So‘nggi yillarda ishlab chiqaruvchilar va aholi tomonidan elektr energiyasiga bo‘lgan talab ortib bormoqda. Uni qondirish maqsadida quyosh va shamol energiyasidan keng foydalanilayapti. Quyosh panellarini o‘rnatish va undan energiya olishning o‘ziga xos talablari mavjud. Odatda, energiya ishlab chiqarish va iste’molchiga yetkazishdagi xarajatlar va yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida quyosh panellari iste’molchiga yaqin hududga joylashtiriladi. Afsuski, bunday maydonlarning yetarli emasligi quyosh panellarini joylashtirish uchun muqobil maydonlarni qidirishga olib keladi hamda quyosh panellarini o‘rnatish imkoniyatini cheklashi mumkin.
Aholi punktidan uzoqqa joylashtirish esa ishlab chiqarilgan energiyani uzoq masofaga uzatishda energiya yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi va u elektr energiyasi narxining oshishiga olib keladi.
Ushbu muammoni hal etish bo‘yicha rivojlangan mamlakatlar qanday tajribaga ega?
Rivojlangan mamlakatlarda quyosh panellarini aholi punktiga yaqin bo‘lgan suv o‘tkazuvchi kanallar sahniga (yuzasiga) joylashtirish tajribasi mavjud. Bunda quyosh panellari ma’lum konstruksiya yordamida kanal sathidan
1,5 metrdan 4,5 metrgacha bo‘lgan balandlikda joylashtiriladi.
Masalan, Gollandiyada Solar Canals loyihasi doirasida sug‘orish kanallari sahniga 73 ming dona quyosh panellari o‘rnatilgan va bir yilda 27 million kilovatt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Loyihani amalga oshirish qiymati 50 million yevroga teng bo‘lgan.
Xuddi shunday ishlar AQShning Kaliforniya, Hindistonning Gujarat shtatlarida (Sardar-Sarovar kanalida) amalga oshirilgan.
Ushbu tajribani O‘zbekistonda ham qo‘llasa bo‘ladimi?
Respublikamizdagi sug‘orish kanallari ustiga quyosh panellarini o‘rnatish imkoniyatlari qay darajada?
Respublikamiz suv xo‘jaligi tizimidagi sug‘orish kanallarining umumiy uzunligi 29,7 ming kilometrni tashkil etadi. Agar kanallarning eni shartli ravishda o‘rtacha 3 metr, deb hisoblansa, quyosh panellarini joylashtirish uchun qariyb
8,9 ming gektar (89,1 mln.kv.m) bo‘sh maydon mavjud.
Mavjud texnologiyalar yordamida 1 kvadrat metr quyosh paneli orqali soatiga kamida 200 vatt elektr energiyasini ishlab chiqarish mumkin. Agar yil davomida 300 quyoshli kunda o‘rtacha 8 soatdan elektr energiyasi ishlab chiqariladi, deb hisoblansa, 1 kvadrat metr maydonda yil davomida 480 kVt elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin.
Demak, sug‘orish kanallarining yuzasidagi 89,1 mln. kvadrat metr bo‘sh maydonda yiliga 42,8 mlrd.kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish mumkin.
Davlat byudjetidan irrigatsiya tizimlarini loyihalash, qayta jihozlash va kapital (sug‘orish kanallari, ariqlarni) ta’mirlash uchun 1 trln. 250 mlrd. so‘m ajratiladi. Davlat-xususiy sheriklik asosida quyosh panellarini o‘rnatish esa byudjet xarajatlarining bir qismini qoplaydi.
Albatta, bu raqamlar nazariy bo‘lib, har bir loyihada qo‘llanadigan muhandislik yechimlaridan kelib chiqqan holda o‘zgarishi mumkin.
Quyosh panellarini sug‘orish kanallari sahniga joylashtirishning ijobiy tomonlari:
-
aholi punktlariga yaqin kanallarda quyosh panellarining o‘rnatilishi yer resurslari tejamkorligini ta’minlaydi;
-
quyosh panellari qiymati nisbatan arzon va bo‘sh turgan maydonga joylashtiriladi;
-
elektr energiyasini ishlab chiqarish xarajatlari va uni yetkazishdagi yo‘qotishlar kamayadi;
-
suv sahnini quyosh nuridan himoyalaydi va sug‘orish tizimlarida katta miqdordagi suv bug‘lanishining oldi olinadi;
-
kanallardagi tozalash va ta’mirlash xarajatlari nisbatan qisqaradi.
-
quyosh panellari o‘rnatilgan kanallar, zovurlar, ko‘llarning konstruksiyaviy texnik holati doimiy monitoringda bo‘ladi;
-
kanallarni rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, qayta jihozlash hamda qirg‘oq bo‘ylarini obodonlashtirish uchun qo‘shimcha moliyaviy mablag‘ shakllanadi.