichi (10-11 sinflar), akademik litseylar, kasb-hunar maktablari, professional kollej va texnikumlarning barchasi (16-19 yoshlilar) da o‘qiyotganlarning ta’lim yillari jami 2,3-yilni tashkil qiladi (o‘g‘il bolalar 1,9-yil, qiz bolalar 2,6-yil). Shahar joylarda ushbu ko‘rsatkich 3,1-yil (o‘g‘il bolalar 2,8-yil, qiz bolalar 3,3-yil). Qishloq joylardagi akademik litseylar, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlar haqida ma’lumotlar yetarli bo‘lmagani uchun faqat 10-11 sinflar haqida to‘plangan. Unga ko‘ra, qishloq joylarda 16-18 yoshdagi tugallangan o‘rta ta’lim davomiyligi 1,5-yil (o‘g‘il bolalar 1,3-yil, qiz bolalar 1,7-yil) ni tashkil qilgan.

Tahlillardan kelib chiqib, O‘zbyekiston Respublikasida 19 yoshgacha bo‘lgan davrda qiz bolalarning rasmiy ta’lim olish imkoniyatlari kengroq ekanligi aniqlandi. Ushbu tendensiya professional kollej hamda texnikumlarda o‘qiyotganlar orasida qizlar ulushining kattaligi bilan izohlanadi. O‘g‘il bolalar orasida 9-sinfni bitirgandan keyin mehnat bozoriga o‘tib ketish holatlari uchrab turadi.

Oliy va undan keyingi rasmiy ta’lim yillari respublika bo‘yicha 1,63 yilni tashkil qiladi (erkaklar 1,85-yil, ayollar 1,59-yil).

Oliy ta’limda ta’lim olayotgan 17-18 yoshlilar (kollej, texnikum, oliy ta’lim) orasida qizlarning ulushi ko‘proq (55-51 foiz). 30 yoshdan keyin rasman ta’lim olayotganlar orasida ham ayollarning ulushi yuqoriroq (51-55 foiz).

Tahlil natijalariga ko‘ra, 1 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasida 5,8,11,13,15,16 yoshdagi o‘g‘il bolalarning ta’lim bilan qamrov darajasi qizlarga nisbatan o‘rtacha 0,007 foiz balandroq, ya’ni 16 yoshgacha qiz va o‘g‘il bolalarning ta’lim olish imkoniyatlari teng.

Ushbu tendensiyani oilalarda qizlarning ta’lim olishi jamiyat kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini anglash va e’tibor ko‘rsatishning ortgani bilan izohlash mumkin.

Oliy va undan keyingi ta’limda 19-29 yoshli erkaklarning ta’lim olish imkoniyatlari kengroq. 30 yoshdan yuqori aholi orasida esa ayollar rasmiy ta’limga ko‘proq jalb qilingan. Bu so‘nggi yillarda hukumat tomonidan ayollarning oliy va undan keyingi ta’limiga berilgan e’tibor, shu bilan birga 30 yoshdan oshgan erkaklarning asosan oilani iqtisodiy jihatdan ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar o‘z malakasini asosan norasmiy ta’limda oshiradi.

Hududlar kesimida ta’limning eng uzoq kutilayotgan davomiyligini Toshkent shahridan tashqari, Navoiy viloyatida (15,1-yil) kuzatish mumkin. U Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlari hisobiga Respublika bo‘yicha o‘rtacha 14,6-yilni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun: Toshkent shahrida oliy ta’lim muassasalarining konsentratsiyasi balandligi hisobiga kutilayotgan ta’lim davomiyligi 21,7 yilni tashkil qiladi.

Qashqadaryo (12,6-yil) va Surxondaryo (12,8-yil) viloyatlari ta’limning kutilayotgan umumiy davomiyligi eng past hududlardir. Qolgan hududlar 13,4 yildan 14,3-yilgacha oraliqlarda taqsimlangan. Erkak va ayollar o‘rtasidagi eng yuqori tafovut Toshkent shahri (2,6-yil), Xorazm (0,8-yil) hamda Navoiy (0,7-yil) viloyatlarida kuzatiladi. Qolgan hududlarda 0,1-yildan 0,3-yilgacha tafovut mavjud.

Kattalar ta’limi, ya’ni oliy ta’limdan keyin (odatda 25 yoshdan oshiq) rasmiy va norasmiy ta’lim olish asosida o‘zining professional darajasini oshirishi hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich respublika bo‘yicha 0,1-yilni tashkil etdi. “O‘zbekistonda kattalar uchun o‘qish va ta’lim: hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari” loyihasi doirasida tayyorlangan hisobot[4] natijalariga ko‘ra, so‘rovda ishtirok etganlarning 8,6 foizi rasmiy ta’limda o‘qishini aytgan. Ushbu tadqiqotda ham shahar aholisining (9,5 foiz) ta’lim olishga e’tibori kattaroq ekanligi aniqlangan. Shu bilan birga aholining o‘z professional darajasini norasmiy (10,3 foiz) hamda informal (27,8 foiz) ta’limda oshirib borishi aytilgan. Rasmiy sektorda o‘qiganlarning sohalar kesimidagi tahliliga ko‘ra, o‘z malakasini oshirib borish eng ko‘p pedagogika (36,5 foiz) hamda tibbiyot (13,5 foiz) sohalariga to‘g‘ri kelgan. Ta’lim olish sabablarida 37,6 foiz (erkaklar 42,5 foiz, ayollar 34,4 foiz) o‘z vazifalarini yaxshiroq bajarish, lavozimlarini oshirish va ishsiz qolish ehtimolini kamaytirish uchun, deb javob berganlar. Respondentlarning 24,8 foizi ish beruvchining talabiga muvofiq o‘qiganini bildirgan. So‘rovda qatnashganlarning 1 foizi (erkaklar 0 foiz, ayollar 1,6 foiz) ta’lim olishidan maqsad nimaligini bilmasligini ta’kidlagan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, o‘zbekiston Respublikasida ta’lim olish imkoniyatlari jinslar kesimida 17 yoshgacha teng. 18 yoshga kelganda ayollarning ta’lim olish imkoniyatlari ortadi. 19 yoshlilar orasida  ayollarning 94 foizi, erkaklarning esa 60 foizi ta’lim oladi. 23-34 yosh oralig‘ida erkaklarning ta’lim olish imkoniyati ayollarnikiga nisbatan 0,02 foiz yuqoriroq. 35 yoshdan yuqori aholi orasida yana ayollarning rasmiy ta’lim olish imkoniyati oshadi. Shu bilan birga informal ta’limda erkaklar (31,2 foiz) ning ayollar (25,2 foiz) ga nisbatan ko‘proq ishtirok etishi[5], erkaklarda oilani boquvchi mas’uliyatining ustun turishi va aynan oila daromadini oshirish uchun ta’lim olishga ko‘proq e’tibor qaratishi bilan izohlanadi.

Ta’lim davomiyligini oshirishda, shu jumladan xotin-qizlarning ta’limdagi qamrovini oshirishda muayyan yutuqlarga erishganimiz tahlilda o‘z isbotini topdi. Endi ta’limdagi tengsizlikning yana bir ko‘rinishi – shahar va qishloq aholisining ta’lim imkoniyatlaridagi tafovutlarni qisqartirish, ta’lim natijalarini yaxshilash uchun sifatga e’tibor qaratish bosqichi keldi. Boshlang‘ich ta’limda o‘quvchilarning mantiqiy fikrlashi, o‘qigan matnidan ma’lumot sifatida foydalana olishi (raqamli iqtisodiyotda bu ko‘nikma yanada dolzarblashadi) ko‘nikmalarini rivojlantirish zarur. Avvalgi tadqiqotlarda ham boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qigan matnini qo‘llay olish ko‘nikmalari yetarli darajada emasligi aytilgan edi[6]. Boshlang‘ich ta’limdagi tengsizlik, ya’ni o‘qish savodxonligi bo‘yicha (xalqaro PIRLS testi natijalariga ko‘ra) tengsizlik nisbatan yuqori. Ya’ni eng yaxshi va eng yomon (kvartillar orasidagi) natijaga erishgan o‘quvchilar orasidagi tafovut nisbatan baland (48 ta mamlakat ichida 33-o‘rin). Boshlang‘ich ta’limdagi tengsizlik keyingi bosqichlardagi ta’limda ham tengsizlikning sababi bo‘lishi mumkin.         

O‘zbekiston Respublikasida kutilayotgan ta’lim davomiyligini inson kamoloti juda yuqori davlatlar darajasiga yetkazish bilan bir qatorda ta’limdagi tenglikni oshirish uchun:

  • qishloq joylarda oilaviy bog‘chalarni tashkil qilish imkoniyatlarini oshirish uchun muhandislik kommunikatsiya infratuzilmalarini yaxshilash;

  • qishloq joylardagi umumta’lim maktablari uchun pedagoglarni maqsadli tayyorlash (qishloq yoshlari orasidan salohiyatli yoshlarni tanlash va 3 tomonlama shartnoma asosida o‘qitish);

  • umumta’lim maktablarini kompyuterlar bilan ta’minlash va internet tarmog‘iga ulash;

  • umumta’lim maktablarida (ayniqsa, qishloq joylardagi)  informatika fanidan qo‘shimcha to‘garaklar sonini oshirish va bepulligini ta’minlash. To‘garaklarning o‘quv dasturini tuzishda o‘quvchilarning mustaqil ravishda ta’lim platformalaridan (coursera, khan academy) foydalana olish ko‘nikmalarini egallashiga alohida e’tibor berish;

  • o‘z turmush farovonligi (shu jumladan ta’limi) uchun har bir fuqaro o‘zi javobgarligini anglagan holda mehnat bozori uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lish uchun doimiy ravishda o‘z professional darajasini oshirib borishga qiziqishni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish.

  

 


[1] https://databank.worldbank.org/metadataglossary/world-development-indicators/series/SE.SCH.LIFE
[2] https://www.girltalkhq.com/the-role-of-education-in-human-development/
[3] “Olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning mehnatini yanada rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 07.06.2019 yildagi 471-son https://lex.uz/docs/4367859
[4] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-tadqiqot markazi Germaniya Xalq Universitetlari Assotsiatsiyasi (DVV) O‘zbekistondagi filialining ko‘magida 2019 yil oxiridagi empirik tadqiqot natijalari asosida tuzilgan https://www.dvv-international-central-asia.org/fileadmin/files/central-asia/documents/Publications_and_other_media/Publications/2020_%D0%A3%D0%97%D0%91/AES-UZ-2020_final_version.pdf
[5] O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-tadqiqot markazi Germaniya Xalq Universitetlari Assotsiatsiyasi (DVV) O‘zbekistondagi filialining ko‘magida 2019 yil oxiridagi empirik tadqiqot natijalari asosida tuzilgan https://www.dvv-international-central-asia.org/fileadmin/files/central
[6] https://t.me/ifmr_public/3866