Мақолалар ва тезислар 19 декабр 2023 7 daq 2893
Bolalarni ijtimoiy himoya qilishning nomonetar vositalari: maktablarda bepul tushlik

Bolalarni ijtimoiy himoya qilishning nomonetar vositalari: maktablarda bepul tushlik

Bolalarni ijtimoiy himoya qilishning nomonetar vositalari: maktablarda bepul tushlik
Мақолалар ва тезислар · 19 декабр 2023

 

“Maktablarda bepul tushlik” degan oddiy jumla ortida bolalar salomatligi, bilimli, jismonan va ma’nan sog‘lom kelajak avlodni shakllantirishning kaliti turibdi. Maktabda ovqatlanish bo‘yicha xorijiy mamlakatlarda olib borilgan  tadqiqotlar bepul tushlik dasturlari o‘quvchilar davomatini oshirishi, sog‘lom ovqatlanish ko‘nikmasini shakllantirishi, bolalar ta’limi va sog‘ligining yaxshilanishiga ijobiy ta’sir qilishini ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, ushbu dasturlar tadbirkorlik faolligini rag‘batlantirib, mahalliy qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish imkonini beradi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-2022 yillarda maktabda ovqatlanadigan bolalar soni dunyo miqyosida 7 foizga, daromadi o‘rtachadan past bo‘lgan mamlakatlarda esa 12 foizga oshgan. Bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab boshlang‘ich maktabga qatnaydigan bolalarning taxminan 41 foizi maktabda ovqatlanish dasturlaridan foydalanmoqda: ushbu ko‘rsatkich daromadi past mamlakatlarda 18 foizni, daromadi o‘rtachadan past bo‘lgan mamlakatlarda 39 foizni va daromadi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda 61 foizni tashkil etadi.

Shu bilan birga, Birlashgan Millatlar Tashkilotining oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) maktabda ovqatlanishni tashkillashtirishga sog‘lom ovqatlanish odatlarini targ‘ib qilishning samarali vositasi sifatida qaraydi. Maktablarda sog‘lom ovqatlanishni joriy etish, to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha ta’lim berish bolalar va oilalarning salomatlikka oid savodxonligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda ham mamlakatning kelajakdagi inson kapitali haqida o‘ylangan holda bolalarning ta’lim-tarbiyasi va salomatligini yaxshilash borasida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga oid Davlat dasturida mamlakatimizdagi barcha maktablarda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqatlantirishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. 2022-yildan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul tushlik bilan ta’minlash sinov tariqasida joriy etildi. Bu maqsad uchun har bir hududga davlat budjetidan 100 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

MHTI ekspertlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi 40 ta maktabda 4 mingdan ortiq 1-4 sinf o‘quvchilari, ularning ota-onalari va o‘qituvchilari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi. Aniqlanishicha, 2022-2023 yillarda mazkur hududlarda maktablarda bepul ovqatlanish dasturining amalga oshirilishi “qoniqarli” deb topilgan.

Bundan tashqari MHTI tomonidan Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan O‘zbekistonda bolalar farovonligi indeksini baholashga qartilgan loyiha doirasida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. Unda respublikaning barcha hududlaridan 2000 dan ortiq uy xo‘jaligi va 3000 dan ortiq bola ishtirok etdi. So‘rov maktablarda ovqatlanish dasturining bolalar davomati bilan bog‘liqligini aniqlash imkonini berdi.

Maktablarda bepul ovqatlanish boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining davomatiga qanday ta’sir qilishini baholash uchun “Propensity score matching” (PSM) modelidan foydalanildi. Ushbu model tajriba tariqasida bepul tushlik dasturi qo‘llanilayotgan hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati) va nazorat hududlarida (respublikaning boshqa 12 ta hududlari) taqqoslash uchun bir-biriga o‘xshash xususiyatlarga ega uy xo‘jaliklarini aniqlab beradi. Ushbu ikki guruhdagi maktablarda davomat darajasi t-test bo‘yicha taqqoslanganda bepul tushlik maktabga qatnash darajasini 8 foizga oshirishi aniqlandi.

Bundan tashqari, uy sharoitida muntazam ravishda nonushta qilish va vitaminlar, makro va mikroelementlarga boy oziq-ovqatlar, sabzavot va mevalarni iste’mol qilish kabi sog‘lom ovqatlanish odati nafaqat bolalar salomatligini yaxshilashi, balki maktabda darslarni yaxshiroq o‘zlashtirish uchun ham xizmat qilishi ma’lum.

MHTI mutaxassislari boshqa mamlakatlar va O‘zbekistonning sinov hududlari (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati) tajribasini o‘rganib, quyidagilarni tavsiya qiladi:

  • boshlang‘ich sinflar uchun maktablarda bepul ovqatlanish ratsionini har bir hududning turmush sharoitidan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish lozim;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi bolalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, bolalarning 77 foizi har kuni yong‘oq, uzum, quritilgan o‘rik, sabzavot va mevalarni iste’mol qiladi (Respublikaning boshqa hududlarida 88 foiz). Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida bolalarning 61 foizi har kuni go‘sht iste’mol qiladi, boshqa viloyatlarda esa bu ko‘rsatkich 73 foizga teng.

  • umumiy boshlang‘ich ta’lim maktablardagi bolalarni (1-4 sinf o‘quvchilarni) kuniga kamida bir marta bepul issiq ovqat bilan ta’minlash uchun har bir maktabda oshxona tashkil etilishi kerak;

Xorazm viloyatidagi maktablarning 75 foizi, Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi maktablarining 53 foizida maktab oshxonasi yoki bufeti bor.

Rossiyada umumiy boshlang‘ich ta’lim (1-4-sinflar) maktab dasturlari bo‘yicha ta’lim olayotgan barcha o‘quvchilarga kuniga kamida bir marta bepul issiq yegulik: issiq ovqat va issiq ichimlik berialadi.

  • taomlar kaloriyasi, tarkibi va og‘irligi bo‘yicha standartlarga javob berishi kerak. Ratsionda makro-mikroelementlar, vitaminlar, sellyulozaga boy va biologik faol moddalar bilan boyitilgan oziq-ovqatlar, shuningdek, cheklangan miqdordagi yog‘, shakar va tuz bo‘lgan ovqatlar bo‘lishi kerak;

Rossiyada maktab oziq-ovqat mahsulotlari va taomlari assortimenti xilma-xil bo‘lib, don va tvorogdan tayyorlangan ovqatlar, go‘sht yoki baliq, sut mahsulotlari (shu jumladan pishloq, sariyog‘), tuxumli oziq-ovqatlar, sabzavotlar (yangi, qovurilgan, qaynatilgan), makaron kabi mahsulotlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, makro-mikroelementlar, vitaminlar, sellyulozaga boy va biologik faol moddalar bilan boyitilgan mahsulotlar, shuningdek, cheklangan miqdordagi yog‘, shakar va tuz bo‘lgan ovqatlardan (har bir taom uchun ovqatga qo‘shiladigan tuz miqdori har bolaga 1 grammdan oshmasligi lozim) foydalanish ko‘zda tutilgan.

  • sut va sut mahsulotlarini maktabda ovqatlanish ratsioniga kiritish natijasida kamida uch yil davomida har bir bolaning bo‘yi va vazni oshadi, kasallikka chalinish darajasi va moddlalar almashinuvi buzilishi bilan bog‘liq kasalliklar kamayadi;

Xitoyda bolalarning bo‘yi “Maktab suti” dasturi tufayli tez o‘sa boshladi. Xitoyda bu dastur 2000-yilda boshlangan va 13 yil ichida aholi jon boshiga sut mahsulotlari iste’moli yiliga 6,7 kg dan 23,9 kg gacha oshgan. Uch yil davomida maktab sutini olgan har bir bolaning bo‘yi o‘rtacha 1,2 sm va vazni 0,6 kg ga oshgan.

“Maktab suti” tufayli rossiyalik bolalar kamroq kasal bo‘la boshladi. Bolalarda tayanch-harakat tizimi, endokrin tizim va metabolik kasalliklar bilan kasallanish holatlari kamaydi.

  • maktabda ovqatlanish dasturi bolalarga mikroelementlar va vitaminlar bilan boyitilgan ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini taqdim etgan holda mahalliy qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirishi lozim;

Qozog‘istonda maktablarda bepul issiq ovqat dasturi doirasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash hamda umumiy ovqatlanish tarmoqlariga katta investitsiyalar jalb etilayapti, fermerlik, qayta ishlash sanoati, logistika va boshqa sohalar rivojlanayapti, yuz minglab ish o‘rinlari yaratilmoqda.

  • maktablarda bepul ovqatlanish sifatini baholashning (bolalar va ularning ota-onalaridan so‘rov o‘tkazish imkoniyatiga ega) onlayn elektron platformasini yaratish zarur, bu esa jamoatchilik nazoratini kuchaytiradi va muntazam monitoring olib borish imkoniyatini beradi;

Shvetsiyada mahalliy hokimiyat organlari, jamoatchilik va maktab ma’muriyati bepul ovqatlanish sifatini baholash uchun “SkolmatSverig” deb nomlangan onlayn platformadan foydalanadi. Platformada ovqatlanish sifatini baholash ko‘rsatkichlari mavjud bo‘lib, har qanday fuqaro yoki tashkilot maktabdagi tushlik sifatining tavsiya etilgan me’yorlarga muvofiqligini tekshirish, uning sifatini oshirish bo‘yicha takliflar kiritish, bolalar va ularning ota-onalari o‘rtasida so‘rov tashkil etish imkoniyatiga ega.

  • O‘zbekistonda maktablarda bepul ovqatlanish qamrovini kengaytirish va dasturni moliyalashtirish uchun donorlar, ham milliy xususiy sektor, ham xalqaro tashkilotlar jalb etilishi mumkin.

 Birlashgan Millatlar Tashkiloti Butunjahon oziq-ovqat dasturi (WFP)ning vazifasi barcha bolalarning maktabda ovqatlanishi va sog‘lom turmush tarziga ega bo‘lishini ta’minlash va ularning o‘qishga qiziqishini oshirish uchun butun dunyo hukumatlarini qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Shunday qilib, maktabda ovqatlanish siyosatini joriy qilgan mamlakatlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Bugungi kunda dunyoda mamlakatlarining 87 foizdan ortig‘i maktabda ovqatlanish dasturlarini bolalar uchun nafaqat ta’lim sifatini oshirish, balki sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash uchun ham qo‘llamoqda. O‘zbekiston ham bolalar va kelajak avlodlarni ijtimoiy himoya qilish hamda farovonligini oshirishga qaratilgan ushbu ilg‘or vositadan foydalanishni maqsad qilgan.

 

Dildora Karimova,
i.f.d., MHTI loyiha rahbari

Diydor Berdiklichev,
MHTI katta ilmiy xodimi