Мақолалар ва тезислар 13 май 2023 7 daq 2694
Mavsumga ko'ra kiyinish – CO2 ni kamaytirish omili sifatida

Mavsumga ko'ra kiyinish – CO2 ni kamaytirish omili sifatida

Mavsumga ko'ra kiyinish – CO2 ni kamaytirish omili sifatida
Мақолалар ва тезислар · 13 май 2023

Libosingiz atmosferaga ajralib chiquvchi karbon dioksidi miqdoriga qanday ta'sir qilishi haqida o'ylab ko'rganmisiz?

So'nggi yillarda bino ichida qulay haroratni shakllantirish hamda energiya iste'moli o'rtasidagi bog'liqlikni aniqlash uchun bir qator tadqiqotlar olib borilgan. Xususan, libos dizayni va kundalik kiyinish uslubining xona haroratini mo’tadil saqlash uchun konditsionerga bo'lgan talab bilan bog'liqligi o’rganilgan.

Jumladan, Janubiy Koreya Atrof-muhit vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, konditsionerda o’rnatilgan haroratni (sovutish rejimida) Selsiy bo'yicha bir darajaga oshirish iste'mol qilinadigan elektr energiyasining 7 foizini tejaydi, yengil kiyim kiyish esa xonadagi ideal yuqori harorat chegarasini ikki darajaga oshiradi. [1]

Oʻzbekistonda miqyosida 2020-yil ma'lumotlari tahlili shuni koʻrsatdiki, binolardagi konditsionerlar haroratini 2 darajaga pasaytirish 293 million kVt-soat elektr energiyasini tejash va issiqxona gazlari ajralishini 155,8 ming tonnaga kamaytirish imkonini beradi.

Ilmiy nazariya

Ofisdagi harorat xodimlarning mehnat unumdorligi va farovonligiga ta'sir qilishi ilmiy jihatdan isbotlangan - noqulaylik sharoitda, ular uchun maksimal samaradorlik bilan ishlash qiyin.[2]

Ideal harorat oralig'i 23,5°C dan (kostyumdagi ishchi uchun) 29°C gacha (yozgi kiyimdagi kishi uchun) tashkil qiladi. O'rtacha 26°C harorat turli uslubda kiyingan kishilar uchun maqbul bo'lsada, ko'p hollarda termostat ko'rsatkichi eng quyi chegaraga o'rnatiladi. Buning natijasida esa, ishchilarning katta qismi hatto yilning jazirama kunlarida ham ko'p qavatli kiyim kiyishadi. Mazkur "o'ta kuchli sovutish" hodisasi samaradorlikka va atrof-muhitga zarar yetkazadi. 

Amerika isitish va sovutish tizimi muhandislari jamiyati tomonidan nashr etilgan ASHRAE 55 standartida[3] kishilarning qulay va samarali faoliyat ko'rsatishi uchun ideal harorat chegaralari belgilagan. Standart harorat, namlik, havo aylanishi, odamlarning faollik darajasi natijasidagi metabolizm tezligi va kiyimning issiqlik izolatsiyasi ("clo" bilan o'lchanadi, inglizchadan tarjima qilinganda- "kiyim") kabi ko'plab omillarni hisobga oladi. Kiyim qatlami qanchalik ko'p bo'lsa, shunchalik yuqori “clo” belgilanadi. Qishki liboslar 1,0 yoki undan yuqori “clo”, yozgi kiyimlar esa 0,5 “clo” darajadan past bo'lishi mumkin.  Mavsumdan qat'iy nazar, kostyumlar yuqori issiqlik izolyatsiyasini ta'minlaydi va 0,95-1,0 “clo” deb belgilangan. Jumladan:

  • 0,66 “clo” – poyafzal, shim, uzun yengli ko'ylak: 24 – 27°С;

  • 1,02 “clo” – poyafzal, shim, futbolka, nimcha, kostyum: 21 – 25°С.

Boshqacha qilib aytganda, kostyumdagi xodim o’zini 25°C dan past haroratda qulay his qilsa, ko'ylakdagi xodim uchun esa 27°C ham yetarli. Ta'kidlash joizki, amalda konditsionerda o'rnatilgan harorat odatda standartning yuqori chegarasidan past bo'ladi. Ya'ni, havo harorati 22°C bo'lgan ofisda kishilar ko'p qatlamli kiyim kiygan holda o'zlarini qulay his qiladilar. Biroq, qulay yozgi kiyim kiyish ideal harorat chegarasini bir necha darajaga ko'taradi.   

Muammo

Kostyum madaniyati nafaqat xodimlarning unumdorligi uchun, balkim barqaror rivojlanish maqsadlariga ham to'g'ridan-to'g'ri salbiy ta'sirga ega. Kompaniyalar xonalarni ideal haroratda ushlab turish uchun zarur bo'lganidan ko'ra ko'proq energiya sarflaydi va elektr energiyasi uchun ko'proq xarajat qiladilar. Agarda korxona-tashkilotlarda mavsumga muvofiq kiyim standartlari joriy qilinsa (yozda yengil kiyim), iste'mol sezilarli darajada kamayishi mumkin.

Ko'plab tadqiqotlar ofislarni o'ta kuchli darajada sovutishning zararini tasdiqlasa-da, kishilar orasida o'rmatilgan havo harorati, qulay issiqlik darajasi va energiya iste'moli o'rtasidagi bog'liqlikni yetarli darajada tushunilmaydi.[4] Yana bir jihat - bu rasmiy sektorlarda kishilardan professional kiyimda bo'lish kutiladi. Shuningdek, davlat idoralari va tashkilotlarning o'rnatilgan ichki me'yorlarida kostyum va bo'yinbog' kiyish talablari ham belgilangan.

Fakt va hisob-kitoblar

Xalqaro energiya agentligi ma'lumotlariga ko'ra, binolarni sovutish global elektr energiyasi iste'molining 10% (2000 TVt-soat) va yillik issiqxona gazlari ajralishining deyarli
4 foizini (1,950 million tonna) tashkil qiladi. [5]

Kelajakda iqlimning isishi va rivojlanayotgan mamlakatlarda farovonlikning darajasini ko’tarilayotgani hisobga olinsa, bu ko'rsatkich yanada ortishi kutilmoqda. 2050 yilda sovutish uchun global energiya iste'moli 6200 TVt-soatga yetishi va binolardagi umumiy iste'mol ulushi 30% gacha o'sishi prognoz qilinmoqda.

Binolarni sovutish uchun elektr energiyasidan foydalanish bilan bog'liq issiqxona gazlari chiqindilari, birinchi navbatda, elektr energiyasini ishlab chiqarishda ishlatiladigan resurslarga bog'liq. Umuman olganda, dunyo bo'ylab 1 kVt-soat (gCO2 / kVt - soat) ishlab chiqarish uchun o'rtacha 505 gram karbon dioksidini ajralib chiqadi deb hisoblansa, binolarni sovutish natijasida dunyo bo'ylab 1 130 million tonna CO2 ajralib chiqadi (uzatish va tarqatish yo'qotishlarini hisobga olgan holda).[6]

O'zbekistonda 2020 yilda binolarni sovutish uchun elektr energiyasi iste'moli 2 093 mln kVt-soat yoki mamlakatda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 3,15 foizini tashkil etdi. [7] O'zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqarishda issiqxona gazlarini chiqarish koeffitsiyenti 0,532 tonna CO2-ekv/ming kVt-soat ekanligi hisobga olinsa,[8] shu yilda havoni sovutish natijasida 1,11 million tonna CO2 ajralib chiqqan (uzatish va taqsimlashdagi yo'qotishlarni hisobga olmaganda). Ta'kidlash joizki, so'nggi yillarda issiq ob-havo tufayli elektr energiyasi iste’molida o'sish kuzatilmoqda va 2022-yil 22-iyulda kuniga 237 million kVt-soat ko'rsatkich bilan tarixiy maksimal darajaga yetgan. [9]

Jahon tajribasi

Dunyo yangi ish usullariga o'tmoqda va ish beruvchilar ko'proq moslashuvchanlikni namoyish etmoqdalar.

Bunga misol qilib, har yili Yaponiya hukumati tomonidan o'tkaziladigan Cool Biz[10] tadbirini keltirish mumkin. Bunda, ofislarda ruxsat etilgan kiyim uslubini o'zgartirishni rag'batlantirish orqali energiyani tejashga erishiladi. Elektr uzilishining oldini olish maqsadida hukumat kostyum va bo'yinbog'li ishchilarga qulay haroratni yaratish uchun konditsionerlardan foydalanishga bo'lgan ehtiyojni tushirishga harakat qilmoqda. [11] 2005 yildan boshlab amalga oshirilib kelinayotgan mazkur Yaponiya tashabbusi konditsionerlarni 28 °C ga o'rnatishni va ishchilarni kostyum va bo'yinbog'lar o'rniga yengil va qulay ko'ylaklarni kiyishni rag'batlantirishni nazarda tutadi.[12] Ushbu tadbir tufayli Yaponiyada CO2 emissiyasini kamaytirish darajasi yiliga 2,5 million tonnaga yetishi taxmin qilinmoqda. [13]

Janubiy Koreya 2006 yildan Cool Biz tadbirini joriy qila boshlagan. Mamlakat atrof-muhit vazirligi issiqxona gazlari ajralmasini kamaytirish va ofis xodimlarining sog'lig'ini yaxshilash uchun ushbu uslubdagi kiyinishni targ'ib qilmoqda. Milliy ekologik tadqiqotlar institutining hisob-kitoblariga ko'ra, ushbu tadbirning qo'llanilishi mamlakatga yiliga 160-290 tonna karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish va 300 milliard von tejash imkonini beradi.[14]

2008 yilda BMT Bosh kotibi energiya sarfini kamaytirish va BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasining uglerod izini kamaytirishga qaratilgan "Cool UN" tashabbusini boshladi. Tashabbus konditsionerlardan foydalanishni kamaytirish, shu bilan issiqxona gazlari ajralishini kamaytirish va moliyaviy tejashni oshirishga qaratilgan.[15] Xodimlarga yoz oylarida qulay bo'lish uchun biznes muhitiga mos keluvchi, yengilroq, shu jumladan milliy rusumdagi kiyimlar kiyish tavsiya etiladi.[16]

Britaniya kasaba uyushmalari Kongressi bino ichidagi mehnat xavfsizligi bo'yicha mas'ullar uchun kiyinish uslubiga yengillik kiritishni ta'kidlaydi. Unda aytilishicha, ko'pincha ish beruvchilar hodimlardan bo'yinbog' va ko'ylagi kiyishni talab qilishlari uchun hech qanday sabab yo'q. Bunda, liboslar inson bajaradigan ish turiga maqbulmi yoki yo'qligi inobatga olinishi keltiriladi.[17]

Xitoyda (Shanxayning Lujiazui tumani) ham shunga o'xshash tadbir o'tkazilgan. Tadbirda ishtirok etgan 32 ta ofis binosida biznes kostyum va bo'yinbog’lar yengil kiyimlarga almashtirilgan hamda xonalardagi harorat ikki darajaga, 26°C darajaga ko'tarilgan. Hisob-kitoblarga ko'ra, tadbir bir ish haftasida butun bir oy davomida
30 000 mahalliy oilani ta'minlash uchun yetarli elektr energiyasini tejashga imkon bergan.[18]

Xulosa va tavsiyalar

"Mavsumga ko'ra kiyinish" ob-havo omilini inobatga olgan holda va qulaylik darajasidan kelib chiqib kiyinishni anglatadi. Bundan foyda, nafaqat ichki energiya iste'molini xarajatlarni kamaytiradi, balkim iqlim uchun ham foydali hisoblanadi. Xodimlar qulay haroratda ishlaydigan inklyuziv ish joyini yaratish uchun qish va yoz formalarini joriy etish maqsadga muvofiqdir. Kompaniyalar xodimlarni havo o’tkazuvchanligi yuqori bo'lgan liboslar kiyishga undashi iqtisodiy foyda keltirishi mumkinligini tushunishlari lozim.

Shuningdek, xodimlarga konditsionerga bo'lgan ehtiyojni kamaytirish orqali energiyani tejash usullari bo'yicha treninglar o'tkazish taklif etiladi. Shu bilan birga, treninglar doirasida xonalarni haddan ortiq sovutishning zarari va termostatni odatdagidan bir necha daraja yuqori o'rnatish foydalarini tushuntirishga alohida e'tibor qaratish lozim.

Sovutish samaradorligining yuqori standartlarini belgilash hukumatlar yangi elektr stantsiyalariga bo'lgan ehtiyojni kamaytirish uchun amalga oshirishi mumkin bo'lgan eng oson qadamlardan biridir.

 

Abdusattorjon Abdumuminov, 
MHTI katta ilmiy xodimi

 


[1] http://www.koreatimes.co.kr/www/news/nation/2009/08/113_50191.html

[2] https://www.mmoser.com/ideas/ditch-the-ties-to-save-the-planet-dress-codes-for-decarbonisation/

[3] https://www.ashrae.org/technical-resources/bookstore/standard-55-thermal-environmental-conditions-for-human-occupancy

[4] https://www.mmoser.com/ideas/ditch-the-ties-to-save-the-planet-dress-codes-for-decarbonisation/

[5] https://www.sciencedirect.com/science/article/pii/S2542435122000940

[6] https://iea.blob.core.windows.net/assets/0bb45525-277f-4c9c-8d0c-9c0cb5e7d525/The_Future_of_Cooling.pdf

[7] https://www.undp.org/sites/g/files/zskgke326/files/migration/uz/Report_EE_RAC_Rus_Final.pdf

[8] https://unfccc.int/sites/default/files/resource/FBURUzru.pdf

[9] https://minenergy.uz/ru/news/view/2072

[10] https://japantoday.com/category/national/cool-biz-campaign-begins-across-japan-1

[11] https://www.thegreencities.com/lifestyle/dress-code-climate-change/

[12] https://www.japantimes.co.jp/news/2020/05/01/business/cool-biz-energy-campaign/

[13] https://foreignpolicy.com/sponsored/japanus/global-commitment/

[14] http://www.koreatimes.co.kr/www/news/nation/2009/08/113_50191.html

[15] https://ourworld.unu.edu/en/cool-united-nations

[16] https://www.un.org/en/delegate/united-nations-headquarters-%E2%80%9Ccool-un%E2%80%9D

[17] https://www.tuc.org.uk/sites/default/files/TemperatureGuide.pdf

[18] http://www.china.org.cn/environment/news/2008-07/23/content_16055503.htm