Мақолалар ва тезислар 3 август 2023 9 daq 1688
Kir yuvishda o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish: ayollarning qimmatli vaqtini tejashda yordam

Kir yuvishda o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish: ayollarning qimmatli vaqtini tejashda yordam

Kir yuvishda o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish: ayollarning qimmatli vaqtini tejashda yordam
Мақолалар ва тезислар · 3 август 2023

 

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari mamlakatimiz hududlarida o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatiluvchi kirxonalarni  tashkil etish bilan bog‘liq masalani o‘rganib chiqdi.

Bugungi jamiyatda ayollarning roli tobora ortib borayapti. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti xotin-qizlarning mavqei jamoatchilik faoliyati va bo‘lg‘usi avlodlarni tarbiyalash, biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishda harakatlantiruvchi dastak sifatida ortishida o‘z aksini topayapti.

Ma'lumot uchun: Statistika agentligi ma'lumotlariga ko'ra, mamlakat aholisining 49,6 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Aholi bandligi borasida ham ayollarning roli sezilarli, ya’ni 41,3 foiz, jumladan, umumta'lim maktablari o'qituvchilari tarkibida ularning ulushi 48,7 foizni[1] tashkil etadi . Shu bilan birga, bugungi kunda uy xo'jaligida ham ayollar bandligi ortib bormoqda. Bu mamlakatimizning milliy o‘ziga xos jihati bilan bog'liq: bir tomondan, ko'p bolali oilalar (taxminan 621 mingta ko'p bolali oila bor) va boshqa tomondan, uy xo'jaligida bandlik.

Xotin-qizlarning sa’y-harakatlari va tadbirkorlikdagi faolligi ortishi tufayli O'zbekiston 2022-yilda Xotin-qizlar, biznes va huquq bo'yicha Jahon indeksida (The Women, Business and The Law Index, World Bank[2]) 70,6 ball (100 balli shkala bo'yicha ) oldi (2019-yilda 64,4 ball). Dunyoda mamlakat reyting ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi (2019-yilda 142-o'rindan 2022-yilda 135-o'ringa ko‘tarilishi) ayollarning teng huquqlarga erishishi borasidagi ijobiy tendensiydan darak beradi.

Ayollar, jumladan, qishloq joylarda yashovchi ayollarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash masalasining dolzarbligini inobatga olgan holda, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatiluvchi kirxonalarni tashkil etish kabi noan’anaviy xizmatlarning tashkil etilishi tobora ko‘proq qiziqish uyg‘otmoqa.

Ma'lumot uchun: o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatiluvchi kirxonalarni tashkil etish bilan bog‘liq masalani o‘rganish maqsadida 2023-yilning iyun oyida onlayn so'rov (18 ta savoldan iborat bo'lgan anketa shaklida) o'tkazildi va unda 1047 nafar respondent (52,6 foizi ayollar, 47,4 foizi erkaklar) ishtirok etdi. Tadqiqot Qoraqalpog'iston Respublikasi, 12 ta viloyat va Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 18 yoshdan oshgan shahar va qishloq fuqarolari uchun mo‘ljallangandi.

1. Uy xo'jaliklarining bugungi holati va turmush sharoiti

  • So'rov natijalariga ko'ra, aholining kir yuvish mashinalaridan foydalanish darajasi o'rtacha 69,3 foizni tashkil qiladi. Shu bilan birga, respondentlarning yashash joyi bo‘yicha bu ko'rsatkich bir-biridan farq qiladi va qishloqlarda 49,5 foizni, shahar atrofida 69,2 foizni, shaharlarda esa 82,3 foizni tashkil etadi. Bu holat qulaylik darajasi va aholi daromadlari, shahar infratuzilmalaridan foydalanish imkoniyati bilan bog'liq.

Shaharlarda kir yuvish mashinalaridan foydalanuvchi respondentlar orasida kir yuvish mashinalarining eski va avtomatlashtirilgan modellari nisbati 1:4 ni, qishloqlarda 1:1 ni tashkil etadi, ya'ni, shahar sharoitida eski maishiy texnika modelining har bir foydalanuvchisiga 4 ta avtomatik mashina foydalanuvchisi to'g'ri keladi. Qishloqlarda kir yuvish mashinalarining eski modellariga talab hali ham saqlanib qolmoqda. Bu birinchi navbatda mahalliy sharoitning yangi avlod maishiy texnikasidan foydalanish talablariga mos kelmasligi bilan bog'liq.

Hech kimga sir emaski, zamonaviy kundalik hayotda kir yuvish mashinalarining mavjudligi boshqa maishiy texnikalar singari aholining turmush tarzini sezilarli darajada yengillashtiradi. Shu bilan birga, “Siz kirni odatda qanday yuvasiz?” degan savolga javob berishda respondentlarning 30,7 foizi kir yuvish mashinasi yo'qligini qaid etgan va qo'lda kir yuvish usulini belgilagan. Ushbu muammo aholi asosan hovlilarda yashaydigan qishloq joylarida yanada aniq namoyon bo‘ladi (respondentlarning 50,5 foizi qo'lda kir yuvadi).

  • Kir yuvish intensivligi bo'yicha respondentlarning aksariyati (48,6 foizi) haftasiga 2 marotaba kir yuvishni maqul ko'rishini bildirgan. Bu gigiyena talablari va shartlariga to'liq mos keladi. Shu bilan birga, qishloq aholisi orasida bu ko'rsatkich 45,6 foizni, shaharlarda 51,2 foizni tashkil qiladi. Respondentlarning qariyb 22,8 foizi haftasiga bir marotaba kir yuvishini ma’lum qilgan. Qishloqda yashovchilardan farqli o'laroq, har kuni kir yuvish shahar aholisi uchun xos jihatdir. So‘rovda ishtirok etgan sharliklarning 29,3 foizi har kuni kir yuvishini bildirgan.

Ma'lumot uchun: shifokorlarning fikriga ko'ra, choyshabni haftada bir marta yuvish lozim. Kir yuvishga e'tiborsiz bo‘lgan odamlar orasida ko‘ksov, akne, allergiya yoki teri kasalliklariga chalinish xavfi yuqori bo‘ladi[3].

  • Uy sharoitida kir yuvish intensivligi, umuman olganda, bolalarni cho'miltirish intensivligi bilan o‘zaro bog‘liq. Aholining asosiy qismi bolalarni haftasiga 2 marotaba yuvintirishga harakat qiladi. “Farzandingizni tez-tez yuvintirasizmi?” degan savolga so'rovda qatnashganlarning 60 foizi (bolalari bo'lmagan respondentlarni hisobga olmaganda) “haftasiga 2 marotaba” deb javob bergan: shaharlarda 62,1 foiz, qishloqlarda 60,3 foiz.  Shu bilan birga, qishloqlarda bolalarning har 2 haftada bir marta (28,3 foiz, barcha respondentlarning so'rovi natijalariga ko‘ra o'rtacha 18,6 foiz), shaharlarda esa har kuni (29,2 foiz, o'rtacha ko'rsatkich 21,3 foiz)cho‘miltirilishi turar joylardagi qulayliklar, infratuzilma ta'minoti, shuningdek, oilalarning ko'p bolali ekani bilan bog'liq.

  • Kir yuvish davomiyligi bo'yicha aholi har bir sikl uchun o'rtacha 1-1,5 soat vaqt sarflaydi. “Bir marotaba kir yuvish uchun qancha vaqt sarflaysiz?” degan savolga respondentlarning 65,2 foizi 1-2 soat (shu jumladan 40,8 foizi 1 soat, 24,4 foizi 2 soat), 21,8 foizi 30 daqiqa, 13 foizi 3 soat va undan ko'proq vaqtni qayd etgan. Davomiylik, aksariyat holatda, kir yuvish usuli bilan bog'liq: agar avtomatik kir yuvish mashinalardan foydalanadigan aholi asosan 1 soatgacha vaqt sarflasa (avtomatlashtirilgan kir yuvish mashinalariga ega respondentlarning 75,3foizi), qo'lda kir yuvish bu jarayonni 2-3 soat yoki undan ham ko'proq vaqtga kechiktiradi (66,9 foiz).

2. Aholining infratuzilma sharoitlari

  • Kir yuvish va bolalarni cho'miltirish jarayonida ayollar mehnatini yengillashtiradigan uy sharoitlari mamlakat aholisi orasida bir xil emas. “Uyingizda kir yuvish va bolalarni cho'miltirish uchun sharoitni baholang” degan savolga respondentlarning 39,4 foizi, shu jumladan shaharda yashovchilarning 13,6 foizi, shahar atrofida yashovchilarning 9,4 foizi, qishloq joylarda yashovchilarning 16,5 foizi ”qoniqarsiz”, deb baholagan.

  • Sifatli energiya ta'minotidagi bo'shliqlar: respondentning 46 foizi qoniqarli baho bergan, shaharlarda bu ko'rsatkich 59,1 foizni, qishloqlarda esa 33,1 foizni tashkil etadi. Respondentlarning 54,0 foizi elektr energiyasidan foydalanish uzilishlar bo‘lishini qayd etgan. Ularning 17,5 foizi buni past bosim va tez-tez ro‘y beruvchi uzilishlar - kuniga 1-2 marta (9,0 foiz), kuniga 2 martadan ko'proq (3,9 foiz), haftasiga 1-2 marta (23,6 foiz) bilan bog‘lagan.

  • Suv ta'minotidan foydalanishning cheklanganligi: respondentlarning 23 foizi suv quvuridan to'g'ridan-to'g'ri foydalanish  imkoniga ega emasligini (xususan, 12,6 foizi ko'cha yoki qo'shnilarining suv quvuridan, 4,3 foizi uydan tashqaridagi quduqdan, 6,1 foizi tashib keltiriladigan suvdan foydalanishini) ta’kidlagan. Shu bilan birga, bu ko'rsatkich shaharlarda (10,0 foiz) pastroq, biroq shahar atrofi (31,9 foiz) va qishloqlarda (37,3 foiz) ancha yuqori.

  • Oqova suv tarmoqlarining rivojlanmagani va kanalizatsiyaning yo‘qligi: respondentlarning 2/3 qismigina markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulanganligini, 40 foizi maxsus chuqurlardan foydalanishini ma’lum qilgan. So'rovda qatnashganlarning 23,6 foizi kanalizatsiya tizimlarining yo'qligi to'g'risida o'z fikrini bildirgan va bu ko'rsatkich shaharlarda 11,6 foizni, shahar atrofida 18,4 foizni, qishloqlarda 45,2 foizni tashkil etadi hamda bir-biridan ancha farqlanadi.

  • Ko'pqavatli uylarda uy-joyga bo‘lgan talabning yuqoriligi va yashash maydonining cheklanganligi: MHTI tomonidan aholining uy-joy bo'lgan ehtiyojni baholash bo'yicha o‘tkazilgan so'rov natijalariga ko'ra (https://imrs.uz/publications/articles-and-abstracts/housing_needs), respondentlarning 83 foizi uy - joy sotib olishga ehtiyoj borligini, shu jumladan 79,7 foizi tegishli yordam talab etilishini ta'kidlagan.

3. Ijtimoiy ahamiyati va aholining umidlari

Xalqaro amaliyot, shuningdek, kommunal infratuzilma obyektlaridan foydalanishdagi cheklovlarni inobatga olgan holda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatiluvchi kirxonalarni tashkil etish tashabbusi jamoatchilik muhokamasi uchun taklif etiladi.

Ma'lumot uchun: o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatiluvchi kirxonalarni tashkil etish tashabbusi bu kir yuvish bilan bog‘liq butun bir jarayonni, ya’ni quritib, dazmol qilishgacha, odamlarning o‘zlari mustaqil ravishda bajarishini anglatadi. Uy-joy maydoni cheklangan, kommunal xizmatlar narxi yuqori, vaqt qadrlanadigan sharoitda mazkur amaliyot Yaponiya, Yevropa mamlakatlari va AQShda keng tarqalgan.

O'zbekistonda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatiluvchi kirxonalarning tashkil etilishidagi eng asosiy sabab bu suv, energetika va boshqa resurslardan foydalanishnining cheklanganligi, shuningdek, ayollarning uy yumushlari bilan nihoyatda band ekanligidir.

  • Respondentning 65,3 foizi o‘z-o‘ziga xizmat ko'rsatiluvchi kirxonalarni tashkil etish tashabbusini qo'llab-quvvatladi. Hammom bilan bir joyda bo‘lgan kirxonalarning tashkil etilishi davlat xizmatchilari (42,3 foiz), talabalar (25,0 foiz), uy bekalari va bola parvarishida band ayollar (13,9 foiz), tadbirkorlar (9,5 foiz), vaqtincha ishsizlar (6,0 foiz) orasida katta qiziqish uyg'otdi.

Ma'lumot uchun: Jahon amaliyotiga ko‘ra, uy bekalari, talabalar, pensionerlar, xorijlik mehmonlar va sayohatchilar bunday kirxonalarning asosiy iste'molchilaridir. Buni hisobga olgan holda, o'z-o'ziga xizmat ko'rsatiladigan kirxonalarni aholi zich joylashgan ijtimoiy xizmat ko'rsatish markazlari, universitet yaqinidagi talabalar shaharchalari, sayyohlik zonalariga joylashtirish tavsiya etiladi.

  • Aholi bunday xizmat turlarining yo‘lga qo‘yilishida quyidagi ijobiy jihatlarni ko'radi: gigiena va tozalik darajasining oshishi (respondentlarning 26,1 foizi tashabbusga ijobiy javob bergan), vaqtni tejash imkoniyati (22,3 foiz), kir yuvish va quritishni bir vaqtning o'zida birlashtirish imkoniyati (17,0 foiz).

  • Shu bilan birga, aholining sanitariya-gigiyena talablariga yetarlicha rioya qilinmasa, kir yuvish xonalarida sanitariya holatining buzilishi mumkinligi yuzasidan xavotirlari o‘rinli. Respondentlarning atigi 1 foizi ushbu salbiy omil haqida fikr bildirganiga qaramay, sanitariya sharoitini saqlash kir yuvishda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatishni tashkil etishga oid tashabbusning muhim bo'g'inidir.

4. O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatiluvchi kirxonalarni tashkil etish yuzasidan takliflar

  • Aholi zichligi va hududning infratuzilmaviy ta’minoti omillarini hisobga olgan holda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatiladigan kir yuvish obyektlarini tashkil etish bo‘yicha tajriba loyihalarni ishlab chiqish. Shu munosabat bilan ushbu xizmat turini turar joy majmualarida, talabalar shaharchalarida, shuningdek, olis mahallalarda (aholi punktlarini qamrab olish radiusi 15 km dan oshmaydigan 2-3 ta mahallada) targ'ib qilish taklif etiladi.

Ma'lumot uchun: AQShda deyarli har bir turar joy majmuasi, talabalar shaharchsi, va e’tiborli mavzeda pastki qavatda yoki binoning yerto‘la qismida joylashgan o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatiluvchi kirxonalar mavjud. Kir yuvish vositalari yordamida 7 kilogramm kirni yuvish va quritish taxminan 3-4 dollarga tushadi.

Hozirgi vaqtda mamlakatda 40 mingga yaqin landromatlar[4] faoliyat ko'rsatmoqda. Ularning har biri 7 ming kishiga xizmat ko'rsata oladi. AQSh aholisining deyarli 10 foizi kir yuvish xizmatlaridan foydalanadi.

  • O‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatiluvchi kirxonalarni tashkil qilish nafaqat vaqtni tejashga imkon beradi (oyiga o'rtacha 10-24 soatgacha), balki katta hajmdagi mahsulotlarni (adyol, choyshab, pardalar) tozalashni osonlashtiradi. Shu bilan birga, kir yuvish mashinalarining hajmi (maishiy kir yuvish mashinalarinikidan ikki baravar ko'p) va ularning to'liq yuklanishi tufayli tejamkorlikka erishiladi.

Ma'lumot uchun: hisob-kitoblar shuni ko'rsatadiki, aholi kundalik kiyimlarini uyda yuvish uchun haftasiga o'rtacha 3,5-4 soat (eng ko‘pi bilan 16 soat) vaqt sarflaydi. Bundan tashqari, avtomatik mashinalarga ega bo'lgan aholi kirlarni yig'maslikka va tez-tez yuvishga harakat qiladi. Shu bilan birga, qo'lda kir yuvilganda kamroq va katta hajmda (faqat bitta yuvish jarayoni, quritish va dazmollashni hisobga olmaganda, haftasiga o'rtacha 5 soat va undan ko'proq davom etadi) amalga oshiriladi.

Jahon tajribasi shuni ko'rsatadiki, landromatda yuvish, quritish va dazmollash jarayoni o'rtacha 1-2 soat davom etadi[5]. Har yuvishdan keyin maxsus mashinalar dezinfeksiya qilinadi.

  • O'z-o'ziga xizmat ko'rsatiladigan kirxonalarni energiya bilan ta'minlash uchun taxminan 200 MVt quvvatga ega monokristalli quyosh panellarini o'rnatish taklif etiladi. Bunda asosan uskunalar, xonalarni yoritish va suvni isitish uchun foydalanish ko‘zda tutilmoqda.

  • Suv bilan ta'minlash masalasi artezian quduqlarini qazish va o'rtacha 5-10 kub/m sig‘imga ega maxsus konteynerlarni o'rnatish orqali hal qilinishi mumkin. Ulardan uzoq muddat ishonchli foydalansa bo‘ladi. Bu esa o'z navbatida yil davomida sub bilan barqaror ta'minlash imkonini beradi.

  • Kanalizatsiya va oqova suvlarni chiqarish markazlashmagan qattiq qoplamali kanalizatsiya orqali ta'minlanadi. Oqova suvlarni tozalash va utilizatsiya qilish uchun samarali vosita sifatida aholi va atrof-muhit uchun mutlaqo xavfsiz, shuningdek, foydalanish uchun qulay bo'lgan avtonom tozalash inshootlarini (septik tanklar) o'rnatish tavsiya etiladi.

  • Multiplikativ effekt hisobiga tegishli infratuzilmaga ega mitti-kutubxona (kuzatuv kameralari, Wi-Fi), hammom kabi qo'shimcha xizmat turlari ham yo‘lga qo‘yiladi.

 

M. Jamolov,
MHTI katta ilmiy xodimi

M. Hamroqulov,
MHTI katta ilmiy xodimi

S. Bekmurodov,
MHTI katta ilmiy xodimi

M. Matchanov,
MHTI katta ilmiy xodimi

 


[1] https://gender.stat.uz/ru/
[2] https://wbl.worldbank.org/en/wbl-data
[3] https://aif.by/dontknows/kak_chasto_sleduet_stirat_postelnoe_bele
[4] Landromat – professional kir yuvish va quritish uskunalari bilan avtomatlashtirilgan pullik xizmat, bunda kiyimlarni yuvish va quritish o'z-o'ziga xizmat ko'rsatish tamoyiliga muvofiq amalga oshiriladi. https://tengrinews.kz/healthy/landromat-eto-takoe-mojno-sekonomit-kvitantsiyah-himchistke-501193/
[5] https://mylaundry.ru/faq.html#/faq1