Мақолалар ва тезислар 19 сентябр 2023 3 daq 1148
“Yashil” biznes mahsulotlari, xizmatlari va mutaxassislarga bo'lgan ehtiyoj qanday?

“Yashil” biznes mahsulotlari, xizmatlari va mutaxassislarga bo'lgan ehtiyoj qanday?

“Yashil” biznes mahsulotlari, xizmatlari va mutaxassislarga bo'lgan ehtiyoj qanday?
Мақолалар ва тезислар · 19 сентябр 2023

 

Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyotga oʻtishi boʻyicha bir qator strategik chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Yashil” biznesni rivojlantirish yoʻllarini toʻgʻri aniqlash uchun “yashil” mahsulotlar, xizmatlar hamda mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni bilish muhim.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan “yashil” biznes mahsulotlari, xizmatlari va mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojini oʻrganish maqsadida soʻrov oʻtkazildi. Unda 720 kishi (respondent) ishtirok etdi. Ishtirok etganlarning qariyb 60 foizi mamalakatimizda amalga oshirilayotgan “yashil” iqtisodiyotga oʻtish strategiyasidan habardor ekanligini bildirgan.

Oʻzbekistonda “yashil” iqtisodiyot uchun qaysi sohalar muhim, degan savolga soʻrovda qatnashganlarning 18,4 foizi chiqindilarni qayta ishlash, deb javob bergan. Respondentlarning 16,9 foizi “yashil” qurilish, 8,2 foizi ekologik turizmni eng muhim sohalar sifatida qayd etgan.

Respondentlarning 17,3 foizi bugungi kunda qayta tiklanadigan energiya manbalari boʻyicha mutaxassislarga, 15,4 foizi chiqindilarni qayta ishlash boʻyicha mutaxassislarga, 10,7 foizi shahar maydonini rejalashtiruvchi mutaxassislarga va energiya tejamkor uylarning arxitektorlariga talab nisbatan yuqori ekanligini eʼtirof etgan.

Qaysi “yashil” mahsulotlarga talab yuqori, degan savolga respondentlarning 16,2 foizi tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari, 15,0 foizi “yashil” texnologiyalar, 13,7 foizi ishlab chiqarishda atrof-muhitga kamroq taʼsir koʻrsatadigan mahsulotlar, 10,8 foizi toʻqimachilik mahsulotlari, 10,3 foizi tabiiy materialdan tayyorlangan mahsulotlarga, deya javob bergan.

Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining aksariyatini ekologik toza, organik mahsulot deyish mumkin. Soʻrov natijalari aholi orasida bunday mahsulotlarga talab, boshqa mahsulotlarga nisbatan 2,2 barobar yuqori ekanligini koʻrsatdi.

Soʻrov natijalariga koʻra “yashil” mahsulotlar, xizmatlar va mutaxassisliklar boʻyicha tashviqot ishlari yetarlicha yoʻlga qoʻyilmaganligi hamda ekomahsulotlar, ekoxizmatlar va ekomutaxassislarga boʻlgan talab nisbatan past darajada ekanligi kuzatildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda quyidagi takliflarni bildirish mumkin:

1. Mamlakatimiz sharoitida ekologik toza mahsulotlarni yetishtirish uchun barcha tabiiy sharoitlar mavjud. Bunday sifatli mahsulotlar eksporti hajmini keskin oshirish zaruratini inobatga olib, bu boradagi qonun, qonunosti hujjatlari, standartlash, markirovka masalalarini hal etish maqsadga muvofiq.

2. “Yashil” xaridorlarni yoʻqotmaslik uchun “yashil” tovarlarni ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar maʼlum bir reklama strategiyasiga rioya qilishi kerak.

Ushbu strategiyada quyidagi asosiy yondashuvlar eʼtiborga olinadi:

- isteʼmolchilarning yashil mahsulotlar mavjudligi toʻgʻrisida xabardorligini oshirish;

- isteʼmolchilarni ushbu mahsulotlarning ekologik va ijtimoiy barqarorlik jihatlari haqida doimiy ravishda xabardor qilish;

- umumiy ommaviy javonlarda “yashil” mahsulotlarni ajratib koʻrsatish va doʻkonda mijozlar bilan ishlash.

3. Isteʼmolchilarning “yashil” tovarlarga boʻlgan isteʼmol talabini ularni sotishdan real foydaga aylantirish tavsiya etiladi va quyidagi choralar koʻrilishi maqsadga muvofiq:

- korxonaning “yashil” tovarlarni ishlab chiqarishda olishi mumkin boʻlgan narx mukofotini belgilash va maqsadli xaridorlarni aniqlash;

- ishlab chiqarilgan “yashil” tovarlarni joylashtirishning umumiy strategiyasini ishlab chiqish;

- integratsiyalashgan marketing strategiyasi va aloqa rejasini tayyorlash;

- taʼminot zanjiri boʻylab barqarorlikni taʼminlash tizimini shakllantirish.

“Yashil” tovarlarni ishlab chiqarish deyarli barcha toifalarni, jumladan, oziq-ovqat, dori-darmon va gigiyena vositalari, yogʻoch va qogʻoz, mebel, qurilish materiallari, maishiy elektr jihozlari va boshqalarni qamrab oladi. Shu sababli tadbirkorlar va savdo tashkilotlarining “yashil” tovarlarni ishlab chiqarish va sotishda ilgʻor tajribalarini keng targʻib qilish lozim.

 

B.Abdullayev,
MHTI loyiha rahbari