Kirish
Joriy yilning 6-fevral kuni Turkiya janubida katta vayronalik va qurbonlar bo‘lishiga olib kelgan zilzila haqidagi xabar butun dunyo jamoatchiligini larzaga soldi. Ayni paytda qurbonlar soni minglab kishini tashkil qilmoqda. Jabrlanganlar soni muttasil oshib bormoqda. Ko‘pgina davlatlar tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun insonparvarlik yordamini yuborib, boshqa vositalar bilan ko‘mak bermoqda. Bugungi kunga qadar dunyoning 40 dan ortiq mamlakatii Turkiyaga yordam taklif qilgan.
1. Tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan hududlarning iqtisodiy salohiyati
Zilzilalardan eng koʻp jabr koʻrgan oʻnta viloyatning mamlakat yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 9,3 foizni tashkil qiladi (2021 y.). 2022 yilda ushbu viloyatlarning Turkiya eksportidagi umumiy ulushi 8,5 foizni, importdagi ulushi 6,7 foizni tashkil etdi.[1] Bu hudud mamlakatning muhim sanoat va savdo markazi hisoblanadi.
Masalan, Qahramonmarash yiliga 359 ming tonna kalava va 138 million metr to‘qilgan mato, 122 ming tonna trikotaj mato va 22,7 million dona kiyim-kechak ishlab chiqaradi va shu bilan u Turkiyada umumiy ip ishlab chiqarishning 27 foizini va to‘qimachilik mahsulotlarining 8 foizini ta’minlaydi.[2]
Gaziantep mamlakatning yirik savdo markazi bo‘lib, 2022 yilda sement, to'qimachilik, yog'ochni qayta ishlash, metallurgiya va mashinasozlik sanoati mahsulotlari hisobiga mamlakat eksportida uning ulushi 4,5 foizni (11,2 milliard dollar) tashkil etgan.[3]
Adiyamanda yiliga 10 million barreldan ortiq neft qazib olinadi va bu Turkiyaning umumiy xom neft ishlab chiqarishida deyarli 70% ni tashkil etadi.[4]
Shuningdek, zilzila markaziga yaqin joylashgan hududlardan tashqari, mamlakatning boshqa hududlariga ham katta iqtisodiy zarar yetishi kutilmoqda.
2. Zilzila oqibatlarining O‘zbekistonga ta’sirini baholash.
Tashqi savdo. 2022 yilda O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3,2 milliard AQSh dollariga yetdi. Buning 1,5 milliard dollari eksport, 1,7 milliard dollari importni tashkil etdi. Turkiyaning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi 6,4 foizni tashkil etadi va u O‘zbekistonning tashqi savdo hamkorlari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi.
2017 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,2 barobar, eksport hajmi 1,7 barobar, import hajmi 2,8 barobar oshdi[5].
Oʻzbekistonning Turkiyaga eksporti asosan mis, kalava ip, rux va plastmassa kabi xomashyo mahsulotlaridan iborat (1-jadval). Tabiiy ofatning ushbu tovarlar eksportiga salbiy ta’siri ehtimoldan yiroq emas. Bundan tashqari, zilziladan jabr ko‘rgan hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli rekonstruksiya loyihalari O‘zbekistondan mis, rux, plastmassa, alyuminiy, shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari importiga talabni yanada oshirishi mumkin.
To‘qimachilik sanoati markazlaridan biri bo‘lgan Qahramonmarash zilziladan katta talafot ko‘rganligi sababli, mavjud vaziyat Turkiyaga paxta va ip-kalava eksportiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Binolar va infratuzilmalarga yetgan zarar tufayli ayrim mahsulotlarni yetkazib berishda kechikishlar ro‘y berishi mumkin. Mavjud vaziyat ishlab chiqarish jarayonida uzilishlarni keltirib chiqaradi. Bu esa paxta va ip-kalava kabi xomashyoga talabning pasayishiga olib keladi.
1-jadval. 2022 yilda O‘zbekistonning Turkiyaga eksporti tarkibi (TOP-10)
Tovar guruhlarining nomlari |
Eksport hajmi(mln. AQSh dollarida) |
JAMI |
1457,48 |
Mis |
564,94 |
Kalava ip |
523,30 |
Rux |
160,32 |
Plastmassa va undan tayyorlangan mahsulotlar |
90,83 |
Mineral yoqilg'i va neft mahsulotlari |
23,14 |
Mevalar |
13,62 |
Elektron qurilmalar |
13,44 |
Sabzavotlar |
11,02 |
O‘g‘itlar |
10,97 |
To'qimachilik mahsulotlari |
6,80 |
Manba: UN COMTRADE Xalqaro savdo bazasi
Oʻzbekistonga Turkiyadan asosan mashina va asbob-uskunalar, shuningdek, plastmassa, kimyoviy moddalar, pigmentlar va farmatsevtika mahsulotlari import qilinadi (2-jadval). O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati uchun matolar va rang beruvchi pigmentlarni import qilish muhimligini inobatga olgan holda, Turkiyadan olib kelinadigan rang beruvchi pigmentlar va gazlamalar yetishmasligi O‘zbekistonda to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu tegishli to‘qimachilik mahsulotlari narxining oshishiga olib kelishi, shuningdek, xomashyo va tayyor mahsulotlarni yetkazib berishga salbiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.
2-jadval. 2022 yilda O‘zbekistonning Turkiyadan importi tarkibi (TOP-10)
Tovar guruhlarining nomlari |
Import hajmi(mln. AQSh dollarida) |
JAMI |
1668,69 |
Mashina va uskunalar |
598,64 |
Elektr jihozlari |
119,85 |
Plastmassa va undan tayyorlangan mahsulotlar |
107,82 |
Farmatsevtika mahsulotlari |
93,51 |
Temir va po‘lat mahsulotlari |
79,35 |
Mebel va modul binolar |
57,85 |
Bo‘yoqlar va bo‘yoq mahsulotlari |
55,78 |
Kimyoviy moddalar |
53,97 |
Boshqa sanoat mahsulotlari |
45,48 |
Sun’iy tolalar |
25,96 |
Manba: UN COMTRADE Xalqaro savdo bazasi
Investitsiya. Oxirgi 3 yil davomida Turkiyadan O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlariga kiritilgan sarmoya hajmi ikki barobar ortib, 2021 yil yakuniga ko‘ra, 1,2 milliard AQSh dollarini tashkil etgan. Bugungi kunda O‘zbekistonda turkiyalik investorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 1900 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Birgina 2021 yilda turk kapitali ishtirokida 407 ta kompaniya tashkil etildi.[6]
Biroq, tabiiy ofatdan so‘ng Turkiyaning resurslarni tabiiy ofat oqibatini yumshatishga yo‘naltirishi va e’tiborni qayta tiklashga qaratishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan sarmoyaviy loyihalarni kechiktirishi mumkin.
Mehnat muhojirlari va pul o‘tkazmalari. 2017-2021 yillar davomida mehnat muhojirlarining Turkiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari yiliga o'rtacha 196,9 million dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, 2021 yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmida Turkiyaning ulushi sezilarli darajada oshdi va 2,9 foizni tashkil etdi (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra). Turkiyadagi zilzila fonida davlat xarajatlarining va inflyatsiyaning keskin oshishi mehnat muhojirlari daromadiga ta’sir qilishi va bu mamlakatdan pul o‘tkazmalari oqimini kamaytirishi mumkin.
Yalpi ichki mahsulot (YaIM). Turkiyada sodir boʻlgan zilzilaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga taʼsiri The Thomson Reuters Trust Principles[7] tomonidan 2023 yil 8-fevralda taklif qilingan farazlarga asoslangan uchta ssenariy asosida baholandi. Birinchi ssenariyga ko'ra, 2023 yilda Turkiya YaIMdagi o‘sish 0,6 f.p.ga kamayishi taxmin qilinmoqda. Shuningdek, yalpi ichki mahsulot o‘sishining kutilayotgan 5% dan, ikkinchi va uchinchi ssenariylarga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot oʻsishining 1 f.p. va 2 f.p. ga qisqarishi koʻrib chiqiladi.
Birinchi ssenariy bo‘yicha hisob-kitoblarga ko'ra, Turkiya yalpi ichki mahsuloti o'sishining 0,6 f.p.ga qisqarishi O‘zbekistonda YaIM o‘sishining 0,03 f.p.ga pasayishiga olib keladi. Bunday sharoitda 2023 yilda O‘zbekistonning sof eksporti 0,103 foizga qisqarishi kutilmoqda. Shu bilan birga, tovarlar va xizmatlar eksporti va importi mos ravishda 0,098% ga va 0,021% ga kamayishi mumkin.
Ikkinchi ssenariy asosidagi hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 0,05 f.p.ga, sof eksporti esa 0,172 foizga qisqarishi mumkin. Bu tovar va xizmatlar eksportiga 0,164% va importiga 0,035% pasayish bilan ham ta'sir qiladi.
Uchinchi ssenariy bo'yicha hisob-kitob natijalari eng pessimistik bo‘lib, shuni ko'rsatadiki, 2023 yilda Turkiyada YaIM o‘sishining 2 f.p.ga qisqarishi O‘zbekistonda YaIM o‘sishi 0,1 f.p.ga kamayishiga olib keladi. Tovarlar va xizmatlar eksporti va importi ham sezilarli darajada, taxminan 0,33% va 0,07% pasayish tendensiyasiga ega.
Eslatma:Turkiyadagi falokatning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sirini baholash uchun “Moliyaviy dasturlash va siyosat (FPP)” tahliliy vositasidan foydalanildi. Tahlil qilish uchun Turkiyaning oldingi va prognoz qilingan makroiqtisodiy parametrlari bo'yicha yangilangan ma'lumotlardan foydalanildi. |
3. O‘tmishga nazar: zilzilalarning salbiy ta’siri va mamlakatlarning o‘zaro yordami.
Afsuski, vayronkor zilzilalar kamdan-kam uchrovchi hodisa emas. 1966 yil Toshkentda, 1988 yil Armanistonda, 2011 yil Yaponiyada yuz bergan kuchli zilzilalar barchaga ma’lum. Ushbu tabiiy ofatlar insonlar, jamiyat, infratuzilmalar va iqtisodiyotga talafot keltiradi. Bunday ofatlar keng ko‘lamli ham ijtimoiy, ham iqtisodiy salbiy oqibatlarga olib keladi. Shunday qilib, FIW - Research Center International Economics[8] ma’lumotlariga ko‘ra, odatiy zilzila keyingi sakkiz yil ichida aholi jon boshiga YaIMni 1,6% ga kamaytiradi, ushbu ko‘rsatkich mamlakat toifalariga qarab sezilarli farq qiladi.
Butunjahon meteorologiya tashkilotining (WMO) o‘lim va iqtisodiy yo‘qotishlar Atlasi ma’lumotlariga ko‘ra, ekstremal ob-havo, iqlim va gidrologik ofatlar oqibatida, so‘nggi 50 yilda (1970-2019) iqtisodiy yo‘qotishlar keskin oshgan.
Tabiiy ofatlar davrida "qardoshlar" va "begonalar" o‘rtasidagi chegara yo‘qoladi hamda "odamlar ofatga qarshi" konsepsiyasi birinchi o'ringa chiqadi. Bunda talafotning og‘ir oqibatlarini bartaraf etish uchun odamlar birlashishga intiladi.
2011 yilda Yaponiyada yuz bergan zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun ko‘rsatilgan xalqaro yordam ana shunday o‘zaro hamkorlikka yaqqol misol bo‘la oladi. Ushbu ofat oqibatida 20 mingga yaqin odam halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. O‘ta katta talafotlar sabab mazkur hodisa jahon tarixidagi eng zarar keltirgan zilzila bo‘lgan va 210 milliard AQSh dollarga baholangan.
Tabiiy ofat zonasiga Avstraliya, Xitoy, Hindiston, Yangi Zelandiya, Janubiy Koreya, AQSh kabi 23 ta mamlakatdan[9] qutqaruv guruhlari yuborilgan. Shuningdek, Yaponiya 163 ta davlat va 43 xalqaro tashkilotdan yordam taklifini olgan[10]. Mamlakat jami 17,5 milliard iyenadan ortiq (nodavlat tashkilotlar va jismoniy shaxslardan tushgan xayriya mablag‘larini inobatga olmaganda) favqulodda xayriya ko‘magini olgan.[11]
4. Iqlim o‘zgarishining tabiiy ofatlar ortishiga ta’siri
Zilzilalar dunyoning ko‘plab mamlakatlarda yuqori xavfli hodisalar guruhiga kiritilgan. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, iqlim o‘zgarishi oqibatida gidrometeorologik tahdidlar (qurg‘oqchilik, suv toshqini, anomal issiq) bilan bog‘liq ofatlar sonining ko‘payishi kutilmoqda.
Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo komissiya (IPCC) ekspertlarining fikriga ko‘ra, kelajakda sayyoramizda halokatli tabiiy hodisalar sonining ko‘payishi kutilmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, yaqin oʻn yillikda dunyoning barcha hududlarida iqlim oʻzgarishi oqibatida koʻrilgan yoʻqotishlar va zarar ortadi. Jumladan, hozirgi kunga qadar iqlim o‘zgarishining 127 xildagi salbiy ta'siri (ba'zilari allaqachon qaytarib bo'lmaydigan) aniqlangan va ular rivojlanayotgan mamlakatlarda sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda.
Haroratning oshishi ekstremal ob-havo sharoitining kuchayishiga olib keladi: tez-tez qurg‘oqchilik, suv toshqini, anomal issiq harorat kabi holatlar.
Global iqlim o'zgarishining hozirgi murakkab sharoitida hamjihatlik nafaqat ofatdan jabr ko'rgan shaxslar va jamiyat orasida, balki mamlakatlar o'rtasidagi birgalikdagi sa'y-harakatlar va tezkor hamkorlik, shu jumladan, davlatlar hamdo‘stligi va birlashmalar doirasida ham muhim.
Turkiy davlatlar miqyosidagi hamkorlik nafaqat savdo-iqtisodiy sohada, balki Turkiyadagi hozirgi murakkab vaziyatda tabiiy ofat oqibatlariga qarshi kurashda ham yaxshi muqobil vosita bo‘lishi kerak. Mazkur zilzila oqibatlari bilan bog‘liq talafotlarni bartaraf etishda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish zarur.
5. TDT davlatlarining tabiiy ofatlarni monitoring qilib borish va ularga qarshi kurashish imkoniyatlari.
TDT mamlakatlari tabiiy hodisalarni monitoring va tahlil qilish, shuningdek, ularga o‘z vaqtida javob berish uchun muhim ilmiy va amaliy salohiyatga ega.
Buning zarurati ushbu mamlakatlarning o‘z tarixida turli xil halokatli tabiat hodisalariga bir necha bor duch kelganligi bilan bog‘liq. Ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlarida asosiy tabiiy xavf omili zilzila hisoblanadi. Mintaqa davlatlari seysmik faollikni o‘rganish va uning oldini olish bo‘yicha institutlarni faol rivojlantirmoqda, shuningdek, zilzilalarga qarshi kurashish va oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda.
Davlatlar |
Seysmik faollikni o‘rganish va oldini olish institutlari |
O‘zbekiston |
Fanlar akademiyasi Seysmologiya instituti |
Ozarbayjon |
Milliy fanlar akademiyasi huzuridagi Respublika Seysmologik qidiruv markazi |
Qozog‘iston |
Seysmologiya institute |
Turkmaniston |
Fanlar akademiyasi Seysmologiya va atmosfera fizikasi instituti |
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari hududida Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish boʻyicha Osiyo markazi (1998 yilda tashkil etilgan) va Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish markazi (2013 yilda tashkil etilgan) faoliyat yuritadi.
Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha Osiyo markazining asosiy maqsadi a’zo mamlakatlarda tabiiy ofatlardan so‘ng tiklash imkoniyatlarini kengaytirish, xavfsiz jamiyat qurish va jamiyatning barqaror rivojlanishi uchun imkoniyatlarni yaratishdan iborat.
2013 yilning 17-mayida Olma ota shahrida Qozog‘iston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirliklari rahbarlari Favqulodda vaziyatlar va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish markazini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzoladi. Markazni tashkil etishdan asosiy maqsad favqulodda vaziyatlar xavfini yumshatish va ularning oqibatlarini kamaytirishning samarali mexanizmlarini ta’minlash, kelishilgan chora-tadbirlar orqali birgalikda harakat qilish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni rag‘batlantirishdan iborat.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining tabiiy ofatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish sohasidagi o‘zaro hamkorligini alohida ta’kidlash lozim. Masalan, Markaziy Osiyo mamlakatlari (Turkmanistondan tashqari) 1998 yil 17 iyulda (Cho‘lpon ota, Qirg'iziston Respublikasi) favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari ishtirokidagi bitimlar soni:MDH doirasida – 7 taShHT doirasida – 2 taIkki tomonlama davlatlararo bitimlar:Qozog‘iston va Qirg‘iziston – 2 taQozog‘iston и Tojikiston – 1 taQirg‘iziston и Tojikiston – 1 taTojikiston и O‘zbekiston– 1 taTurkmaniston и O‘zbekiston – 1 taManba: Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasidagi davlatlararo bitimlar (https://cesdrr.org/uploads/eptisa/eptisa/010%20-%20Соглашения%20в%20области%20ЧС%20стран%20ЦА.pdf) |
Shunday qilib, TDT mamlakatlari zilzilalarni monitoring qilish va baholash, arxitektura qurilishi, shaharlarning seysmologik barqarorligi, zilzilalar sodir boʻlganda xavfsiz joylarni yaratish va boshqa sohalarda hamkorlik qilish orqali zilzila oqibatlariga tayyorgarlik koʻrish sohasida katta ilmiy salohiyatga ega.
6. TDT davlatlari tomonidan Turkiyaga yordam berish bo‘yicha birinchi bosqichdagi chora-tadbirlar
Birinchi navbatdagi yordam shoshilinch chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilishi kerak. Bu yerda ustuvor vazifa odamlarni qutqarish va ularga zarur birlamchi yordam ko‘rsatishdir. Shuningdek, jabrlangan mamlakatga yordam berish uchun hamkor mamlakatlarning mavjud resurslarini zudlik bilan safarbar etishdir. Ushbu yordam choralari quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:
-
Ixtisoslashgan qutqaruv guruhlari va maxsus texnikani vayronalarni tozalash va odamlarni qutqarish uchun ofat hududiga yuborish. 7 balldan yuqori zilzilalar ssenariysi sharoitida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonning maxsus guruhlarni tayyorlash tajribasi inshootlarni malakali demontaj qilish va jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish imkonini beradi.
-
Tibbiy guruhlar va psixologlarni jalb etish, zarur dori-darmonlarni va donorlik qonini yuborish. Bu yerda muhim nuqta - TDT mamlakatlari umumiy til birligi, bu jabrlanganlarga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatishda til to‘siqlarini sezilarli darajada kamaytiradi.
-
TDT mamlakatlari yoshlari va boshqa ko‘ngillilar orasidan tuzilgan ko‘ngillilarning guruhlarini yo‘naltirish. Samarali mexanizmlardan biri bu TDT mamlakatlari universitetlari o‘rtasida shoshilinch ko‘ngillilar guruhini tashkil etish to‘g‘risidagi e’lon bo‘lishi mumkin. Bunday yoshlar tegishli tajriba va salohiyatga ega bo‘lib, kelajakda foydali va zarur tajriba orttiradi.
-
Odamlar isinishi, issiq ovqat yeyishi, tibbiy yordam olishi, qarindoshlariga tez qo‘ng‘iroq qilishi va kerak bo‘lganda, chodirlardan iborat lagerlar va lager oshxonalarini tashkil etish.
-
Moliyaviy yordam ko‘rsatish. Bu yo‘nalishda Turkiyada hozirgi davrda jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish masalani hal etish chorasi bo‘lishi mumkin. Bunday fond mablag‘lari ixtiyoriy mablag‘ to‘plash, shu jumladan TDT mamlakatlari aholisining xayriya mablag‘lari hisobidan shakllantirilishi mumkin. Shuningdek, kelgusida yirik miqyosdagi tabiiy ofatlar paytida TDTga a’zo mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash uchun maxsus jamg‘arma tashkil etish maqsadga muvofiq.
• Favqulodda yordam vositalari, jumladan, adyol va choyshablar, issiq kiyim, gigiena vositalari, chodirlar, favqulodda vaziyatlar uchun chiroqlar, isitgichlar, ichimlik suvi va oziq-ovqatlarni yuborish.
• Jabrlangan aholini evakuatsiya qilish va TDT mamlakatlari hududida vaqtinchalik uy-joy bilan ta’minlashga ko‘maklashish.
7. TDT mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning keyingi chora-tadbirlari
Qutqaruv ishlari yakunlangach, zilzila oqibatida vayron boʻlgan hududlardagi obyektlar va iqtisodiyotni tiklash uchun koʻp harakat qilish kerak boʻladi. Tarix shuni ko'rsatadiki, zarar ko‘rgan hududlarning iqtisodiyotini tiklash uchun bir necha yil va hatto o‘n yillar kerak bo‘ladi.
Bloomberg Economics ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyaning zilziladan keyin davlat xarajatlari ikki yil ichida YaIMning 5,5 foizini tashkil qilishi mumkin. Tiklanish davrida, ustuvor chora-tadbirlar bir qatorda, TDT mamlakatlari o‘rtasida sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
TDT davlatlari o‘zaro hamkorligining ikkinchi bosqichidagi yordam Turkiya iqtisodiyotini tiklashga yo‘naltirilishi kerak. Bunda infratuzilma va boshqa obyektlar va inshootlarni tezroq tiklash, butun iqtisodiyotning faoliyatiga ko‘mak berish ustuvor vazifadir. Qayta tiklash bo‘yicha yordam choralari quyidagilarni o‘z ichiga olishi mumkin:
Tik turgan binolarning holatini baholash va keyingi foydalanish uchun yaroqli ekanligini aniqlash uchun seysmologlardan iborat maxsus guruhlarni yuborish. Binolar holatidan kelib chiqib, buzilishi yoki mustahkamlanishi mumkin.
TDT davlatlari zarar ko‘rgan hududlarda turar joy binolari, ijtimoiy obyektlar (poliklinikalar, shifoxonalar, maktablar va boshqalar), infratuzilma obyektlarini tiklash va qurishda ishtirok etish.
Obyektlarni tiklash va qurish uchun bir qancha qurilish materiallari va qurilish texnikasini yuborish.
Tabiiy ofatdan keyingi davrda jabrlangan aholining turmush sharoitini tiklash uchun qo‘shimcha manzilli gumanitar yordam jo‘natish.
TDT davlatlarining yirik xoldinglari va ishlab chiqarish kompaniyalari tomonidan mahsulotlarning xayriya partiyalarini sotuvga chiqarish (Turkiyaga yordam berish uchun mahsulot sotib olishga chaqiruvchi yorliqlar bilan) va tushumdan jabrlanganlarga yordam berish va iqtisodiyotni tiklash uchun foydalanish;
TDTga aʼzo boʻlgan mamlakatlarda xayriya konsertlari va boshqa tadbirlarni tashkil etish va zilzila qurbonlariga yordam berish uchun mablagʻ jamlash.
Madaniy meros obyektlarining holatini baholash va ularni restavratsiya qilish rejalarini ishlab chiqish uchun arxeologlar, restavratorlar, tarixchilar va boshqalardan iborat ekspertlar guruhini yuborish.
YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgan Gaziantep qal’asi (rasmda) ham Turkiyadagi zilzila oqibatida vayron bo‘lgan. U eramizning II-III asrlarida kuzatuv punkti sifatida barpo etilgan.
|
|
Shu bilan bir qatorda, TDT mamlakatlarida tabiiy ofatlar davrida barqarorlikni ta’minlash uchun iqtisodiy sohada o‘zaro hamkorlik salohiyatini takomillashtirish muhim ahamiyatga ega. Ushbu sohada savdo aloqalarini mustahkamlash, tashkilot ichida va tashqarisida eksport bozorlarini kengaytirish, ichki talabni kuchaytirish, oʻzaro investitsiyalarni ragʻbatlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq. Bu harakatlar har bir mamlakatning iqtisodiyoti barqarorligini oshirish bilan bir qatorda, qiyin paytlarda bir-biriga yordam berish va qo'llab-quvvatlash qobiliyatini mustahkamlaydi.
8. Tabiiy ofatlarga javob berish va oqibatlarini bartaraf etish bo'yicha doimiy hamkorlikning uzoq muddatli choralari
Ushbu falokatdan saboq olish va birgalikda tezlik bilan chora-tadbirlarni ko‘rish muhim ahamiyatga ega. Turkiya uchun qiyin bo'lgan ushbu davrda TDT mamlakatlari o'rtasidagi o'zaro munosabatlar kelajakda iqlim o'zgarishi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ofatlar uchun na’muna vazifasini o‘tashi lozim.
Kelgusida sodir bo‘ladigan tabiiy ofatlarda tezkor chora ko‘rish va yo‘qotishlar sonini minimallashtirish uchun asos tayyorlashga qaratilgan profilaktika tadbirlari bo‘yicha birgalikda ish olib borishni faollashtirish zarur.
Profilaktik chora-tadbirlar quyidagi harakatlarga qaratilgan bo'lishi kerak:
-
TDT mamlakatlari qutqaruv xizmatlari oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, tajriba almashish, ularni kerakli darajada saqlab turish, qo‘llab quvvatlash uchun mamlakatlarning hukumatlari tomonidan yetarli mablagʻ ajratish.
-
Birgalikda o'quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish. Ushbu tadbirlar muntazam ravishda, barcha mumkin bo‘lgan ofat ssenariylarini simulyatsiya qilgan holda amalga oshirilishi kerak.
Spitak zilzilasining asosiy sabog‘i (Armaniston, 1988 yil) qutqaruv xizmatlarini tashkil etish bo‘ldi. 2008 yil 1-2-dekabr kunlari Gyumri shahrida “Zilzila paytida qutqaruv ishlari” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro oʻquv mashgʻulotlarida Qora dengiz iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar vakillari ishtirok etgan va kuchli zilzila vaqtida ehtimol tutilgan barcha ssenariylar o‘rganilgan.
|
.png)