Мақолалар ва тезислар 23 октябр 2023 3 daq 3499
Ichki turizm: bugungi holati va rivojlanish imkoniyatlari

Ichki turizm: bugungi holati va rivojlanish imkoniyatlari

Ichki turizm: bugungi holati va rivojlanish imkoniyatlari
Мақолалар ва тезислар · 23 октябр 2023

 

«O‘zbekiston-2030» strategiyasida ichki turizmni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratish orqali 2030-yilga borib, ichki sayyohlar sonini 25 million nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan (58-maqsad). Ushbu maqsadga erishishda mamlakatimizda aholining ichki turizmga munosabati, sayohatga qiziqishi, davlat tomonidan berilgan imtiyozlardan qay darajada foydalanayotganini bilish muhim ahamiyatga ega. Chunki shu asosda qanday qo‘shimcha chora-tadbirlarni ko‘rish zarurligi aniqlanadi.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda ichki turizmning rivojlanishi bilan bog‘liq holatni baholash maqsadida onlayn so‘rov o‘tkazildi. Unda mamlakatimizning barcha viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahridan jami 1282 nafar respondent ishtirok etdi.

So‘rov natijasi O‘zbekistonda ichki turizmning intensivlik darajasi yuqori emasligini ko‘rsatdi. Xususan, respondentlarning 34,7 foizi sayohat qilmasligini, 42,0 foizi yilda bir marotaba, 14,4 foizi har uch oyda bir marotaba sayohat qilishini qayd etgan.

So‘rov mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirilayotgan sayohatlarning deyarli 50 foizi 4 ta hudud, ya’ni Samarqand (15,8 foiz), Buxoro (9,4 foiz), Toshkent (10,6 foiz) viloyatlari va Toshkent shahri (11,4 foiz)ning hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatdi. Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi (3,0 foiz) eng kam ulushga ega. Buning asosiy sabablaridan biri hududning ancha olisda ekanligidir.

Sayohatni qaysi ko‘rinishda amalga oshirasiz, degan savolga respondentlarning 81,2 foizi mustaqil ravishda, 15,5 foizi ish joyidan uyushtirilgan holda, 2,4 foizi turoperatorlar yordamida, deya javob bergan.  

Ichki turizmni rivojlantirishda shubhasiz, transport infratuzilmasining o‘rni katta. Respondentlarning javobi ular sayohatga asosan shaxsiy avtomobili (56,8 foiz) va poyezd (17,3 foiz) da chiqishini ko‘rsatdi.

Turizm yo‘nalishlariga kelganda, so‘rov qatnashchilarining 17,6 foizi tog‘ va tog‘oldi hududlarida dam olishni, 17,1 foizi oilaviy turizmni, 22,6 foizi ziyorat turizmini, 11,5 foizi madaniy va ma’rifiy turizmni afzal ko‘rishini qayd etgan. Shuningdek, respondentlarning 5,7 foizi sanatoriy-kurortlarda dam olishni, 3,5 foizi yoshlar va ekstremal turizmni, 3,0 foizi ishbilarmonlik turizmini, 6,1 foizi ekoturizmni ma’qul ko‘rishini ma’lum qilgan. Bu esa O‘zbekistonda turizmning ushbu yo‘nalishlari ham rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

Sog‘lomlashtirish muassasalarida dam olish nimasi bilan jalb qiladi, degan savolga asosan, toza tog‘ havosi (35,9 foiz) va oilaviy dam olish imkoniyatining mavjudligi (16,4 foiz), shuningdek, salomatlikka ijobiy ta’siri (10,8 foiz) bilan, deb javob qaytargan.

Ichki turizmni rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash masalasiga kelganda, respondentlarning 26,2 foizi shaharlararo sayohatlar uchun imtiyozlar (ovqatlanish, avtoturargohlar uchun chegirmalar) berish, 23,6 foizi arzon va sifatli jamoat transporti tizimini rivojlantirish, 11,6 foizi transport logistika markazlarini tashkil qilish zarurligini bildirgan.

So‘rov natijalari va bevosita aholi tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalardan kelib chiqib, ichki turizmni yanada rivojlantirish uchun quyidagi takliflarni bildirish mumkin:

- asosiy turistik salohiyatidan kelib chiqqan holda har bir hududning o‘z brendini shakllantirish (tibbiy turizm va sanatoriy-kurortlarda dam olish, ziyorat turizmi, ekoturizm va boshqalar);

- mahalla, qishloq, kichik shaharlardagi mahalliy urf-odatlar va tarixiy yodgorliklarni saqlash maqsadida hozirgi zamon talablariga javob beradigan turizm markazlarini barpo qilish;

- «Turistik mahalla», «Turistik hudud» maqomiga ega aholi punktlarining reyestrini shakllantirish va elektron platformani ishlab chiqish;

- hududlar bo‘yicha turistik xizmat turlari va yo‘nalishlarni keng targ‘ib qilish, jumladan, mamlakatimizdagi ziyorat obyektlari, tarixiy arxitektura yodgoriklari, tibbiy turizm maskanlari bo‘yicha elektron axborot platformasini tashkil etish va bepul keng targ‘ib qilish;

- mahallalarda istiqomat qiladigan va «temir daftar»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga oilaviy turizm bilan shug‘ullanish uchun mahalliy jamg‘arma hisobidan imtiyozlar berish;

- bolalar va yoshlar turizmini rivojlantirish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan chora-tadbirlarni rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish;

- «Mahalliy urf-odatlar va tarixiy-madaniy qadriyatlarni bilish» bo‘yicha o‘quvchilar va talabalari o‘rtasida tanlovlarni tashkil qilish va g‘oliblarni taqdirlash;

- dam olish va sog‘lomlashtirish joylarida ovqatlanish, atrof-muhitni himoya qilish, ichimlik suvi va elektr energiyasi bilan ta’minlashda sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish.

 

Botir Abdullayev,
MHTI loyiha rahbari

Javohir Hasanov,
MHTI katta ilmiy xodiimi