Мақолалар ва тезислар 1 феврал 2023 2 daq 2534
O'g'itlar dunyo bozori va iste'mol

O'g'itlar dunyo bozori va iste'mol

O'g'itlar dunyo bozori va iste'mol
Мақолалар ва тезислар · 1 феврал 2023

 

Dunyo oʼgʼitlar bozori 2021 yilda tanqislikka duch keldi. 2022 yilda oʼgʼitlar narxining oshishi kuchaydi va soʼnggi 70 yil ichida misli koʼrilmagan darajada boʼldi. Narxlarga, asosan 2022 yilning ikkinchi yarmida tiklana boshlagan xalqaro logistika zanjirlarining uzilishi va gaz narxining koʼtarilishi taʼsir koʼrsatdi. 2022 yil oxiriga kelib, Yevropada oʼgʼit ishlab chiqarishning tiklanishi fonida narxlar oʼzgardi.

Oʼgʼitlar narxining butun dunyoda oʼsishi muqarrar ravishda oʼgʼitlardan foydalanishning umuman va ayniqsa kam daromadli mamlakatlarda qisqarishiga olib keladi. Bu, oʼz navbatida, ekinlar hosildorligiga taʼsir qiladi va oxir-oqibat oziq-ovqat ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi.

Oʼgʼitlar isteʼmoli, dunyo bozoridagi tebranishlardan oldin ham, mamlakatlar boʼyicha juda katta farq qilgan. Masalan, Sahroi Kabirdan janubdagi Аfrika mamlakatlarida oʼgʼitlarning oʼrtacha qoʼllanilishi gektariga 22 kg ni tashkil etadi. Bu dunyo boʼyicha gektariga qoʼllaniladigan oʼrtacha koʼrsatkich (gektariga 146kg) dan 6,6 baravar past. Xitoy va Chili kabi baʼzi mamlakatlarda oʼgʼit isteʼmoli gektariga 400 kg ga yaqin.

FАO (Oziq-ovqat va qishloq xo`jaligi tashkiloti) maʼlumotlariga koʼra, Oʼzbekistonda 1 gektar ekin maydoniga oʼgʼit isteʼmoli 254,5 kg ni tashkil etadi. Bu dunyo boʼyicha oʼrtacha koʼrsatkichdan 74%, Yevropa va Markaziy Osiyo boʼyicha oʼrtacha koʼrsatkichdan 2,9 baravar yuqori.

Oʼgʼitlarni qancha koʼp qoʼllasangiz, shuncha yaxshi va yuqori hosil boʼladigandek tuyuladi. Biroq, mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʼra, qishloq xoʼjaligi ishlab chiqarishida ishlatiladigan azotli oʼgʼitlarning oʼrtacha olganda yarmidan kami oʼsimliklarning oʼsishiga hissa qoʼshadi, qolganlari esa faqat suv havzalarini ifloslantiradi.1

Soʼnggi 100 yil ichida suv, tuproq va havodagi antropogen azotli birikmalar miqdori ikki baravar oshdi. 2 Bu oʼsish asosan sintetik oʼgʼitlarning keng qoʼllanilishi bilan bogʼliq. Аzot yerdagi hayot uchun juda zarur, ammo uning ortiqcha miqdori xavfli. Chunki u ifloslantiruvchi hisoblanib, suv havzalarini, oʼsimliklarni, hayvonlarni va odamlarni zaharlaydi, kuchli issiqxona gazi–azot oksidi chiqarishi tufayli iqlim oʼzgarishiga taʼsir koʼrsatadi. Ekspertlar ortiqcha azotni bugungi kunda insoniyat duch kelayotgan eng jiddiy ifloslanish tahdidlaridan biri, deb atashadi.

Shunday qilib, oʼgʼitlarni qoʼllashga oziq-ovqat xavfsizligi uchun xavf tugʼdirmaydigan darajada tuzatish kiritish zarur. Oʼgʼitlarni eng samarali qoʼllash uchun oʼgʼitlarning oʼzlashtirilish samaradorligini oʼlchash, tuproqning holatini va uning kimyoviy tuzilishini muntazam kuzatib borish talab etiladi. Oʼgʼitlardan foydalanishda muvozanatni topish qishloq xoʼjaligi ishlab chiqarishining barqaror oʼsishini taʼminlaydi va shu bilan birga atrof-muhitni kelajak avlodlar uchun asraydi.

D.MАLPАSS"Аfrikadagi oziq-ovqat inqiroziga javoban oʼzgartirilgan oʼgʼitlar bozori zarur". Elektron resurs https://blogs.worldbank.org/voices/transformed-fertilizer-market-needed-response-food-crisis-africa (kirish sanasi 31.01.2022)

Oʼgʼitlar: muammolar va yechimlari / Elektron resurs https://www.unep.org/ru/novosti-i-istorii/istoriya/udobreniya-problemy-i-resheniya (kirish sanasi 31.01.2022)