Veterinariya xizmatlari rivojlanayotgan mamlakatlarda an’anaviy ravishda davlat sektori tomonidan moliyalashtiriladi, boshqariladi va taqdim etiladi. Rivojlangan mamlakatlarda veterinariya xizmatlari “iste’molchi to‘laydi” qoidasi bo‘yicha xususiy asosda ko‘rsatiladi .
Ammo rivojlanayotgan mamlakatlarda chorva mollari soni ko‘payib borayotgani va veterinariya xizmatlariga davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘lar yetishmasligi natijasida veterinariya xizmatlarini ko‘rsatish samaradorligi pasayib bormoqda.
Shunday qilib, rivojlanayotgan mamlakatlar asosan davlat tomonidan boshqariladigan veterinariya amaliyotidan asta-sekin markazlashtirmaslik, xarajatlarni qoplash, ayrim xizmatlardan voz kechish, xususiy veterinariya shifokorlarini rag‘batlantirish uchun shartnomalar tuzish va veterinariya xizmatlarini xususiylashtirishga o‘tmoqda.
Veterinariya xizmatlarini xususiylashtirish bo'yicha misol sifatida alohida mamlakatlarni ko'rib chiqamiz.
Yangi Zelandiya
Yangi Zelandiyaning chorvachilik sanoati yaxshhi rivojlangan, juda raqobatbardosh va asosan eksportga yoʻnaltirilgan. Tarmoqqa yirik va oʻrtacha kattalikdagi tijorat xo‘jaliklari kiradi. Chorvadorlar o‘rtacha darajadagi ma’lumot va daromadga ega. Fermer va veterinarlarning uyushmalari yaxshi rivojlangan.
Yangi Zelandiyaning veterinariya xizmatlarini rivojlantirish tajribasi o‘tgan asrning 30-yillarida boshlangan xususiy chorvadorlarning uyushmalari paydo bo‘lgan. Mamlakatda veterinariya bo‘yicha universitet ta’limi bo‘lmagani bois ular dastlab xorijlik veterinariya shifokorlarini ishga yollagan.
Keyinchalik ular mahalliy veterinarlarning xorijda o‘qitilishi hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlaniga va Messi universitetida veterinariya fanlari fakultetining ochilishiga erishdi.
Yangi Zelandiyaning veterinariya xizmatlari siyosati hukumat tomonidan taqdim etilmaydigan xizmatlarni o'z ichiga olgan "e’tirozli" faoliyat va "e’tirozsiz" faoliyatga bo‘linadi.
“E’tirozsiz” faoliyat o‘z ichiga tartibga solish vazifasi hamda hukumat xarajatlarni qoplashning turli shartlari asosida taqdim etadigan bir qator boshqa davlat xizmatlarini oladi.
Texnik maslahat (tarqatish), klinik va profilaktik veterinariya xizmatlari, dori-darmonlar, vaksinalar va sun’iy urug‘lantirish bilan ta’minlash "e’tirozli" xizmatlardir va hukumat tomonidan taqdim etilmaydi.
O‘tmishda Yangi Zelandiya jonivorlar o‘rtasida uchraydigan kasalliklar (masalan, yirik shoxli mollarda sil va brutsellyoz) ni yo‘q qilish bo‘yicha keng ko‘lamli va uzoq muddatli bir qancha dasturlarni amalga oshirdi. Shunga ko‘ra xususiy chorva egalari kasalliklarga qarshi kurashish majburiyatini oldi. Bunda davlat idoralari podalar va mahsulotlar ustidan qattiq nazoratni amalga oshirdi.
Faqatgina sezilarli tashqi ta’sirga ega xizmatlar bevosita hukumatning zimmasida qolmoqda. Masalan, hayvonlar va mahsulotlar sifati standartlarini nazorat qilish va sertifikatlash.
Yangi Zelandiyada davlat veterinarlariga xususiy amaliyot bilan shug‘ullanish taqiqlangan . Ular so‘rov bo‘yicha chorva mollari egalariga o‘z hududida ishlayotgan malakali xususiy amaliyot shifokorlari ro‘yxatini taqdim etishi mumkin. Binobarin, davlat va xususiy veterinariya shifokorlari o‘rtasida raqobat masalasi paydo bo‘lmaydi.
Yangi Zelandiyaning xususiy veterinariya shifokorlari kam bo‘lgan hududlarida chorva egalarining o‘zlari veterinarlarning bir qator vazifalarini bajaradi. Ular o‘zlari o‘qiydi yoki veterinar malakasi bo‘yicha o‘qitilgan yordamchilarni yollaydi. Ular diplom yoki quyi darajadagi sertifikat egalari bo‘lishi mumkin.
Barcha darajadagi paraveterinariya mutaxassislari xususiy amaliyot tashkil etilgan sohalarda sog‘lom raqobat unsurlarini ta’minlaydi, shuningdek, universitet bitiruvchisining ishlashi foydasiz bo‘lgan hududlarga xizmat ko‘rsatadi.
Keniya
1980-yillarda Afrikadagi barcha mamlakatlarning hukumatlari veterinariya xizmatlarini ko‘rsatishda xususiy sektor ishtirokini ta’minlash uchun yangi siyosat va qonunlarni ishlab chiqa boshladi.
1980-yilda Keniya hukumati veterinariya xizmatlarini ko‘rsatishning yanada barqaror usullarini topishga kirishdi. 1986-yilga kelib, tanlov asosida xarajatlarni qoplash bo‘yicha ilk tajribalar boshlandi. Chorvachilikdan aniq foyda oladigan fermerlar xizmatlar haqini to‘liq to‘lashi kerak edi. Shu bilan birga, resurslari kam bo‘lgan fermerlar subsidiyalangan xizmatlardan foydalanishda davom etdi.
1988-yilga kelib, turli zootexnika ta’lim muassasalarini tamomlagan mutaxassislar uchun davlat sektorida kafolatlangan bandlik bekor qilindi. Bu esa ularning xususiy amaliyotga o‘tishini rag‘batlantirdi.
1991 yilda Keniyada sun’iy urug‘lantirish xizmatlari xususiylashtirildi. Dala xizmatlarini xususiylashtirish xizmatlarning xususiy veterinarlar, sut kooperativlari, fermer tashkilotlari va yakka tartibdagi fermer xo‘jaliklari tomonidan ko‘rsatilishiga olib keldi. Bunda sun’iy urug‘lantirish bilan bog‘liq xususiy xizmatlarning katta qismi sog‘in sigirlarning zichligi yuqori bo‘lgan hududlarda to‘plandi.
Bu yo‘nalishda birinchi xususiy xizmatlar markaziy va sharqiy provinsiyalarda taklif qilindi. 1995-yilga kelib, barcha provinsiyalarda sun’iy urug‘lantirish bo‘yicha xususiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi.
1994-yilda Keniya veterinariya assotsiatsiyasi (KVA) a’zolarga xususiy asosda ish boshlash uchun kreditlar berish maqsadida xususiylashtirish sxemasini (Keniya veterinariya assotsiatsiyasining veterinariyani xususiylashtirish sxemasi) ishga tushirdi.
Sxemaning birinchi bosqichi (1994-1996 yillar) muvaffaqiyatli, deb topildi. Chunki kreditlar 100 foiz qaytarildi. Loyihaning ikkinchi bosqichi (1997-yildan ) kredit olish uchun arizalar sonining kamligi bilan ajralib turdi. Bu esa bir birlikka to‘g‘ri keluvchi kreditlarni rasmiylashtirish qiymatining oshishiga olib keldi. Ushbu bosqichda kreditlarni qaytarishda defoltlar kuzatildi.
Keniya hukumati xarajatlarni taqsimlash va sektorni xususiylashtirishni kuchaytirish doirasida para-veterinarlar uchun maxsus kredit sxemasini ham yaratdi. Mototsikllarni imtiyozli narxda sotib olish uchun kreditlar ajratildi. Kreditni qaytarish muddati 3 yil edi.
Natijada, 1995-yilga kelib, Keniya veterinariya kengashi tomonidan jami 154 ta xususiy klinika ro‘yxatga olindi.
1997-yil mart oyida hukumatlar ko‘rib chiqishi uchun xususiylashtirish bo‘yicha dunyo tajribasi, FAOning texnik maslahati asosida qo‘llanma sifatida mo‘ljallangan veterinariya xizmatlari ro‘yxati ishlab chiqildi. Ushbu ro‘yxatda veterinariya xizmatlari 3 guruhga bo‘lingan.
1. Davlat sektori javobgarligi ostidagi, lekin davlat boshqaruvi tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilmasligi shart bo‘lgan xizmatlar:
2. Davlat va xususiy sektor javobgarligi ostidagi xizmatlar:
3. Xususiy sektor javobgarligi ostidagi xizmatlar:
|