Мақолалар ва тезислар 13 март 2024 4 daq 1790
Yer islohotlari: jahon mamlakatlari tajribasi (2-qism)

Yer islohotlari: jahon mamlakatlari tajribasi (2-qism)

Yer islohotlari: jahon mamlakatlari tajribasi (2-qism)
Мақолалар ва тезислар · 13 март 2024

 

Chexiya

Chexiyada (o‘sha paytdagi Chexoslovakiyada) yer islohotlari 1991-yilda “Yer to‘g‘risida”gi qonun va 1992-yilda “Jamoa xo‘jaliklarining o‘zgarishi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandan keyin boshlandi.

Yer islohotlarini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad 1948-yilda kommunistik hukumat hokimiyat tepasiga kelishidan oldin bo'lgani kabi mulkchilik tuzilmasini tiklash edi. Bu tuzilma 1946-1947 yillarda amalga oshirilgan yer islohotlaridan keyin yuzaga kelgandi.

Kooperativ a’zolarining yerlari va boshqa mulklari ko‘pincha rasmiy ravishda ekspropriatsiya qilinmagani sababli, 1991-yildan keyin ko‘p hollarda qonuniy mulkdorlar va ularning merosxo‘rlari o‘z yerlariga ularni kooperativ xo‘jaliklaridan norasman olib qo‘yish orqali egalik qilishi mumkin edi.

Yer ko‘p hollarda sobiq mulkdorlardan rasman olib qo‘yilgan sovxozlarda esa uni o‘z egalariga qaytarish jarayoni rasmiy va qonuniy tarzda amalga oshirildi. Yer fondi 1992-yilda tashkil etilgan bo‘lib, yerlarni qaytarish jarayonining dastlabki bosqichida sovxozlar ixtiyoridagi  davlat qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqarish fond nazoratiga o‘tkazildi.

Faqat Chexiya fuqarolarigina yerni qaytarib olish huquqiga ega edi va dastlab restitutsiya mamlakatda doimiy yashovchilar uchun ham cheklangan edi. Oxirgi cheklov Konstitutsiyaviy sud tomonidan 1995-yilda bekor qilindi.

Aksariyat hollarda davlat qishloq xo‘jaligi yerlarini qaytarish  tartibi ma’muriy xarakterga ega edi. Agar Yer fondi da’voni qabul qilgan bo‘lsa, yer qaytarilar va yerga egalik huquqi qayd etilardi.

Da’voning qonuniyligi yoki ko‘lami bo‘yicha kelishmovchilik bo‘lgan hollardagina Qishloq xo‘jaligi vazirligi yoki Sud aralashardi. Agar yerni qaytarishning imkoni bo‘lmasa, uning egasiga kompensatsiya to‘lanardi.

Natijalar

1991-yildan 2003-yilgacha bo‘lgan davrda yerni qaytarish bo‘yicha 231 mingta da’vo arizasi kiritilgan va ularning 98,6 foizi 2003-yil oxiriga kelib qanoatlantirilgan.

1948-yilgacha Chexiya Respublikasida o‘ratcha qishloq xo‘jaligi yer uchastkasi 0,4 gektarni tashkil etardi. Chexiya Respublikasidagi yer islohotlari ana shu tarqoq mulk tuzilmasining tiklanishiga olib keldi.

Yer islohotlaridan keyin yerini qaytarib olgan ko‘pchilik mulkdorlar qishloq xo‘jaligiga qiziqmasdi. Mulkchilikning tarqoqligi va umumiy mulkchilikning keng tarqalganligi sababli amalda ular ko‘pincha faqat hududdagi jamoa xo‘jaligi yoki sovxoz o‘rnini bosgan yirik shirkat xo‘jaliklariga yerlarni ijaraga berishni davom ettirishi mumkin edi.

2005-yilda qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan umumiy yerlarning 86 foizi mulkdorlardan ijaraga olingan. 2007-yilda 0,45 million gektarga yaqin (yoki foydalanilgan qishloq xo‘jaligi yerlarining 13 foizi) yer fondi tasarrufida qoldi.

Slovakiya

Slovakiyada (o‘sha paytdagi Chexoslovakiya) yer islohotlari 1993-yilda ikkala mamlakat tashkil etilgunga qadar xuddi Chexiyadagi kabi yo‘ldan bordi.

Yer islohotlarini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad 1948-yilda kommunistik hukumat hokimiyat tepasiga kelishidan oldin bo‘lgani kabi mulkchilik tuzilmasini tiklash edi. Bu tuzilma 1946-1947 yillarda amalga oshirilgan yer islohotlaridan keyin yuzaga kelgandi.

Davlatga qarashli qishloq xo‘jaligi yerlari rasman qaytarildi. O‘z mulkini qaytarib olish uchun rasmiy ariza berishning oxirgi muddati 1993-yil yanvar oyining oxiri edi. Talabnomaga javob berish va mulkni qaytarish bo‘yicha shartnoma tuzish uchun yerning amaldagi egasi ixtiyorida (ko‘pincha kooperativ xo‘jalik yoki davlat) 60 kun bor edi.

Hammasi bo‘lib yerning 124 mingga yaqin dastlabki egalari 180 ming gektar yer maydonini qaytarib berishni talab qildi. Da’vo qilingan yerning o‘lchami o‘rtacha 2 gektardan kamroq edi.

1993-yil boshiga qadar kooperativlar ochiq mulkchilik munosabatlariga ega xususiy yuridik shaxslarga aylanishi kerak edi. Ko‘pincha amalda oldingi sotsialistik kooperativlarning qishloq xo‘jaligi faoliyatini o‘z yerlarini qaytarib olgan yoki yerga egalik huquqini restitutsiya yo‘li bilan qo‘lga kiritgan xususiy mulkdorlar bilan ijara shartnomalari orqali davom ettirayotgan yangi "xususiy" kooperativlar tuzilardi.

Natijalar

Slovakiya qishloq xo‘jaligi tuzilmasida sotsialistik kooperativlar o‘rnini bosgan yirik korporativ xo‘jaliklar to‘liq hukmronlik qilishda davom etdi. 2005-yilda qishloq xo‘jaligi yerlarining 91 foizini ijaraga olingan yerlar tashkil etardi.

Slovakiyadagi yer islohotlari o‘rtacha o‘lchami 0,45 gektarga teng bo‘lgan qishloq xo‘jaligi yer uchastkalari va har bir uchastkaga o‘rtacha 12-15 tadan sherik mulkdorlar to‘g‘ri keladigan juda tarqoq mulkchilik tuzilmasining tiklanishiga olib keldi.

Yerga birgalikda egalik qilish odatda yer bozorini rivojlantirish uchun qiyinchilik tug‘diradi. Chunki barcha sheriklarning roziligi zarurligi sabab yerni tasarruf etish mumkin emas. Shunday qilib, yeralrni kooperativ va sovxozlar o‘rnini egallagan yirik fermer xo‘jaliklariga ijaraga berish davom etdi. Bundan tashqari, Slovakiyada qishloq xo‘jaligi yerlarining noma’lum egalari bilan jiddiy muammolar mavjud edi.

2006 yilga kelganda qishloq xo‘jaligi yerlarining 7 foizi davlat mulki sifatida, 23 foizga yaqini esa noma’lum mulkdorlar mulki sifatida qolgandi. Biroq ularning ikkalasi ham Yer fondi tomonidan boshqarilar va ko‘pincha yirik korporativ fermer xo‘jaliklariga ijaraga berilardi. Davlat yerlari sotish yo‘li bilan xususiylashtirilishi mumkin edi, lekin bu mulk egasi noma’lum bo‘lgan yerlarga taalluqli emasdi.

 

Darya Ilina,
MHTI loyiha rahbari

Aleksey Kim,
MHTI yetakchi ilmiy xodimi