Zamonaviy iqtisodiyot kompaniya va korxonalar oldiga yangi vazifalarni qo‘ygan va ularni bozorda faoliyat yuritishning yangi bosqichiga olib chiqqan holda doimiy ravishda o‘zgarib borayapti. Oxirgi yillarda axborot texnologiyalari oldinga qadam tashladi. Bu esa bir qator kompaniyalar faoliyatida o‘z ifodasini topdi. Bu jarayon ayniqsa, moliyaviy kompaniyalarga, xususan, moliya bozorida faol qo‘llaniladigan yangi moliyaviy texnologiyalarning rivojlanishhiga ta’sir ko‘rsatdi.
«Fintex (molyaviy texnologiyalar) — innovatsion texnologiyalardan foydalangan holda moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish: Big Data, sun’iy idrok va mashinalarni o'rganish, robotlashtirish, blokcheyn (umumiy tarmoqqa birlashtirilgan ko‘plab kompyuterlarga taqsimlangan ma’lumotlarni shifrlash va saqlash), bulut texnologiyalari, biometrika va boshqalar».
O‘z navbatida, fintex turli omillar ta’sirida rivojlanadi. Bular: elektron tijorat bozorining o‘sishi; internetning keng tarqalishi, jumladan, mobil qurilmalarda va buning natijasida shunga o‘xshash turdagi xizmatlarni taqdim etish uchun texnik bazaning rivojlanishi; bank tizimining rivojlanishi; investitsiya qilingan kapital rentabelligining oshishi. Bu esa kompaniyani xodimlar va taqdim etilayotgan xizmatlar va operatsiyalarni standartlashtirish uchun xarajatlarni optimallashtirishga majbur qiladi.
Bularning barchasi ayrim operatsiya va xizmatlarni elektron xizmatlarga o‘tkazish, shuningdek, moliyaviy xizmatlardan foydalanish vaqtini optimallashtirishni nazarda tutadi.
2013 – 2022 yillarda fintex banklarning aktivlari an’anaviy banklarning aktivlariga qaraganda ko‘proq, aniqrog‘i 105 foizga o‘sdi. An’anaviy banklarda esa bu ko‘rsatkich 75 foizni tashkil etdi[1]. Fintex kompaniyalarga bo‘lgan qiziqish ushbu sektorga investitsiyalar hajmining o‘sishida ham namoyon bo‘ldi. 2021-yilda ushbu kompaniyalar 210 milliard dollar miqdorida global investitsiyalarni jalb qildi. Shuningdek, mijozlar sonining o‘sishi va kriptovalyuta bozorining jadal rivojlanishi sharoitida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalarning markazlashmagan moliya (DeFi) aktivlari umumiy qiymati 2021-yilning dekabr oyida taxminan 90 milliard dollarni tashkil etdi.
Shunday qilib, 2023-yilda global moliyaviy texnologiyalar bozori 165,17 milliard dollarga baholanmoqda. Bu 2022-yildagiga nisbatan 25 foiz (131,95 milliard dollar), 2021-yildagiga nisbatan 57 foiz (105,41 milliard dollar) ko‘p demakdir[2]. Buni iste’molchilarning an’anaviy bank xizmatlaridan voz kechib, elektron hamyonlar, mobil banking va kriptovalyuta kabi yangi xizmat turlaridan foydalanishga o‘tayotgani bilan izohlash mumkin.
Mintaqalar bo‘yicha 2023-yilning may oyidagi holatga koʻra, fintex startaplarning ko‘pi Amerikaning hissasiga to‘g‘ri kelgan – 11 651ta loyiha (jami startaplarning 44,1 foizi). Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikada 9681ta (36,7 foiz), Osiyo-Tinch okeani mintaqasida 5061ta (19,2 foiz) startap faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, 2018-yil bilan taqqoslaganda, fintex startaplar sonining eng katta o‘sishi Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikada (2,7 barobar) kuzatilmoqda (Amerikada 2,0 barobar, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida 1,8 barobar). [3]
2026-yilga borganda fintex sanoati 324 milliard dollargacha o‘sishi prognoz qilinmoqda, o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 25,2 foizni tashkil etadi[4]. Bunga avtomatlashtirish texnologiyalarining rivojlanishi hamda onlayn va ilovalarga asoslangan xizmatlarning tobora kengayib borishi yordam beradi. Foydalanish imkoniyatining ortishi va xarajatlarning qisqarishi iste’molchilarning ilg‘or moliyaviy texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishini oshhiradi.
Ta’kidlash joizki, ekspertlar Osiyo-Tinch okeani mintaqasida moliyaviy texnologiyalar bozorining yuqori o‘sish sur’atlarini prognoz qilgan holda,
2021–2030 yillarda o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 22,1 foizni tashkil qilishini kutmoqda[5]. Natijada, Osiyo moliyaviy texnologiyalar bozori eng istiqbolli bozorga aylanib, uning hajmi AQSh bozorini ortda qoldiradi.
Tarmoqlar kesimida, eng katta oʻsish aktivlarni boshqarish bilan shugʻullanuvchi kompaniyalarda kutilmoqda – oʻrtacha yillik oʻsish surʼati 2020-2030 yillarda 16,8 foizni tashkil qiladi.[6]
O‘zbekiston faol rivojlanayotgan fintex bozori
-
Bugungi kunda O‘zbekistonda raqamli asosda faoliyat yurituvchi 4 ta bank mavjud. Bular: “TBC bank” AK, “Anor bank” AK, “Uzum bank” AK. Shuningdek, “Smart bank” AJ va “Apex bank”AJ kabi raqamli banklarga bank faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berilgan, biroq bu banklar hali o‘z faoliyatini boshlamagan.
-
2023-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, mamlakatimizda 3 ta to‘lov tizimi operatori mavjud. Bular: “Yagona umumrespublika protsessing markazi” MChJ (www.uzcard.uz), “Milliy banklararo protsessing markazi” MChJ (www.humocard.uz), “Qulay pul” MChJ (www .unitedfintech) .uz).
-
Toʻlov tashkilotlari reyestrida (2023-yil 1-iyul holatiga) 52 ta kompaniya roʻyxatga olingan boʻlib, ular orasida Click, Oson, Payme, MyUzcard, ATTO, Paynet va boshqalar mavjud[7].
-
Hozirgi kunda 6 ta bank (ATB “Aloqabank”, “Universalbank” ATB, ATB “Agrobank”, AT “Uzum bank”, “Trastbank” XATB, AT Milliy bank) 17 ta elektron pul tizimini ishlab chiqish va ishga tushirishda ishtirok etdi[8].
-
2017-2022-yillarda moliya sohasida bajarilgan va sotilgan innovatsion mahsulotlar, ishlar va xizmatlar hajmi 1151,0 milliard so‘mdan 2354,2 milliard so‘mgacha oshdi[9].